O‘zbekiston | 14:41 / 18.01.2025
26099
3 daqiqa o‘qiladi

“Yo‘lovchi ovozini ko‘tarib, janjal chiqargan” – Wizz Air Kusherbayev masalasi yuzasidan munosabat bildirdi

Rasul Kusherbayev Samarqand–Abu-Dabi reysida duch kelgan muammoli holat yuzasidan Kun.uz e’lon qilgan materialga aviakompaniya munosabat bildirdi. Wizz Air'ga ko‘ra, yo‘lovchi aviakompaniya qoidalariga amal qilmagan, yonidagilarni muhokamaga aralashishga undagan, ekipaj a’zolarini O‘zbekistonni hurmat qilmaslikda ayblagan. Aviakompaniya bunday vaziyatda xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ygani uchun o‘z xodimlariga minnatdorlik bildirgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev Samarqanddan Abu-Dabiga uchayotganida tasodifan favqulodda chiqish eshigi oldida o‘tirganini, ekipaj a’zolari unga bu o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchining majburiyatlarini tushuntirganda tushunmay qolganini aytib chiqqandi. Kusherbayev bort kuzatuvchisidan qoidalarni o‘zbek yoki rus tilida eslatishini so‘ragach, ekipaj a’zolari undan bortni tark etishni so‘ragan. Biroq aviakompaniya ishlash tizimi qoidalarni o‘zbek tilida tushuntirib berish majburiyatini o‘z ichiga olmaydi. Muammoli vaziyatdan so‘ng Kusherbayev aviakompaniya ustidan prezident portaliga shikoyat qilganini bildirgandi.

Wizz Air kompaniyasi Kun.uz'ga xat yo‘llab, voqea yuzasidan ichki surishtiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ko‘rilgan choralar ham ichki qoidalar, ham xalqaro me’yorlar, favqulodda chiqish eshigi oldida o‘tirish majburiyatlari, xavfsizlik qoidalariga mos. Yo‘lovchi ingliz tilida gapirishi va tushunishi kerak edi, deyiladi munosabatda.

Bundan tashqari, ekipaj bortda so‘zlashuv qoidalaridan kelib chiqib, faqat ingliz va arab tillarida tushuntiradi. Kompaniya Kusherbayev talab qilgan rus, o‘zbek yoki rasman belgilanmagan tillarda so‘zlashish uchun hech qanday mas’uliyatni olmagan.

Wizz Air rasmiy munosabatida kelishicha, yo‘lovchi ingliz tilini bilmayman desa-da, qoidalarni tushunganini tasdiqlagan. Muammoning jiddiylashishi til bo‘yicha asossiz talab ortidan kelib chiqqan. Wizz Air xodimlari yo‘lovchilar xavfsizligi va qulayligini birinchi o‘ringa qo‘yadi, professionallik va madaniy sezgirlik bilan vaziyatga yondashadi, deydi aviakompaniya.

Ma’lum qilinishicha, Kusherbayev muloqot chog‘ida ovozini ko‘targan, boshqa yo‘lovchilarni ham muhokamaga jalb qilishga uringan, ekipaj a’zolarini esa O‘zbekistonni hurmat qilmaslikda ayblagan. Bort kuzatuvchilari vaziyatni yumshatish uchun harakat qilganiga qaramay, yo‘lovchi muhokamani yana jiddiylashtirgan. Wizz Air itoatsiz harakatlarni qabul qilmaydi, deb yoziladi rasmiy xatda.

Manzilga yetib borilgach, voqeani hujjatlashtirish uchun Abu-Dabi politsiyasiga murojaat qilingan. Kusherbayev ekipaj a’zolaridan uzr so‘ragani aytilmoqda.

“Wizz Air Abu-Dabi amirligi qonunchiligi bo‘yicha ishlaydi, xalqaro xavfsizlik standartlariga amal qiladi. Ekipajimizning har bir xatti-harakatini oqlaymiz, xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ygani uchun ularga minnatdorlik bildiramiz”, deydi aviakompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Anastasiya Novak.

Mavzuga oid