Frontdagi vaziyat: Toretsk ham ruslar qo‘liga o‘tmoqda, Konstantinovkaga xavf yaqinlashmoqda

Jahon 17:04 10322

Yangi yilda Rossiya qo‘shini qo‘mondonlik 2024 yil oxirida rejalashtirgan yurishni davom ettirdi. 31 dekabr kuni RF qurolli kuchlari Kuraxovodagi ukrain garnizonining so‘nggi bazasi joylashgan sanoat zonasini egalladi va shahardan chekingan ukrain bo‘linmalarini qanotlardan o‘rab olish uchun hujum qilmoqda. Qo‘shni Pokrovskdan janubda Rossiya armiyasi raqib mudofaasidagi zaif nuqtani topdi. Rossiyalik harbiylar katta kuch bilan Solenaya daryosini kechib o‘tdi. Ukraina qurolli kuchlari daryo bo‘ylab mudofaa chizig‘i o‘rnatishga harakat qilgandi. Nihoyat, yangi yil boshida RF qurolli kuchlarining Pokrovskdan sharqdagi kuchlari ham harakatga keltirildi, uning vazifasi shaharni shimoldan aylanib o‘tish hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shini Donetskdan shimolda yirik Toretsk aglomeratsiyasini egallashni yakunlamoqda. Rossiyaning boshqa guruhlari yurish qilayotgan yo‘nalishlarda esa oldinga siljish qiyin kechmoqda. Kursk oblastida janglar kulminatsiyaga yaqinlashmoqda. Navbati bilan amalga oshirilayotgan hujumlarda ikki tomon ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. RF qurolli kuchlari, ukrainlarning muntazam qarshi hujumlariga qaramay, ukrain mudofaasidagi muhim punktlarga yaqinlashib kelgan — ammo ular hozircha hal qiluvchi zarbani bera olmadi.

Kursk oblasti

Yanvarning ilk kunlarida RF qurolli kuchlari Sudja shahri tomon bir necha yo‘nalishdagi yurishning navbatdagi bosqichini boshladi. Bu Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumlari bilan kechmoqda va ikki tomon navbati bilan hujumga o‘tmoqda. Ko‘p holatlarda jang maydonidagi ustunlik Rossiya qo‘shinlari qo‘lida bo‘lmoqda, ammo, ular katta ehtimol bilan o‘z oldiga qo‘yilgan barcha vazifalarni bajara olmayapti.

Rossiya yurishidagi asosiy maqsad Sudjadan shimoli-g‘arbdagi Malaya Loknya edi. Bu ukrainlar mudofaasidagi muhim pozitsiya sanaladi: Ukraina qurolli kuchlarining Malaya Loknyadagi guruhi rossiyaliklarning bir necha oydan buyon Korenevo — Sudja yo‘li bo‘ylab olib borilayotgan yurishi qanotiga shimol tomondan tahdid solib turibdi. Avvallari ukrainlar qarshi hujumlari bilan RF qurolli kuchlariga Novoivanovka qishlog‘ini egallashga to‘sqinlik qilgandi, endi esa Lebedevka — Sverdlikovo chizig‘i bo‘ylab mudofaalanmoqda. Ukrainaning Kursk oblastidagi qo‘shiniga ta’minot yetkazib beriladigan yo‘llardan biri Sverdlikovo orqali o‘tadi.

Dekabr oyida RF qurolli kuchlari shimoldan Malaya Loknya yo‘nalishida hujum qilgandi, ammo hujumlar qaytarildi. Endi Rossiya qo‘shini (videolarga ko‘ra, ularning shimoliy koreyalik ittifoqchilari ham) ushbu shahar tomon g‘arb va sharqdan harakatlanmoqda.

G‘arbda ular Kruglenkoye qishlog‘ini egallab, Malaya Loknya chekkasidagi Nikolayevkaga yetib kelgan, ammo shu yerda ukrainlarning qarshi hujumlari tufayli to‘xtatilgan.

Shimoli-sharqda ruslarning yurishi ukrainlarning Berdin xutori yo‘nalishidagi vaqti-vaqti bilan amalga oshirilayotgan qarshi hujumlariga to‘qnashmoqda. Bu yerda bir kun ichida bir necha kilometrga ilgarilagan ukrain qo‘shini yo‘qotishlarga uchragan va ortga chekingan. RF qurolli kuchlari qo‘shni Russkoye Porechnoye qishlog‘ini egallashga muvaffaq bo‘lgan.

Malaya Loknya tomon yurish og‘ir kechayotganiga qaramay, Rossiya qo‘shini oxir-oqibat Novoivanovkani egallab, yanada g‘arbroqdagi Leonidovo tomon yurishda davom edi. Ammo Sverdlikovo va Sudjaning g‘arbiy chekkalariga yetib borishga hali ancha bor.

Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Maxnovka qishlog‘ining bir qismini egallab, Sudjaga janubdan yaqinlashgan. Uyog‘iga o‘ta olishmagan: Ukraina mudofaasi Smerditsa daryosi bo‘ylab o‘tgan.

Kuraxovo

31 dekabr kuni RF qurolli kuchlari Kuraxovo g‘arbidagi sanoat zonasini egalladi — bu Ukraina qurolli kuchlarining shahardagi so‘nggi mustahkamlangan hududi edi (shu bilan birga, ukrainlarning ayrim bo‘linmalari keyingi kunlarda ham shahar hududida qolishgan). Bunga Kuraxovo janub va shimoldan o‘rab olinib, shahar ta’minotini qiyinlashtirish evaziga erishildi. Bundan tashqari, ukrain qo‘shini RF qurolli kuchlarini janubda (Suxiye Yali daryosi bo‘ylarida) va shimolda (Volchya daryosida) to‘xtatish uchun juda ko‘p kuch sarflashiga to‘g‘ri kelgandi.

Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovodan olib chiqilganiga qaramay, ular hamon shahar g‘arbidagi hududda qurshovga tushish xavfi ostida turibdi. Rossiya qo‘shini Suxiye Yali va Volchya daryolari bo‘ylab g‘arb tomon ilgarilashni davom ettirmoqda. Ukraina qurolli kuchlari hozircha chekinish uchun yagona yo‘l bo‘lgan Donetsk — Zaporijjya trassasini o‘z nazoratida saqlab qolmoqda, ammo yo‘l RF qurolli kuchlari tomonidan to‘sib qo‘yilishi xavfi ham mavjud.

Pokrovsk

Rossiya qo‘shini 2024 yilgi hujumlar natijasida qo‘lga kiritilgan ustunlikdan foydalanishda davom etmoqda: Pokrovsk va Kuraxovo oralig‘idagi amalda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yaxshi himoyalanmagan bo‘lib chiqdi. Endi RF qurolli kuchlari ushbu oraliqda keng front bo‘ylab g‘arb tomon siljimoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Rossiya armiyasi Pokrovskni janubi-g‘arbdan o‘rab olishga harakat qilmoqda — bu shaharni egallash bo‘yicha amaliyot boshlanishi bo‘lishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari raqibni Solenaya daryosi chizig‘ida ushlab turishga urinmoqda, ammo Rossiya qo‘shini bir necha joydan daryoning shimoliy sohiliga o‘tishga ulgurgan. Ukraina qo‘shini bir necha hafta davomida RF qurolli kuchlarini Solenaya bo‘yidagi Shevchenko qishlog‘ida joylashgan platsdarmdan surib chiqarishga urindi, ammo kichik daryoni boshqa nuqtalardan ham kechib o‘tgan rus bo‘linmalari ularni aylanib o‘tgan.

Rossiya armiyasining ilg‘or bo‘linmalari Pokrovsk g‘arbidagi Udachnoye posyolkasidan uch-to‘rt kilometr janubga yetib borgan. Udachnoye yaqinida Ukrainadagi eng yirik koksko‘mir konlaridan biri joylashgan. RF qurolli kuchlarining yurish o‘qi aynan ushbu posyolkaga qaratilgan.

Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskka janubdan qilinayotgan yurishni to‘xtatishga urinayotgan mahalda, shahar sharqida RF qurolli kuchlarining boshqa bir bo‘linmasi faollashgan. Rossiyaning bu yo‘nalishdagi qo‘shini bir necha oylik jimlikdan keyin Pokrovsk — Konstantinovka yo‘li yo‘nalishidagi Vozdvijyenka qishlog‘i hududida yurish boshladi. Katta ehtimol bilan, bu guruh kelgusida Pokrovsk hamda uning shimoli-sharqidagi yo‘ldosh shaharchalarni egallab olishga harakat qiladi.

RF qurolli kuchlari Pokrovsk va Konstantinovkani bog‘lovchi yo‘lga chiqishi ikkinchi shahar mudofaasini qiyinlashtiradi. Ayni vaqtda Toretsk aglomeratsiyasini egallash jarayonini yakunlayotgan rus bo‘linmalari tez orada Konstantinovkaga janubdan tahdid sola boshlashi mumkin.

Toretsk

Rossiya armiyasi ko‘p oylik og‘ir janglardan keyin Toretsk shahri markazida Ukraina garnizoni qarshiligini yengishga muvaffaq bo‘ldi. Butun shahar bo‘ylab o‘tgan RF qurolli kuchlari shaharning shimoliy chekkasiga chiqqan. Bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik o‘choqlari faqat binolarda va konlarning terrikonlarida saqlanib qolgan.

Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Toretskning g‘arbiy chekkasidan o‘tgan Donetsk — Slovyansk temiryo‘li bo‘ylab shimolga harakatlanmoqda.

Rossiya qo‘shini Konstantinovka va Chasiv Yar shaharlari janubiga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukraina qurolli kuchlari Toretsk shimolida yangi mudofaa chizig‘i tashkil etishga urinib ko‘radi.

Kupyansk

RF qurolli kuchlari Oskol daryosi bo‘yiga chiqish uchun keng front bo‘ylab yurishini davom ettirmoqda. Lekin bir necha guruhlarning hudumlari o‘zaro sinxron emas.

Kupyanskdan shimolda rus qo‘shini daryoni kechib o‘tib, g‘arbiy sohilda barqaror platsdarm tashkil etgan. Ular bu yerdan, katta ehtimol bilan janubga, Kupyanskning g‘arbiy qismiga yurish qilishi kerak. Ammo hozircha platsdarm shimolida — Dvurechnaya qishlog‘i uchun janglar bilan band bo‘lib qolmoqda.

Shahardan janubda RF qurolli kuchlari kuzdayoq Oskol daryosiga yetib kelgandi va daryo bo‘ylab shimolga, Kupyanskning o‘ziga hamda qarama-qarshi yo‘nalishdagi Borovayaga tomon harakatlanmoqda.

Yanada janubda, bir necha yo‘nalishda yurish qilayotgan Rossiya bo‘linmalari hali daryoga yetib kelmagan (katta ehtimol bilan, tez orada yetib kelolmaydi ham).

Bu yo‘nalishdagi yurishlarning haqiqiy maqsadi — Oskol Severskiy Donetsga quyiladigan nuqtada joylashgan Liman shahriga yetib borish, kelgusida Kramatorsk va Slovyansk aglomeratsiyalariga chiqish — bu esa kuchlarning hozirgi nisbatida u qadar real maqsad bo‘lib ko‘rinmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: