Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish orderi muddati uzaytirildi

Jahon 18:42 / 07.01.2025 1646

Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish orderi muddatini uzaytirish haqida qaror chiqardi, deb xabar berdi Yonhap.

6 yanvar kuni Yuqori lavozimli amaldorlarga qarshi antikorrupsiya tekshiruvi boshqarmasi (CIO) rasmiylari Seul G‘arbiy okrug sudiga hibsga olish to‘g‘risidagi orderni uzaytirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritgan edi. Avvalgi orderning muhlati 6 yanvar kuni tugadi.

Tergovchilar yangi order muddati haqida ma’lumot bermadi. Odatda u 7 kunga teng, biroq, Yunni qo‘lga olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar tufayli bundan ham uzoq muddatga uzaytirilgan bo‘lishi mumkin.

Lavozimidan vaqtinchalik chetlatilgan prezident Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha 3 yanvar kungi birinchi urinish samarasiz bo‘ldi. Uni ushlash uchun borgan politsiya vakillari Yun tarafdorlari va qo‘riqchilari qarshiligiga duch keldi va ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

3 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etilganini ma’lum qildi. Keyinchalik u parlament deputatlari qarshiligi tufayli, harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi. Mamlakatda harbiy holat taxminan besh soat davom etdi.

Shundan so‘ng, parlament prezidentga impichment e’lon qilib, lavozimidan vaqtincha chetlatdi. Harbiy holat e’lon qilinishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.

Keyinroq, Yun Sok Yol prezident qarorgohi yonida to‘plangan o‘z tarafdorlariga yozma murojaat yo‘llab, unda «Janubiy Koreyaga tahdid solayotgan davlatga qarshi kuchlarga» qarshi kurashni davom ettirishga va’da berdi.

Ko‘proq yangiliklar: