Pokistonning Afg‘onistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?

Jahon 18:00 5968

Dekabr oyida “Tehrike Tolibon Pokiston” qurolli harakati o‘z qo‘mondonlaridan birining yo‘q qilinishi ortidan hujum uyushtirib, 16 nafar Pokiston harbiysini o‘ldirdi. Bunga javoban Pokiston armiyasi Afg‘oniston hududiga raketa zarbalari yo‘lladi. “Tolibon”ga ko‘ra, bu zarbalardan 46 kishi, xususan ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Rasmiy Islomobod pushtunlardan tarkib topgan Pokiston toliblarining “Tehrike Tolibon Pokiston” qurolli harakatini terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi.

Pokiston hukumati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon”ni Pokiston toliblarining yetakchilariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Kobuldagilar buni rad etadi.

24 dekabr kungi raketa zarbalari – “Tolibon” hokimiyati o‘rnatilgan 2021 yil avgust oyidan beri Pokistonning Afg‘oniston hududiga uyushtirgan uchinchi yirik hujumi bo‘ldi. Bundan avvalgi zarbalar 2024 yil mart oyida kuzatilgandi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati bu hujumlarni mamlakat suverenetitetini qo‘pol tarzda buzish deb baholagan.

Kun.uz muxbiri etnik-siyosiy xarakterdagi bu nizoni atroflicha ochib berish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Fazliddin Madiyevga yuzlandi.

— “Tehrike Tolibon Pokiston” va Afg‘oniston “Tolibon”i o‘rtasidagi farqlar nimada?

Fazliddin Madiyev: Ayni paytda Afg‘oniston boshqaruvida bo‘lib turgan “Tolibon” 1990 yillarda paydo bo‘lgan va ilk marta o‘sha vaqtlarda mamlakat boshqaruvida bo‘lgan. 2021 yildan boshlangan hozirgi hukmronligida “Tolibon” o‘z hududiy birligini yaratish va hokimiyatini tan oldirish harakatida.

Pokistondagi “Tahrike Tolibon” esa pushtun guruhlarining bir-biriga qarshi harakatlari natijasida vujudga kelgan. “Tahrike Tolibon” va “Tolibon” guruhlari o‘zaro taqqoslansa, ularni bir o‘zakdan paydo bo‘lgan, ammo bugungi kunda tushunchalari borasida farqlanadigan guruhlar sifatida e’tirof etish mumkin.

Avvaliga “Tolibon” Afg‘onistonda davlat boshqaruviga intildi va bunga erishdi, endi “Tahrike Tolibon” ham Pokistonda shunga harakat qilmoqda. Har holda, “Al-Qoida”, IShID va atrofdagi boshqa guruhlar bilan bir xil harakat qilayotganidan, shunday xulosaga kelish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: 1991 yilda sovuq urush tugab, sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Afg‘oniston hukumatida ham “vakuum” paydo bo‘ldi. Sovuq urush davrida Hindiston sovet ittifoqining, Pokiston esa AQShning ittifoqchisi bo‘lgan. 1989 yilda sovet ittifoqi qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan keyin rus harbiylariga qarshi kurashgan mujohidlar Vaziristonda Tojikistondan kelayotgan karvonni qo‘lga oladi va ulardan savdo yo‘li uchun pul talab qiladi. O‘sha davrda Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan Benazir Bhutto esa mazkur jangchilardan geosiyosiy loyiha sifatida foydalanish kerak degan fikrga keladi.

Benazir Bhutto bu jangari guruh Afg‘oniston hokimiyatini egallashi hamda Pokistonga moyil hukumatga aylanishiga umid qilgan, Afg‘onistonni Pokiston uchun o‘ziga xos savdo koridoriga aylantirishni ko‘zlagan. Shundan keyin Pokiston maxsus kuchlari “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlay boshlagan.

Afg‘onistondagi pushtunlar yoki “Tolibon”ga Pokistonning ta’siri juda katta. 1979 yilning 29 dekabr kuni Brejnev sovet qo‘shinlarini Afg‘onistonga kiritadi va afg‘onistonliklarning 5 millionga yaqini mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi. Bunda 3 milliondan ortiq odam Pokistonga borgan, 1 milliondan ziyodi (asosan hazora shialari) Eronga qochgan, qolgani esa Yevropa yoki Amerikaga qochib ketgan. Dastlab Pokistonga qochib borgan bolalar maktablarga joylashtirilgan, lekin keyinchalik bu davlat budjetiga zarar bo‘lgani sababli ularni bepul madrasalarga joylashtirgan. Bolalar qurol ishlatishga qodir yoshga yetgach, Afg‘onistonga qaytib, sovet qo‘shinlariga qarshi kurashishni boshlagan.

Shu sababli “Tolibon” – Pokiston bosh vaziri Benazir Bhutto va uning maxsus xizmatlarining geosiyosiy loyihasi hisoblanadi.

1994-95 yillardan boshlab 1998-99 yillargacha “Tolibon” hokimiyatini kengaytirish boshlanadi va 2000 yillar boshiga kelib, Afg‘onistonning 90 foiz hududi “Tolibon” boshqaruviga o‘tgan. 2001 yildan boshlab “Tolibon” va AQSh o‘rtasida urush boshlandi va bu urush 20 yilga cho‘zildi. Avvaliga etnik pushtunlardan tashkil topgan millatchi guruh shu 20 yil davomida bora-bora ko‘p millatli qarshilik harakatiga aylanib ketdi.

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, 2001 yilda “Tolibon” markazlashgan harakat bo‘lgan, biroq AQSh kabi texnologik ilg‘or dushmanga qarshi turish uchun yillar davomida “Tolibon” brendi ostida 50 ga yaqin guruhlar shakllangan.

Afg‘onistondagi eng katta millat va Pokistondagi eng katta uchinchi millat bu – pushtunlar hisoblanadi. Afg‘onistonda 12,5 mln, Pokistonda 30 milliondan ortiq pushtunlarni ikki davlat o‘rtasidagi chegara ajratib turadi, lekin har ikkala davlatdagi pushtun millatiga mansub odamlar o‘rtadagi chegarani mutlaqo tan olmaydi. Hozir ularda etnik pushtunlar o‘zaro birlashishi va yagona qudratli Afg‘oniston tashkil qilinishi kerakligi haqidagi qarash mavjud. Pokiston hokimiyatida esa pushtunlar emas, balki harbiy elita hukmron va ularning asosiy muammosi etnik pushtunlar hisoblanadi.

TTP va “Tolibon” o‘rtasidagi hamkorlik darajasi qanchalik chuqur va bu qanday tarixiy ildizlarga ega?

Kamoliddin Rabbimov: Ikki davlatdagi pushtunlar aslida bitta millat, shunchaki ular 2-jahon urushidan keyin chegaraning ikki tomonida qolib ketishgan xolos. Shuningdek, ularning o‘rtasidagi chegara amalda mavjud emas: Vaziristondagi bu chegara hududlari tog‘lar va dashtlardan iborat. Shu sabab ikki davlat pushtunlari o‘rtasidagi aloqa hech qachon yo‘qolmagan. Pokistondagi pushtunlar AQShga qarshi urushda o‘zlarining Afg‘onistondagi millatdoshlariga muntazam yordam berib kelgan.

Biroq bu yerda kim kimga bo‘ysunishi masalasi bor: bunda Pokistondagi pushtunlar Afg‘onistondagi pushtunlarga bo‘ysunishi aniq.

Fazliddin Madiyev: Avvaliga sovet ittifoqiga, keyin esa Amerikaga qarshi kurashgan “Tolibon” yengilib yo‘q bo‘lib ketmadi, aksincha, hokimiyat tepasiga keldi, bu esa “Tehrike Tolibon”ni ilhomlantirgan. Shu sababli ular o‘rtasida iliq munosabatlar mavjudligini rad etib bo‘lmaydi.

Pokiston hukumati “Tolibon”ning davlatchilik yo‘nalishida harakatlanayotgani chegaralarni kengaytirish harakatiga aylanishidan va natijada o‘zlari katta siyosiy bosimga uchrashlaridan xavotirda.

“Tehrike Tolibon” ayni paytda Pokiston hukumatiga G‘arb infrastrukturasi va siyosiy tizimini xohlamasligini aytib, hatto harbiy tizimni ham qayta ko‘rib chiqish talabini qo‘ymoqda.

Pokiston o‘zining Vaziriston viloyatini mutlaq nazorat qila olmaydi, chunki u yerda qabilaviy tizim hukmron, hatto bu hududga harbiylarni jo‘natish ham juda xavfli, chunki pushtunlar hududni mukammal biladi va atrofdagi boshqa guruhlar bilan kelishgan holda harakatlanib, Pokiston armiyasiga munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, “Tehrike Tolibon” G‘arb uchun Pokistonga siyosiy bosim o‘tkazishda eng yaxshi vosita sifatida qo‘llash mumkin bo‘lgan loyihadir.

Afg‘on “Tolibon”ining TTPdan manfaati nimada?

Kamoliddin Rabbimov: Hozirda “Tolibon”ning siyosiy psixologiyasi juda kuchli va ular buni o‘zlarining bayonotlarida ham namoyish qilyapti. Ya’ni “Tolibon” o‘zining 20 yillik urush tajribasi va e’tiqodiga tayangan holda, o‘zining Pokistondan kuchliroq ekanini, shuningdek, Pokistondagi millatdoshlari uchun keragicha kurashishga tayyor ekanini aytmoqda.

Afg‘onistonda 38-40 million aholi yashaydi, biroq rasmiy Kobul ularning barchasini birdek nazorat qila olmaydi, chunki ularda rasmiy davlatchilik shakllanishga ulgurmagan, shu sabab ko‘plab hududlar hamon qabilaviy tizimda yashaydi. Pokistondagi pushtunlar soni 30 milliondan ortiqni tashkil qiladi va ular aynan Afg‘oniston bilan chegarada yashaydi, Pokiston esa ularni nazorat qilolmaydi.

Pokistonning hozirgi vaziyatdagi eng asosiy vazifasi – Afg‘onistonga bosim qilib, uni ambitsiyalardan voz kechishga undash hamda ehtimoliy urushning oldini olish.

Fazliddin Madiyev: Bu hududlar faqatgina Temuriylar davridagina tinch bo‘lgan xolos, degan qarash ham bor. Pushtunlar o‘zlarini haqiqiy musulmonlar sifatida da’vo qilsalar-da, ularda pushtunlik kayfiyati ustunroq, ya’ni ular pushtunlar har qanday vaziyatda ham bir-birlarini qattiq qo‘llab-quvvatlashi kerak degan g‘oya ostida birlashgan, shuning uchun ular boshqa millatlarga nisbatan past nazarda qarashadi. Agar “Tolibon” zamonaviy, globalizmga uyg‘un davlat qurishni istasa, hozirgi amallari bu davlatni tan oldirishda katta muammolarni yuzaga keltiradi.

TTPni faqat Afg‘oniston “Tolibon”i qo‘llaydimi?

Kamoliddin Rabbimov: Pokistondagi “Tehrike Tolibon”ni tashqaridan kimdir qo‘llab-quvvatlashi qiyin masala. AQSh va Yevropa asosan kuzatadi, Xitoy bu mintaqada urush chiqishidan manfaatdor emas. Pokistonda kuchli qurollar bilan raqobatlasha oladigan texnikalar bu hudud aholisi tomonidan qo‘lda yasab ham bozorga chiqarilaveradi, shu sababli ularda qurol borasida muammo kuzatilishi qiyin.

Xitoy – Pokistonning eng asosiy ittifoqchisi va Pokistonda fuqarolar urushi boshlanishi Xitoy manfaatlariga zid, chunki Xitoy AQSh bilan mojarolarga ega va bu ikki davlat o‘rtasidagi global raqobatda bu mintaqadagi tinch hududlar Xitoyga asqatishi mumkin. Shuningdek, bu yerdagi notinchlik Xitoyning temiryo‘l loyihalari uchun ham juda xavfli hisoblanadi.

Ziddiyatlar hal qilinmasa, ikki mamlakat o‘rtasidagi kelajakda harbiy to‘qnashuvlar ehtimoli qanchalik yuqori?

Fazliddin Madiyev: Bu hududdagi ziddiyatlar asrlar davomida mavjud, ular hududlarni bo‘lishishda muammolarga duch keladi. Bu ziddiyatlar mintaqa uchun juda yomon, shuningdek, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi uchun ham. Ammo G‘arb davlatlari uchun o‘zlarining geosiyosiy rejalarini amalga oshirish uchun qulay vaziyat bo‘lishi mumkin.

Hozir menda Pokiston fuqarolar urushining oldini olish uchun so‘nggi chora sifatida Isroilning harakatlarini takrorlashi mumkinligi to‘g‘risidagi qarash ham bor. Biroq hozir “Tolibon” o‘zining azaliy maqsadi, ya’ni davlatchilikka ega bo‘lish ostonasida turibdi va bu yo‘lda ehtimol urushni istamaydigan ikkinchi tomon bilan murosa yo‘lini tanlashi ham mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Pokiston hukumati mamlakatni etnik pushtunlardan yoki pushtunlarni toliblardan tozalashni uddalashi qiyin. Isroil tajribasidan foydalanishning esa imkoni yo‘q, chunki G‘azodagi vaziyatda arablar va yahudiylar o‘rtasida aniq chegara mavjud, Pokistonda esa hamma musulmon va ular qorishib ketgan. Buning ustiga hudud ham juda katta, bu hudud bir nechta Qirg‘iziston maydoniga teng degani.

Bundan tashqari, razvedka orqali “Tehrike Tolibon”ga aloqador ming yoki undan ortiq aholini aniqlab, ularni qatl qilish yoki qamoqqa olish aholining qolgan qismini g‘azablantirishi, natijada “Tehrike Tolibon”ning safi kengayishi xavfi mavjud.

Mening fikrimcha, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ziddiyat shu sur’atda davom etaveradi, hech qachon yo‘qolmaydi va katta urushga aylanib ham ketmaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: