Agar Ukraina urushida Rossiya g‘alaba qozonsa, AQSh 2029 yilga qadar mudofaa xarajatlarini 808 milliard dollargacha oshirishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Amerika tadbirkorlik instituti tomon e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Ushbu nodavlat tadqiqot instituti tahlilchilariga ko‘ra, AQSh harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘ysa Ukraina mag‘lub bo‘ladi, Rossiya va NATO o‘rtasidagi chegara kengayadi, Moskva blokning Yevropadagi a’zolari uchun tahdidga aylanadi. Bundan tashqari, Rossiyaning g‘alabasi AQShning Osiyodagi pozitsiyasiga ham ta’sir ko‘rsatib, mazkur mintaqa bilan bog‘liq qo‘shimcha mudofaa xarajatlarini yuzaga keltiradi.
Hisobotda keltirilishicha, 808 milliard dollar Vashingtonga dushmanni tutib turish va zarurat tug‘ilganida Moskvaning yadroviy bo‘lmagan hujumini qaytarish uchun talab etiladi. Bunday holatda Pentagonning 2029 yilgacha mo‘ljallangan amaldagi xarajatlar rejasi 4,4 trillion dollardan 5,2 trillion dollargacha oshadi — bu rejalashtirilgan yillik xarajatlar 165 milliard dollarga ko‘payishini anglatadi.
Shu bilan birga, 2022 yildan beri Kongress Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Pentagonga 112 milliard dollar ajratgan bo‘lib, mablag‘larning asosiy qismi AQShda ishlab chiqarilayotgan qurollarga sarflanmoqda. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu Kiyev mag‘lubiyatga uchraganda yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlardan yetti barobarga kam.
AQSh Ukrainaga eng ko‘p harbiy yordam ko‘rsatayotgan davlatdir. Ammo Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozongach, bir necha bor Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini tanqid qildi, Ukraina va Yevropa AQSh harbiy yordamni qisqartirishidan xavotirda.
Avvalroq Associated Press Oq uy Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qilishi to‘g‘risida xabar bergandi. Ushbu paket Jo Bayden administratsiyasining so‘nggi yordami bo‘lishi aytilgan. Manbalar mazkur yordam paketi «sezilarli darajada katta» bo‘lishiga qaramay, AQSh Kongressi Ukrainaga ajratish uchun ma’qullagan 4 milliard dollarning hammasini o‘z ichiga olmasligini ta’kidlagandi.
Bugun, 9 yanvar kuni «Ramshtayn» formati doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Ukrainaga 500 million dollarlik harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi.