O‘zbekiston | 20:39 / 18.01.2025
7754
12 daqiqa o‘qiladi

Hujjatsiz telefonga boj, “ibratli” sudyaga mukofot, Toshkentga mingta avtobus - hafta dayjesti

Yana IMEI mashmashasi: deklaratsiyasiz olib kirilgan telefonlarga boj solinmoqda. Piskentda navbatdagi hangoma: 20 daqiqada 8 ta mashina tekshirib bo‘lindi. Transport vaziri va’da berdi: Toshkentga yana mingta avtobus olib kelinadi. Endi O‘zbekistonning arab dunyosida ham strategik sherigi bor. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Deklaratsiyasiz telefon olib kirganga – boj

Boshog‘riqqa aylangan UzIMEI tizimi sabab O‘zbekistonda telefonlar narxi oshadimi? Oxirgi kunlarning shov-shuvli savollaridan biri aynan shu. Bir necha oy oldin xorijdan telefon olib kirishda qo‘shimcha byurokratik talab kuchga kirgan bo‘lsa-da, telefonlar narxi oshadi deyishga hozircha asoslar yetarli emas. Bu haqda biroz keyinroq to‘xtalamiz, hozir esa yangilikning o‘ziga e’tibor qaratsak.

Ma’lum bo‘lishicha, endilikda telefon, planshet kabi mobil qurilmalarni IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun xorijga chiqib kelgan bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Jismoniy shaxslar o‘zi bilan yangi telefon olib kirayotgan bo‘lsa, bojxona punktida deklaratsiya to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Aks holda, keyinchalik qurilmaning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish paytida registratsiya to‘lovidan tashqari, bojxona bojini ham to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu tartib aslida Vazirlar Mahkamasining 2023 yildagi qarorida belgilangan. Lekin bojxona organlari va UzIMEI tizimi o‘zaro integratsiyani o‘tgan yili oktyabrda yakunlagan va shu vaqtdan boshlab, deklaratsiya to‘ldirmasdan olib kirilgan mobil qurilmalarni UzIMEI'dan o‘tkazishda qurilma bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj undirish boshlangan. Masalan, 1200 dollarlik iPhone 16 Pro Max uchun boj miqdori 360 dollarni tashkil etishi mumkin. Bunga qo‘shimcha, 75 ming so‘mlik UzIMEI to‘lovi ham bor.

Telefonlar narxi oshishi haqidagi xabarlarda yetarlicha asos yo‘qligiga kelsak. Yuqorida aytilgan holat chet eldan o‘zi bilan telefon olib kirgan, lekin yangilikdan bexabarligi uchun ortiqcha xarajatga tushgan vatandoshlarni asabiylashtirishi tayin, lekin umumiy telefon bozorida biror o‘zgarishga sabab bo‘lmaydi. Smartfonlarning nolegal importi va fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari savdosiga chek qo‘yilishigina narxlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Piskentdagi tekshiruvlar tezlashib ketdi

UzIMEI bilan birga, UzTest mashmashasi ham davom etyapti. Tashkilot bayonot bilan chiqib, Piskentdagi poligonda import avtomobillarni sinovdan o‘tkazish tezlashtirilishi, texnik ko‘rik vaqti 20 daqiqadan 15 daqiqachaga qisqartirilishini ma’lum qildi. Natijada laboratoriyada kuniga 96 ta avtomobil sinovdan o‘tkaziladi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili kuniga o‘rtacha 204 ta avtomobil import qilingan. Ya’ni mavjud talab laboratoriyaning quvvatidan 2 barobarga ko‘p. Bundan kelib chiqilsa, vaqt o‘tishi bilan navbatlar faqat uzayib boraveradi.

UzTest'ning bayonotidan bir necha kun o‘tib, autodeklarant Telegram-kanali qiziq holat haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Piskentdagi texnik ko‘rik haqiqatan ham ancha tezlashib ketgan. “20 minutda 8 ta avtomobilni tekshirib bo‘lishdi. Bizni tekshiruvchilarni ko‘rsa, Xitoy ham hayratlansa kerak”, deya yozdi kanal muallifi. Ro‘y bergan holat unda quyidagicha savolni uyg‘otgan: “O‘zi tekshirishadimi yoki faqat pul qilish uchun qilinganmi bu?”

UzTest qanday qilib 20 daqiqa ichida 8 ta avtomobilni tekshirib ulgurganiga hozircha izoh bermadi. Laboratoriya ochilganidan beri shu paytgacha o‘zi birorta avtomobilda nuqson aniqlandimi-yo‘qmi, bu savolga ham javob yo‘q. Yana bir javobsiz savol quyidagicha: laboratoriyaning quvvati mavjud talabdan karrasiga kamligi sharoitida, to‘xtovsiz uzayib boradigan navbatlar muammosini hal qilish bo‘yicha mas’ullarda biror reja bormi o‘zi?

Uch marta sudlangan mansabdor yana sudlanadigan bo‘ldi

Korrupsioner hokim yordamchilaridan navbatdagisi Toshkent shahrida ushlandi. Rasmiy xabarga ko‘ra, Uchtepa tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi bo‘lib ishlovchi shaxs do‘kon ochmoqchi bo‘lgan fuqaroga 2 sotix yerni auksionda yutib, nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan va buning evaziga 30 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. E’tiborlisi, u avval ham talon-toroj, firibgarlik va mansabini suiiste’mol qilish moddalari bilan naq 3 marta sudlangan.

Kamida uch marta korrupsiyada ayblangan odamga juft bo‘lsin degandek to‘rtinchi marta ham imkoniyat yaratib berilgan ekan, bir narsani taxmin qilish mumkin: agar buzuq tizim tuzatilmasa, bu shaxs hali beshinchi va undan keyingi imkoniyatlardan ham umidini uzmasa bo‘ladi. Mansabdorning davlat ishidagi karerasiga uzil-kesil nuqta qo‘yilishi uchun naq uch marta sudlanishning ham yetarli bo‘lmayotgani achinarli.

Bu masalada oxirgi misollardan yana biri – Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev. U hokim bo‘lgan vaqtida qabuliga kelgan avomga poygakdan joy bergani bilan internetda mashhur bo‘lgan, shu harakati uchun ishdan olingandi. Keyinchalik sud hukmi bilan korrupsioner deb topilib, axloq tuzatish jazosini olgan. Shunga qaramay, Egamberdiyev bugungi kunda viloyat miqyosidagi tashkilotga rahbarlik qilmoqda. U kvazi-davlat tashkilotlari qatorida sanaladigan Kasaba uyushmalari federatsiyasining Andijon viloyati kengashi raisiga aylangan.

Bu hafta jamoatchilik e’tiborini tortgan davlat xizmatchilaridan yana biri – sudya. Yodingizda bo‘lsa, bir necha oy oldin Namangan viloyati sudi bir xil jinoyat sodir etgan ikki shaxsga ikki xil jazo tayinlagan: oddiy fuqaroni qamab, xuddi shunday jinoyat qilgan Pop tumani hokimining o‘g‘lini ozodlikka chiqargandi. Holatga Kun.uz e’tibor qaratishi ortidan, ish qaytadan ko‘rilib, o‘g‘rilikda ayblangan hokimning o‘g‘li qamoqqa qaytarilgan edi. O‘shanda uni ozod qilgan apellyatsiya instansiyasi sudiga Avazbek Inomov raislik qilgan. Ne tongki, kuni kecha Sudyalar oliy kengashi 18 nafar sudya qatorida aynan Avazbek Inomovni ham “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirladi.

Toshkentga yana 1000 ta avtobus olib kelinadi

Yil oxirigacha Toshkent shahri uchun yana mingta avtobus sotib olinadi. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishdan keyin transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi. Yangi avtobuslar partiyasining olib kelinishi, 2023 yilda sotib olingan mingta va ungacha foydalanishda bo‘lgan 800 ta avtobus bilan birga, poytaxt jamoat transportida yangi yo‘nalishlarni ochish, mavjudlarida intervalni qisqartirish imkonini beradi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha avtobus bekatlarida QR-kodli chipta xarid qilish uchun 675 ta infokiosk o‘rnatish reja qilingan. Natijada infokiosk bilan ta’minlangan bekatlar soni qariyb 1500 taga yetadi. Umuman, poytaxt jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur qabul qilinishi, 1 fevralgacha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Bu o‘rinda, viloyatlar-chi degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘tgan yilgi davlat dasturiga asosan, Nukus shahri va viloyatlar markazlari uchun tabiiy gazda yuradigan 900 ta avtobus sotib olinishi kerak edi. Transport vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, bu topshiriq yuzasidan 820 dona avtobusni xarid qilish buyicha ishlab chiqaruvchi zavodlar bilan shartnoma imzolangan, shundan 493 ta avtobus O‘zbekistonga olib kelingan. “Qolganlari ham kelishda davom etmoqda. Bundan tashqari, 2024 yilda hududlarga 500 dona mikroavtobus olib kelindi”, – deya ma’lum qildi vazirning matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

BAA – O‘zbekistonning arab dunyosidagi birinchi strategik sherigiga aylandi. Ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya prezident Shavkat Mirziyoyevning Abu-Dabiga tashrifi vaqtida imzolandi. Sun’iy intellekt, raqamlashtirish, yashil energetika, shaharsozlik va turizm o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari deb belgilandi. 2030 yilgacha o‘zaro savdoni 10 barobarga oshirish, investitsiya portfelini 50 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi. Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan selektorda ma’lum qilinishicha, u investitsiya jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Mahmudaliyev Sirdaryoni 2022 yil noyabr oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Uning o‘rnida kim ish boshlashi hozircha ma’lum emas.

Humo to‘lov tizimi 65 mln dollarga sotildi. Xaridor – o‘tgan yili xususiylashtirilgani ma’lum bo‘lgan Paynet kompaniyasi. Bank bozorida muhim o‘ringa ega Humo'ning ikkita bank bilan affillangan kompaniyaga sotilgani haqidagi izohlar ortidan, Paynet bayonot e’lon qilib, halol raqobat tamoyillariga sodiqligini ma’lum qildi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Humo'ni sotib olish bitimi rasmiy e’lon qilinganidan bir necha hafta avvalroq tuzilgan. Bitim qiymati Paynet'ning sof aktivlari qiymatidan uch barobarga yuqoriligi e’tiborga molik.

Samarqand shahrida o‘ndan ortiq kishi qo‘lbola spirtdan zaharlanib vafot etgani aytilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular mahalladagi do‘konlardan birida yashirincha sotilgan spirtdan iste’mol qilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Turkiyaning Istanbul shahrida 17 nafar o‘zbekistonlik qalbaki alkogoldan zaharlanib halok bo‘ldi. Konsulxonaning shanba kungi axborotida yana 5 vatandosh shifoxonada ekani ma’lum qilingan. Umuman, Turkiya bo‘ylab alkogoldan zaharlanganlar jami 90 ga yaqin, shundan qariyb 40 nafari vafot etgan. Holatga aloqadorlikda gumonlanib ikki turkmanistonlik qo‘lga olingan.

Uzbekistan Airways'ning Buxoro–Moskva reysida favqulodda hodisa ro‘y berdi. 15 yanvar kuni Airbus A320 samolyoti manzilga yetib borib, Vnukovo aeroportiga qo‘nayotganida dvigatellardan biri ishdan chiqqan. Kompaniya xabariga ko‘ra, ekipaj tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, qo‘nish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Havo kemasi bortida 132 yo‘lovchi bor edi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 14 yoshga to‘lgan samolyot Vnukovodagi tiklash ishlaridan keyin parvozlarga qaytib, keyingi 3 kun ichida 6 ta reysni amaga oshirgan.

Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ozodlikka chiqdi. Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, 74 yoshli mahkum salomatligidagi muammolar tufayli Jinoyat kodeksida belgilangan tegishli tartib asosida ozod qilingan. Eslatib o‘tamiz, 2023 yil dekabr oyida hibsga olingan Salim Abduvaliyev o‘tgan yili o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mafkura bo‘yicha siyosiy arbob Ra’no Abdullayeva vafot etdi. O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy komitetining mafkura masalalari bo‘yicha kotibi bo‘lgan Ra’no Abdullayeva 12 yanvar kuni, 89 yoshida vafot etdi. Siyosatchi 1970-80-yillarda O‘zbekistonda eng katta ta’sirga ega shaxslar qatorida bo‘lgan, mamlakatning bosh ideologi edi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid