G‘azodagi boshqaruv istiqbollari, Xitoydan rus tankerlariga cheklovlar va Saudiyadagi suv toshqinlari - kun dayjesti

Jahon 14:09 / 08.01.2025 3070

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va AQSh bilan G‘azo sektoridagi vaqtinchalik ma’muriyatda ishtirok etish masalasini muhokama qilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, amirliklar AQSh va boshqa davlatlar bilan birgalikda G‘azodagi boshqaruv, xavfsizlik va tiklanish ishlarini vaqtincha nazorat qilish variantini ko‘rib chiqmoqda.

BAA Isroil va AQShning yaqin xavfsizlik hamkori sifatida G‘azo, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan mustaqil Falastin davlati uchun Falastin ma’muriyatini isloh qilish va kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Amirliklar rasmiy vakili: «Amirliklar Falastin ma’muriyati jiddiy isloh qilinmasa, hech qanday rejada ishtirok etmaydi», — deb ta’kidladi.

BAA Falastin ma’muriyatining yangi bosh vazirini tayinlashni taklif qilmoqda va ehtimoliy nomzod sifatida sobiq bosh vazir Salom Fayyod ko‘rib chiqilmoqda. G‘azoni tiklash ishlari ko‘p yillar va milliardlab dollar xalqaro moliyaviy yordamni taqozo qiladi. Isroil hanuzgacha G‘azoning kelajagi borasida aniq reja taqdim etmagan.

Xitoydan Rossiya tankerlariga cheklovlar

Xitoyning Shandong provinsiyasidagi eng yirik neft portlari AQSh sanksiyasiga tushgan tankerlarga xizmat ko‘rsatishni taqiqladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Yangi tartibga ko‘ra, sanksiyaga tushgan tankerlar portda langar tashlashi, yuk tushirishi yoki boshqa port xizmatlarini olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Bu cheklovlar Tsingdao, Jichjao va Yantay portlarini ham qamrab olgan. Mazkur holat Xitoyning Rossiya, Eron va Venesuela neftini import qilish sur’atlarini sekinlashtirishi mumkin.

AQSh, Britaniya va Yevropa Ittifoqi 2024 yil so‘ngiga qadar 180 ta neft tashuvchi tankerni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Ulardan 100 tasi harakatni to‘xtatgan. AQSh ma’muriyati Rossiyaning «yashirin flot»iga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda, Rossiya neftiga embargo qo‘yish va Rossiya banklari litsenziyalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda.

Suriyaga nisbatan sanksiyalar yumshatilmoqda

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotgan AQSh moliya vazirligi Suriyaning davlat muassasalari bilan moliyaviy operatsiyalarga, energetika resurslari uchun to‘lovlarga va Markaziy bank orqali pul o‘tkazmalariga cheklovlarni vaqtincha bekor qildi.

Faqat Rossiya yoki Eron manfaatlariga xizmat qiluvchi bitimlar bundan mustasno.

Moliya vazirligi xabar berishicha, 2024 yil 8 dekabrdan keyin boshlangan operatsiyalar uchun GL24 litsenziyasi joriy qilindi. Bu litsenziya olti oy davomida amal qiladi va vaziyatni kuzatib borish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu qaror AQSh tomonidan Asad rejimi qulatilganidan keyingi o‘zgarishlarga moslashish doirasida qabul qilingan.

NATO Boltiq dengizini qo‘riqlaydi

NATO Boltiq dengizida muhim ahamiyatga ega energiya va ma’lumot uzatuvchi suvosti kabellarini himoya qilish uchun 10 ga yaqin kema yuborishini e’lon qildi. Bu kemalar asosan kabellar atrofida joylashtirilib, tiyib turuvchi omil sifatida faoliyat yuritadi, ammo xalqaro suvlarda boshqa davlat kemalarining harakatini to‘xtata olmaydi.

Dekabr oxirida Estoniya va Finlandiya o‘rtasidagi Estlink 2 elektr kabeliga zarar yetkazilganidan so‘ng, NATO o‘z harbiy ishtiroki kuchaytirilishini ma’lum qilgandi.

Kabel yaqinida Hongkong bayrog‘i ostidagi Xin Xin Tiang 2 va Kuk orollari bayrog‘i ostida Eagle S kemalari sezilarli darajada sekinlashgan holda aniqlangan edi. Ayni paytda kabellar ta’mirlanmoqda.

Yevropa gaz zaxiralari qisqarmoqda

Yevropa nisbatan sovuq kelgan qishda o‘z gaz zaxiralarini 2018 yildan buyongi eng yuqori sur’atlarda sarflamoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, gaz omborlari 70 foizgacha tushib ketgan, bu o‘tgan yilgi 86 foizlik ko‘rsatkichdan ancha pastdir. Bu esa keyingi yil energetik xavfsizlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Gaz tanqisligi hozircha kutilmayapti, ammo bu holat kelgusi qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishni qiyinlashtirishi va gaz narxlari keskin oshishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti to‘xtashi ham Yevropani qiyin ahvolda qoldirmoqda. Bu yo‘l oldin Yevropa gaz importining 5 foizini ta’minlar edi. Ayniqsa, Vengriya va Slovakiya kabi davlatlar bu tranzitga juda bog‘lanib qolgan edi.

Yevropa gaz zaxiralarini Gretsiya, Turkiya va Ruminiya orqali transbolqon quvuri orqali keladigan gaz bilan to‘ldirish taklifini o‘rganmoqda. Biroq bu yo‘llar Rossiya gazi tranzitiga qaraganda ancha qimmatga tushadi.

Trampning Grenlandiya bo‘yicha rejalari

Donald Tramp Grenlandiyani AQShga qo‘shish bo‘yicha kelishuv amalga oshishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkin dunyo va Grenlandiya xavfsizlik va tinchlikka muhtoj. Trampning o‘g‘li Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga borgan, biroq mahalliy hukumat tashrif xususiy deya, unga peshvoz chiqmagan.

Shuningdek, Tramp Grenlandiya va Panama kanali uzra nazorat o‘rnatishda harbiy va iqtisodiy uslublardan foydalanmasligiga kafolat bera olmasligini ham ma’lum qilgan.

Tramp Meksika qo‘ltig‘ini «Amerika qo‘ltig‘i» deb qayta nomlash rejasini ma’lum qildi va bu bo‘yicha qaror yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u Ukrainadagi urushni olti oy ichida to‘xtatishga umid qilmoqda. Tramp Rossiyaning Ukraina NATO a’zosiga aylanishiga qarshi chiqishiga tushunish bilan qarashini aytdi. Putinning u bilan uchrashuvga tayyorligidan xabardor ekani, lekin bunga u rasman Oq uyga qaytmaguncha qo‘l urib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Tramp u Oq uyga qaytguniga qadar HAMAS garovda ushlab turilganlarni ozod qilmasa «har bir tomon uchun yomon bo‘ladigan holat» yuz berishi mumkinligi bilan tahdid qildi.

Lukashenko hokimiyatni yoshlarga topshiradimi?

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yaqinlashayotgan saylovlar oldidan hokimiyatni yosh avlodga topshirishga tayyorligini ma’lum qildi. U o‘zining hokimiyat tepasida qolishga intilmayotganini qayd etib, hokimiyatni tinch va osoyishta topshirish istagini bildirdi.

«Men hokimiyatga yopishib olganim yo‘q. Tinchlik va osoyishtalik bilan uni yangi avlodga topshiraman. Chunki ularning qanday yashashini ko‘rishni xohlayman. Buning uchun hokimiyatni kuch bilan ushlab qolishga intilayotganim yo‘q», — dedi Lukashenko.

Shu bilan birga, u siyosatdan ketish niyati yo‘qligini, sog‘ligi bor ekan, mamlakat manfaati uchun ishlashda davom etishini ta’kidladi. «Men sog‘lom ekanman, doim sizlar bilanman. Har qanday lavozimda bo‘lsa ham, o‘z qo‘limiz bilan yaratgan narsalarimizni asrash uchun ishlayman», — degan u.

Makkada suv toshqinlari

Saudiya Arabistonida kuchli yomg‘irlar tufayli Makka va Madinada suv toshqinlari yuz berdi. Jidda shahrida ham ko‘chalarni suv bosib, shaharlarni bog‘lovchi yo‘llar buzildi.

Saudi Gazette va Khaleej Times nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Makkaga umra ziyoratiga borgan ziyoratchilar ham kuchli jala ostida qolgan.

Qishda yog‘ingarchilik kam uchraydigan Saudiya Arabistonida bunday holat so‘nggi marta 2024 yilning aprelida kuzatilgan edi.

Arab davlatlaridagi so‘nggi toshqinlar ushbu mamlakatlaridagi drenaj tizimlari kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etishga qodir emasligini ko‘rsatib bermoqda.

Tibetdagi zilzila qurbonlari

Tibetning tog‘li hududlarida ro‘y bergan 6,8 magnitudali kuchli zilzila natijasida kamida 126 kishi halok bo‘lib, 188 kishi yaralangan. Zilzila epimarkazi Tingri uyezdida, yer sathidan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Aftershoklar 4,4 magnitudaga yetib, ko‘plab binolar qulagan.

AQSh Geologiya xizmati zilzilani 7,1 magnitudaga baholab, uning ta’siri Nepal, Butan va Hindistonda ham sezilganini qayd etdi. Tibetning muqaddas Shigajye shahri yaqinidagi Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan hudud ham zarar ko‘rgan.

Voqea joyidagi kadrlarda vayron bo‘lgan binolar va parchalar tasvirlangan. Halokat hududida havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha –8 daraja, kechasi esa –18 darajaga tushishi kutilmoqda.

Tingri uyezdi 62 ming aholiga ega bo‘lib, zilzilalarga moyil hudud sanaladi. 2015 yilda Nepaldagi 7,8 magnitudali zilzila 9 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: