Xitoyning tarixiy Sian shahrida daraxt shaklidagi vertikal park qurildi. Inshoot muallifi Heatherwick Studio, deb yozmoqda New Atlas nashri. Barglarni eslatuvchi zinapoyali ayvonlarga ega minora tashrif buyuruvchilarga panoramali manzaradan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Xi’an Tree(“Sian daraxti”)ning balandligi 57 metrni tashkil etadi. Unda 56 ta terrasa va kaskad bog‘lar bor. Parkda Ipak yo‘lidagi Alp tundrasidan tortib quruq dashtlargacha bo‘lgan tabiatning xilma-xilligini namoyish etuvchi o‘simliklar o‘tqazilgan. Eng yuqori qismida esa bog‘ joylashgan.
“Botanika bog‘i kabi, har bir bo‘lim o‘zida noyob o‘simliklar xilma-xilligini jamlagan bo‘lib, ularning aksariyatini siz ilgari hech qachon ko‘rmagansiz. Yuqoridan turib, Sianning yangi va eski qismlari uyg‘unlashib ketgan manzarasini kuzatishingiz mumkin”, — deb ta’kidlaydi Heatherwick Studio.
Daraxt shaklida yaratilgan park va butun hududning dizayni Siandagi mashhur terrakota armiyasidan ilhomlangan — bu miloddan avvalgi 210-209 yillarda barpo etilgan minglab xitoy jangchilari va ularning otlari haykallari dafn etilgan joy. Qurilish jarayonida Heatherwick Studio mahalliy kulollar bilan hamkorlik qildi, ular 100 000 dan ortiq sopol plitalar tayyorlab berdi. Shuningdek, dizaynda an’anaviy Xitoy ibodatxonalari tomlariga ishora qilinganini ham ko‘rish mumkin.
Loyiha bog‘dan tashqari turar joy binolari, savdo markazlari, ochiq maydonlar, ofislar va mehmonxona majmualarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, hashamatli ko‘kalamzorlar va ko‘plab piyodalar yo‘laklari barpo etilgan.
Heatherwick Studio ilgari Nyu Yorkda Little Island parki, shuningdek, Tokio markazida yangi tuman qurgandi.