Isroil HAMAS bilan kelishuv matnini e’lon qildi

Jahon 22:07 / 17.01.2025 4698

15 yanvar kuni Isroil va HAMAS G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘lgandi. Bir kun o‘tib Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida yana o‘nlab falastinliklar halok bo‘ldi. Isroil tomoni kelishuv hali imzolanmaganini iddao qildi, Netanyahu esa HAMASni sulhning ba’zi bandlaridan bo‘yin tovlashda aybladi.

16 yanvar kuni Isroil tomoni HAMAS bilan kelishuv matnini e’lon qildi. Aftidan, sulh imzolanishiga shubha qolmadi, lekin Isroil hukumatida Itamar ben Gvir va Betselel Smotrich degan radikal millatchilar borligini e’tiborga olib, barchasi hal deyishga shoshmay turamiz-da, hozircha Isroil e’lon qilgan kelishuv matnidagi faktlarni muhokama qilamiz. Kelishuv matniga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatishning birinchi bosqichi 42 kun davom etadi. Bu bosqichda avval aytilganidek 34 nafar emas, 33 nafar isroillik asir ozod qilinadi. Evaziga Isroil G‘azodan chekinishni boshlaydi va bir guruh falastinliklarni qamoqdan chiqaradi.

HAMAS birinchi guruh asirlarni ozod etishi bilan Isroil bo‘lg‘aning odam zich yashaydigan hududlaridan chiqishni boshlaydi, xususan, G‘azo vodiysidan. Isroil harbiylari G‘azodagi ikki tomon kelishgan maxsus bufer zonalarda qoladi. Ularning uzunligi 700 metr bo‘ladi. Ba’zi bufer zonalar esa yana 400 metrgacha uzaytirilishi mumkin. Tomonlar bu chekinish xaritasini ham kelishgan.

Asirlarni ozod etish

Kelishuvning asosiy bandi asirlarni ozod etish bilan bog‘liq. HAMAS birinchi bosqichda 33 kishilik ro‘yxatdagi 9 nafar bemor va yarador isroilliklarni eng avval qo‘yib yuboradi. Ular Isroilga yetib borishi bilan Isroil qamoqxonalarida bir umrlik qamoq jazosini o‘tayotgan 110 nafar falastinlik ozodlikka chiqib, Falastinga qaytadi.

Kelishuv yakunida esa Isroil yana ming nafar 8 oktyabrdan boshlab qo‘lga olingan va 7 oktyabrdagi hujumga aloqador bo‘lmagan falastinlikni ozod qiladi. Birinchi ro‘yxatdagi ozod etilgan har bir 50 yoshdan oshgan isroillik asir uchun 3 nafar bir umrlik qamoq jazosini o‘tayotgan, 27 nafar boshqa ayblar bilan qamalgan falastinlik qo‘yib yuboriladi. Ba’zi falastinliklar boshqa davlatga, ba’zilari G‘azoga qaytadi. Tomonlar ularning ro‘yxatini kelishib olgan.

42-kunga kelib, birinchi bosqichda kelishilgan asirlarning barchasi ortga qaytarilishi bilan Isroil qo‘shinlarni olib chiqishni boshlaydi. Ular 50-kunga kelib G‘azodan chiqib ketishi kerak.

Kelishuvga ko‘ra, Isroil “Rafah” chegara punkti ustidan nazoratni saqlab qoladi. Bu G‘azodan Misrga o‘tadigan chegara punkti hisoblanadi. Har kuni 50 nafar yarador harbiylarga chegarani kesib o‘tishga ruxsat beriladi. Har bir o‘tadigan odam Isroil va Misrning ruxsatini olgan bo‘lishi kerak. Harbiy bo‘lmagan yarador va bemorlarga “Rafah”dan cheklovsiz o‘tib qaytishga ruxsat beriladi.

Kelishuv kuchga kirishining yettinchi kunida g‘azoliklarga qurol-yarog‘siz holatda Rashid ko‘chasi bo‘ylab shahar shimoliga borishga ruxsat beriladi. 22-kunga kelib Salohiddin ko‘chasidan ham shimolga ketish mumkin bo‘ladi. 7-kunga kelib transport vositalariga Netsarim korridori bo‘ylab shimolga ketishga ruxsat beriladi, lekin mashinalar tekshiriladi.

Kelishuv amalga oshayotgan vaqtda humanitar yordam yuklari odatiy rejimda G‘azoga kirishda davom etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, HAMAS birinchi bosqichda ozod qiladigan asirlar orasida ikki nafar Fransiya va bir nafar Rossiya fuqarolari ham bor. Ular katta ehtimol 7 oktyabrda o‘tkazilgan musiqa festivalida ishtirok etgan va o‘sha yerda HAMAS tomonidan asir olingan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: