O‘zbekiston | 16:11 / 16.01.2025
1152
2 daqiqa o‘qiladi

Senatda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati muhokama qilindi

Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holatini o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirildi.

Foto: senat.uz

16 yanvar kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar sog‘lig‘ini saqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohaning moddiy-texnik ta’minoti yaxshilanib, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalari zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda.

Shunga qaramasdan, sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, muammo va kamchiliklar mavjudligi senatorlar tomonidan qayd etildi. Bolalar orasida kasalliklarning o‘sishi, turli xil kasalliklar tufayli bolalar o‘limi hamon saqlanib qolmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda Qo‘mita huzurida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi hamda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining holatini o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirildi.

Shu bilan birga, «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish mexanizmlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy tamoyillar, ushbu sohadagi davlat siyosatining yo‘nalishlari aniq qilib belgilanmoqda.

Ishtirokchilar tomonidan qonunning amaliyotga tatbiq etilishi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni har tomonlama huquqiy tartibga solishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid