Uzoq Shotlandiya orolini boshqaradigan “menejer” qidirilmoqda. Hududda odamlar yo‘q, faqat dengiz qushlari bor

Jahon 11:07 2539

Shotlandiyaning yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi uzoq Handa oroliga “menejer” izlamoqda. Bu orolda odamlar yashamaydi, lekin u Yevropadagi eng muhim dengiz qushlari koloniyalaridan birining maskani sanaladi, deb xabar berdi New York Post nashri.

Nomzodga turar joy va’da qilinmoqda. Er-xotinlar ham bu o‘rniga ariza topshirishi mumkin: vazifalarni o‘zaro taqsimlash imkoni bo‘ladi. Maoshi yiliga 31 ming dollar miqdorida.

Ish uchun maxsus ko‘nikmalar talab qilinmaydi. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan, tabiatshunoslikni yaxshi tushunadigan mas’uliyatli odam qidirilyapti. Bo‘sh ish o‘rni tavsifiga ko‘ra, “menejer” orolni “samarali boshqarishi” kerak: ishchi dasturlarni tashkil etish uchun javob beradi va ko‘ngillilarni nazorat qiladi. Bundan tashqari, u tashrif buyuruvchilarni kutib olishi kerak bo‘ladi: Handada doimiy aholi bo‘lmasa-da, yiliga o‘rtacha 8 mingga yaqin sayohatchi orolga keladi.

Orolda oziq-ovqat sotib olish, kiyim-kechak yuvish yoki bank kartasidan pul yechib olish imkoniyati yo‘q: bu ehtiyojlar uchun Shotlandiya yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi menejerning har hafta yaqin atrofdagi qishloqqa borib kelishi uchun sharoit yaratishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: