Pistorius Kiyevga yordam paketi bloklangani haqidagi xabarni rad etdi

Jahon 08:55 1219

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya kansleri Olaf Sholsning Ukrainaga qo‘shimcha uch milliard yevrolik harbiy yordam paketini to‘sib qo‘ygani haqidagi xabarlarni rad etdi. «Hech qanday bloklanish yo‘q», dedi u 13 yanvar, dushanba kuni chiqadigan Tagesspiegel gazetasiga bergan intervyusida. Shu bilan birga, vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumatida paketni ichki muvofiqlashtirish hali yakuniga yetmagan.

Pistorius uning departamenti yangi yordam paketini tayyorlaganini va endi uni Kiyevga taqdim etish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq Der Spiegel haftalik nashri Germaniya kansleri Olaf Shols Kiyevga mudofaa vaziri Pistorius va tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan ilgari surilayotgan 3 milliard yevro miqdoridagi qo‘shimcha yordam ajratilishiga qarshi ekanini xabar qilgan edi. 10 yanvar, juma kuni Germaniya hukumati Der Spiegel nashri e’lon qilgan ma’lumotni tasdiqlamadi, biroq uni ham inkor etmadi.

O‘tgan yili Germaniya hukumati Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb yetti milliard yevro ajratganini ta’kidlagan Annalena Berbok 12 yanvar kuni Berlin Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun ajratiladigan mablag‘ni sezilarli darajada qisqartirishga rozi bo‘lmasligi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Germaniya hozir o‘tgan yilgi mablag‘ning yarmini yoki biroz ko‘proq qismini taqdim etsa, bu Ukrainaning o‘zini himoya qilish qobiliyati qisqarishini anglatadi.

2025 yilgi davlat budjeti Ukrainaga taxminan 4 milliard yevro miqdorida harbiy yordam berishni nazarda tutadi.

Germaniya shoshilinch ravishda Ukrainaga boshqariladigan raketalarni topshiradi

Germaniya shoshilinch ravishda IRIS-T havo mudofaa tizimi uchun boshqariladigan raketalarning yangi partiyasini Ukrainaga topshiradi, ular Rossiya agressiyasidan himoya qilishda yordam beradi. Bu raketalar dastlab Bundesver uchun mo‘ljallangan edi, ammo endi ishlab chiqarishdan to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga jo‘natiladi, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 9 yanvar kuni AQSh harbiy-havo kuchlarining Germaniyaning Ramshtayn shahridagi bazasida Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhi yig‘ilishida.

Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan havo hujumlari, jumladan kassetali o‘q-dorilardan foydalanish fonida Pistorius shunday qo‘shimcha qildi: «Biz o‘z zaxiralarimizni to‘ldirishdan avval Ukrainani ta’minlaymiz». Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina 23 fevralga belgilangan Bundestagga navbatdan tashqari saylovlar natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Germaniyadan harbiy yordamga umid qilishi mumkin.

Germaniya Mudofaa vazirligi X platformasidagi o‘zining mikroblogida shunday xabar berdi: «Germaniya Ukrainaga ishonchli va kuchli yordam berishda davom etmoqda. 2025 yilda allaqachon va’da qilingan oltita IRIS-T tizimi yetkaziladi, endi Germaniya IRIS-T tizimlari uchun 50 ga yaqin boshqariladigan raketalarni ajratadi».

Ko‘proq yangiliklar: