Rossiya Havo-desant qo‘shinlarining 39-alohida tibbiy otryadi joylashgan Tula shahrining Sovetskaya ko‘chasidagi harbiy hospital binosida yong‘in chiqqani haqida 13 yanvar, dushanba kuni Rossiyaning bir qancha ommaviy axborot vositalari va Telegram-kanallari mustaqil ravishda xabar berdi. «Olov binoning bir qavatini qamrab oldi. Hozirda evakuatsiya ishlari olib borilmoqda», deb yozadi "112" kanali. Uning ta’kidlashicha, yong‘in maydoni 1000 kvadrat metr atrofida bo‘lib, «qattiq tutun kuzatilgan» va favqulodda xizmatlar binodan 57 kishini evakuatsiya qilgan. Baza kanali tomonidan chop etilgan kadrlarda shifoxonaning uchinchi va oxirgi qavati derazalaridan qora tutun chiqayotgani va alangani ko‘rish mumkin.
Rossiya Havo-desant qo‘shinlarining 39-alohida tibbiy otryadi boshidanoq Ukrainaga to‘liq miqyosda hujumda qatnashib kelmoqda.
Tula oblasti gubernatori Dmitriy Milyayevning yozishicha, muassasada «muddatli harbiy xizmatchilar» bo‘lgan. Milyayev yong‘inning dastlabki sababi sifatida «nosoz elektr simlari»ni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Yong‘in tufayli Sovetskaya ko‘chasida transport harakati butunlay, qo‘shni Soyuznaya ko‘chasida esa qisman to‘sib qo‘yilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ham, Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi ham Tuladagi yong‘inga izoh bermadi. Biroq Moskva vaqti bilan soat 19:00 lar atrofida ukrainalik harbiy muxbir Andrey Tsapliyenkoning Telegram-kanalida quyidagi xabar e’lon qilindi: «Rossiyaning Tula shahrida ertalab harbiy hospitalda yong‘in boshlandi, u kechqurun ham yonishda davom etmoqda».