Buyuk Britaniya parlamenti a’zolari mamlakat Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga o‘tkazishi kerak, deb hisoblaydi. Britaniyaning The Times gazetasida 6 yanvar, dushanba kuni chop etilgan ochiq xatida siyosatchilar hukumat Rossiya Markaziy bankining turli mamlakatlarda muzlatilgan zaxiralaridan 300 milliard dollarni Ukrainaga qonuniy yo‘l bilan o‘tkazishni aniqlashi kerakligini ta’kidlamoqda. Ularning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniya hisoblarida saqlanadigan kamida 25,5 milliard funt sterlingni o‘tkazish strategik qarorning «aniq signali» bo‘lib, kelajakdagi mojarolarning oldini olishga yordam beradi.
«Avvalgi kreditlar va favqulodda moliyalashtirish yetarli emas, - deb yozadi deputatlar. - Faqat aktivlardan foydalanish Rossiya o‘z jinoyatlari uchun to‘lashini kafolatlaydi».
Xat Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani urush paytida moliyalashtirish uchun foydalanish bo‘yicha parlament muhokamasi oldidan yozilgan. Muzlatilgan mablag‘lar kompaniya aksiyalari va bank hisobvaraqlaridagi naqd pullarning birikmasidir. Katta yettilik davlatlari allaqachon Ukrainaga 50 milliard dollar miqdorida kredit ajratish majburiyatini olgan, u muzlatilgan aktivlardan olingan foizlar hisobiga qaytariladi. Shu bilan birga, G‘arb siyosatchilarining fikricha, aktivlarni Kiyevga topshirishning o‘zi huquqiy muammolar bilan to‘la bo‘ladi.
Yaponiya RF aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar beradi
Yaponiya hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Kiyevga yana 3 milliard dollar o‘tkazadi. Bu haqda 25 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi. Bir oy oldin Tokio G7 mamlakatlari tashabbusi doirasida Ukrainaga xuddi shunday miqdorni ajratgan edi: u Kiyevga Rossiya aktivlari garovi bilan umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishni nazarda tutadi.
Zelenskiy Shigeru bilan suhbatda Yaponiya hukumati va xalqiga «minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi umumiy qiymati 12 milliard dollarlik yirik gumanitar va moliyaviy yordam uchun» minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Yaponiya bosh vaziriga 25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina energetika infratuzilmasini ommaviy ravishda o‘qqa tutgani haqida gapirdi.
Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshidan beri Kiyevga moliyaviy, gumanitar va noharbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.