Qashqadaryoda pulini ko‘paytirib berishni aytib, odamlarni chuv tushirgan uch yigitga sud hukmi o‘qildi. Ulardan biri jinoyat sodir qilingan paytda voyaga yetmagan bo‘lgan.
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan aka-uka H.B. va H.B. (egizak) hamda 2006 yilda tug‘ilgan A.H. aldash orqali odamlarning pulini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Ular Qarshi shahridagi xonadonlardan birini ijaraga olib, u yerda ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda bir necha soatda pulini ko‘paytirib berishni aytib, odamlarni aldab kelgan.
Jumladan, yigitlar Telegram’da guruhlar ochib, e’lonlar joylashtirgan. E’lonlarda treding faoliyati bilan shug‘ullanishni ma’lum qilib, 6 ta tarifda pul ko‘paytirib berishni bildirishgan. Ya’ni qisqa vaqt ichida tikilgan 300 ming so‘mni 12 mln so‘mgacha, 500 ming so‘mni 15 mln so‘mgacha, 800 ming so‘mni 21 mln so‘mgacha, 1 mln so‘mni 28 mln so‘mgacha, 2 mln so‘mni 32 mln so‘mgacha hamda 5 mln so‘mni 40 mln so‘mgacha ko‘paytirib berishni va’da qilishgan. Bu yolg‘onga ishonib yigitlarning boshqaruvidagi bank kartalariga pul tashlaganlar bloklangan. Yig‘ilgan pullar esa naqdlashtirib olingan.
Shu tariqa yigitlar 2023 yil dekabr oyidan 2024 yil 3 aprel kuniga qadar respublikaning turli hududlarida yashovchi 78 nafar fuqaroning 89 mln 653 ming so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Sud hukmi bilan aka-uka egizaklar Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “g” bandi va 127-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. H.B.ga (akasi) Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. H.B.ga (ukasi) esa 1,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.
A.H. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilib, 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan. Uning qamoqda saqlangan vaqti tayinlangan jazodan ortiq bo‘lganligi sababli jazo o‘talgan deb hisoblangan.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qoplangan.
Kun.uz avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning pulini bir necha soatda ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan tredingchilar faollashib qolgani va ularning yolg‘oniga ko‘plab insonlar chuv tushayotgani haqida ma’lum qilgandi.