19 yanvar kuni reja qilinganidan 3 soat kechikib bo‘lsa-da, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amalga osha boshladi. Har ikki tomon sulhni o‘zining g‘alabasi deb ko‘rsatishga intildi, ammo bu haqda keyinroq gaplasharmiz. Hozir asirlarni almashuv jarayoni qanday kechganiga e’tibor beramiz.
G‘azodan Isroilga
Demak, sulhda kelishilgan talablarni bajarishni HAMAS boshladi. 19 yanvar kuni 24 yoshli Romi Gonen, 28 yoshli Emili Damari va 31 yoshli Doron Shteynbrexerni Isroilga qaytardi. HAMAS asirlarni xalqaro «Qizil Xoch» jamiyati shifokorlariga topshirdi. Jarayon G‘azo xarobalarida o‘tdi va uni minglab falastinliklar kuzatib turdi. Bu sulhning boshlanishi bo‘lgani uchun ular bayramona kayfiyatda edi.
Bu jarayonni, albatta, tomosha qilishingiz kerak, shu uchun videoda aynan o‘sha kadrlarni ko‘rsatganmiz. Asirlarni olib kelgan HAMASchilarga e’tibor bering. Videolarda ular guruhning elit bo‘linmasi jangchilari ekani aytiladi, ya’ni HAMAS «spetsnazi». Ularning soni juda ko‘p. Endi ular minib kelgan mashinalar, minivenlarga qarang: Hyundai, Kia, ba’zi mashinalar Fordʼga ham o‘xshaydi.
Endi savol paydo bo‘ladi: Isroil G‘azoda 50 mingga yaqin 7 oktyabrdagi hujumga hech qanaqa aloqasi bo‘lmagan tinch aholi vakillari, 17 mingdan ortiq norasida bolalarni o‘ldirib, kimga qarshi urush qildi o‘zi? Netanyahu ma’muriyati HAMAS yakson qilingani haqida bir necha bor bayonot berdi, lekin yakson qilingan HAMASning ikki metrli jangchilardan iborat «elit brigadasi» qayerdan paydo bo‘ldi? Va yana o‘sha savol: G‘azoda har qanday infratuzilma, aloqa vositalari ishlashiga imkon beradigan tarmoqlar yo‘q qilingan bir vaqtda HAMASning sahifalari bu jangchilar haqida videolarni qanday e’lon qilmoqda? Isroil kimga qarshi urushdi axir?
Olomon asirlar almashiladigan vaqtda nazoratdan chiqib ketdi, chunki ularni mashinalarga yaqinlashtirmaslik uchun politsiya yoki boshqa xizmatlar yo‘q edi. Bu ishni miltiq ko‘targan HAMASchilar bajargandek bo‘ldi, ammo ular ham olomonni to‘xtatib qololmadi. G‘azoliklar HAMAS va «Qizil Xoch» mashinalari ustigacha chiqib ketishdi.
Asirlar «Qizil Xoch» mashinasiga o‘tirayotganda HAMASchilar ularni jonli devor bo‘lib o‘tkazib yubordi. Mashina jo‘nab ketgach, g‘azoliklar HAMAS jangchilarini olqishladi, Yahyo Sinvar nomini ulug‘lab hayqirishdi, jangchilar bilan rasm tushdi. Asirlarni olib kelgan guruh vakillarining barchasi yuzini bog‘lab olgandi.
Keyinroq HAMAS ham o‘z sahifasida almashuv videosini e’lon qildi. Unda asirlar mashinaga olib chiqilayotgan holat ham ko‘rsatilgan. Bu videolarda olomon ko‘rinmaydi, tabiiyki asirlar ko‘zdan pana joyda saqlangan. HAMAS e’lon qilgan kadrlarda uch isroillik qiz yaxshi kayfiyatda mashinaga o‘tirgan. HAMASchilar ularga bittadan qog‘oz sumka bergan. Aftidan, uning ichida qandaydir sovg‘a-salomlar yoki biror kimga yozilgan xat bo‘lgandir.
Asirlarni TSAHAL maxsus kuchlari va Shin-Bet zobitlari qabul qilib, Isroilga olib ketishdi. Asirlar G‘azoga yaqin bo‘lgan Reim harbiy bazasida oila a’zolari bilan ko‘rishgan.
Isroil qamoqxonalaridan Falastinga
HAMAS asirlarni qo‘yib yuborgach, Isroil kelishuvga ko‘ra o‘z qamoqxonalarida saqlanayotgan 90 nafar falastinlikni ozod qildi. Ular almashuvdan avval Quddusdagi Ofer qamoqxonasiga olib borildi.
Isroil o‘z qamoqxonalaridan qanday falastinliklarni qo‘yib yuborganiga diqqat qiling: 69 nafar ayol kishi, ular orasida voyaga yetmagan qiz bola ham bor va 12 erkak. Voyaga yetmagan qiz nima ish qilgan bo‘lishi mumkinki, u Isroil qamoqxonasiga tashlangan va asirlarga almashilmoqda?
Isroil qo‘yib yuborgan 78 mahbus G‘arbiy sohilga, 12 nafari esa Sharqiy Quddusga yuborilgan. Bu almashuv HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishuvning birinchi bosqichi doirasida amalga oshdi. Biz bu jarayonni diqqat bilan kuzatib boramiz va e’tiborga molik holatlardan, albatta, sizni boxabar qilamiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.