“Na pulni qaytaradi, na mashinani beradi” – «Umid auto leasing»dan odamlar norozi

Jamiyat 12:13 / 08.01.2025 8288

«Umid auto leasing» ishi ancha oldin tilga tushgandi: shartnoma qilingan mijozlarga mashinalar o‘z vaqtida berilmagan, bundan norozilarga esa puli qaytarilmagan. Ushbu MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay «Umid auto leasing» bilan shartnoma tuzayotgan va puch va’daga uchayotganlar hamon topilmoqda.

O‘zbekistonda odamlar eng ko‘p aldanib qoladigan firibgarlik turlaridan biri avtomobil oldi-sotdisi hisoblanadi. 3 oy ichida 19 mingdan ortiq odam 57 mlrd so‘mga chuv tushgan “Avto 60 oy” ishi, “Mega Auto Leasin” hamda “Mega Car Leasin” MChJlar ishi bunga misol.

Shu bois Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzishda ogoh bo‘lishga, aldanib qolmaslikka chaqirgandi. Qo‘mita bir nechta avtolizing firmalarning mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, ularga aldanib qolgan fuqarolardan murojaatlar ko‘payganini ma’lum qilgandi. Ushbu firmalar orasida «Umid auto leasing», «Umid lizing Tashkent», «Umid auto», «Umid avto Tashkent», «Umid avto lizing», «Mega Avto Leasin-Hamkor», «Mega Avto Leasin», «Samo Rimmax Avto», «Rimmax Auto Leasin», «Ishonch Auto Leasin», «Asr Auto Leasin», «Baraka Avto Baraka Business» kabi MChJlar bor.

Mashina xarid qilish uchun «Umid auto leasing» MChJ bilan shartnoma tuzib, kuyib qolganlar ham anchagina. Ular bir necha yildirki na mashinasini, na to‘lagan pulini ololmay yuribdi. Ana shunday jabrlanuvchilar Kun.uz’ga murojaat qildi.

2023 yil aprel oyida to‘lov qilgandim. Shunda ular bizga chegirma qildik, xalqqa xizmat qiladigan odamlarmiz, dedi. Keyin shartnoma tuzib, 97 mln so‘m to‘lov qildim. Yil oxirigacha mashinadan darak bo‘lmadi. 8-9 marta murojaat qildim. Oxiri berilmasligi aniq bo‘lgach, 13 dekabr kuni IIBga ariza yozdim.

Shundan keyin avvaliga pulni 40 kunda qaytaramiz, deb aldadi. Kelib so‘rasam hatto “3 ta mashina taklif qildik, siz olmadingiz”, deya tuhmat ham qilmoqda. So‘ngra pulingizni bermaymiz, deyishdi. Ushbu holatdan keyin sudga murojaat qildim. 16 oktyabr kuni MIBga o‘tdi. Masala hal bo‘lgani yo‘q”, deydi murojaatchilardan biri.

«Umid auto leasing» firmasining respublikadagi bir nechta filiallariga yengil va yuk mashinalari xaridi uchun to‘lov qilganlar bor. Ulardan biri qashqadaryolik Sa’dulla Avazov. U 2 ta mashina uchun pul to‘lagan. Va’daga ko‘ra, har ikki mashina 2 oyda topshirilishi kerak bo‘lgan.

Va’daga ko‘ra, har ikki mashina 2 oyda topshirilishi kerak edi. Ammo 2 oy o‘tgandan keyin ham berishmadi. Mart oyida sudga murojaat qilgandik, ishni iyun oyida ko‘rib chiqdi. Shundan so‘ng, sud qarorini 12 avgust kuni oldik. MIBga borsak, sizga o‘xshaganlardan 103 kishi bor, dedi. Hozir 30 kishi qolgan. Vaholanki, pullar hammaga teng bo‘linadi deyishgandi. Pulini uch yildan beri ololmayotganlar bor”, deydi Sa’dulla Avazov.

Odamlar “Umid avto lizing”dan mashina yoki pulni ololmayotgan bir paytda, firma mansabdorlari boshqa kishilar bilan shartnomalar tuzib kelmoqda. Shulardan biri xorazmlik Bekzod Xo‘jamurodov. U 2024 yilning mart oyida firmaga mashina xaridi uchun 82 mln so‘m to‘laganini aytadi:

Firma bilan yaqindan tanishgach, pulimni qaytarib olish harakatiga tushdim. Yangihayot tumani IIBga ariza berdim. Bilsam, u yerda bu bo‘yicha ish ochilgan ekan. 3 oydan ham o‘tib ketdi, lekin murojaatim bo‘yicha hech qanday harakat yo‘q. Bizlarga “Nimaga to‘ladingiz?”, deya savol berishadi”.

Jabrlanganlarning ayrimlari va’da qilingan mashinalarni yoki pul mablag‘larini qaytarib olishga erishgan, yana ba’zilarning murojaatlari esa ijobiy hal etilmagan. Masalan, 2023 yilda 45 mln so‘m to‘lagan Yangiboy Toshboyev pulimni qaytarib olaman, deya Surxondaryo va Toshkent shahri orasida sarson.

Holat yuzasidan «Umid auto leasing» MChJ rahbari Abdumannop Abdurahmonov Kun.uz’ga izoh berdi. U mashinalar o‘z vaqtida topshirilmaganini 2022-2023 yillarda bir necha o‘nlab lizing kompaniyalar yoppasiga yopilib ketgani bilan izohladi.

O‘sha vaqtda ishonchsizlik sababli bizgayam arizalar ko‘paydi. Shundan so‘ng, pullarni qaytarishga tushdik, tergov organi «Umid auto leasing» kompaniyasiga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Shu tufayli, hisob raqamimiz muzlatib qo‘yilgan. Hozir unda 3 mlrd so‘mdan ortiqroq pul bor” deydi jamiyat rahbari.

Kun.uz jamiyat boshlig‘i bilan suhbatda pul mablag‘larini olish uchun fuqarolarni «Umid auto leasing»dan «Orient avto lizing»ga yo‘naltirib, sarson qilish holatlari haqida ham so‘radi. Abdumannop Abdurahmonov esa «Orient avto lizing» MChJ rahbari emasligini bildirdi. Ochiq manbalarga ko‘ra esa u MChJ rahbari hisoblanadi.

«Umid auto leasing» MChJ rahbari fuqarolarga yozib berilgan sanalar bo‘yicha pullar qaytarilishini va shundan keyin murojaatga o‘rin qolmasligini ma’lum qildi.

IIVning Kun.uz’ga bildirishicha, Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan “Umid avto companes” MChJ rahbari va jamiyatning boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida ayblanuvchi Abdumannop Abdurahmonov “Ava Umid avto”, “Ava Orient avto”, “Business Orient auto”, “Orient auto hamkor”, “Umid auto xizmati”, “Umid avto companes” va “Orient auto Toshkent” MChJlarning rahbari sifatida faoliyat olib borganligi aniqlangan. Tergovning to‘liqligini va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida dastlab qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidan Abdumannop Abdurahmonov va boshqalarning qismlari alohida ish yurituvga ajratilib, ayni damda jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: