Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash qanday moliyalashtiriladi?

O‘zbekiston 13:19 / 16.01.2025 2305

Hujjatga muvofiq, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash bo‘yicha har yillik xarajatlar smetasini ajratilgan limitlar doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda har yili 1 martdan kechiktirmay tuzish va tasdiqlash topshirildi.

Qiymati BHMning 6 000 baravaridan oshmaydigan avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari smeta asosida, bu summadan oshadigan obektlar esa belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va ekspertizadan o‘tkazilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida shakllantiriladigan manzilli ro‘yxatlar asosida moliyalashtiriladi. Ushbu ishlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi yo‘l va ko‘priklarni saqlash va ta’mirlash tashkilotlari tomonidan bajariladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

• Yo‘l xo‘jaligi sohasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olish (hajm uslubi) tartibi to‘g‘risidagi nizom. Nizomda yo‘l xo‘jaligi sohasidagi loyiha hujjatlari Shaharsozlik kodeksi, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari asosida ishlab chiqilishi belgilangan;     
• Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari tasnifi. U umumiy foydalanishdagi yo‘llar, shaharlar va kichik qo‘rg‘onlar, tijorat avtomobil yo‘llarini saqlash turlari va qoidalarini belgilaydi;   
• Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari tugallangan obektlarning asosiy konstruktiv elementlari hamda yo‘l harakatini tashkil etish texnik vositalariga kafolatli xizmat qilish muddatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
• Avtomobil yo‘llaridagi tabiiy ofat va texnogen xususiyatli vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf qilish ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom. U umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun manzilli ro‘yxatlarni rasmiylashtirish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.

Qaror bilan Hukumatning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: