Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining tegishli ma’lumotlarni Internetda joylashtirish bo‘yicha majburiyatlarga rioya etilishi yuzasidan masofadan monitoring o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Monitoring rejali va rejadan tashqari o‘tkazilishi mumkin.
Rejadan tashqari monitoring o‘tkazish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
• jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi tomonidan ochiqlikni ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlari;
• boshqa davlat organlaridan olingan ma’lumotlar;
• OAV va Internetda ochiqlikni ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilishi haqida xabarlar.
Monitoring o‘tkazishning maksimal muddati - 15 ish kuni.
Monitoring yakunlari bo‘yicha Agentlik quyidagi ta’sir choralarini qo‘llashi mumkin:
• davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish;
• qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma chiqarish;
• ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish.