Ukrainadagi dezertirlik mojarosi: 155-brigada bilan nimalar bo‘lmoqda?

Jahon 07:51 / 07.01.2025 30224

155-brigadadagi tang holat haqida dastlab dekabr oyida harbiy bloger va «Tsenzor.Net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov xabar bergandi. U qo‘mondonlik, qurollanish, jangchilarni tayyorlash hamda brigada harbiy xizmatchilarining yoppasiga dezertirligi bilan bog‘liq muammolar haqida aytib bergan, askarlarning bir qismi Fransiyadagi mashg‘ulotlar chog‘idayoq qochib ketgan.

Oliy rada deputati Maryana Bezuglaya «Anna Kiyevskaya»ni hisobot uchungina tuzilgan, keyin esa yaroqli bo‘linmalari va texnikalari boshqa qismlarga o‘tkazilgan «zombi brigada» deb atadi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 5 yanvar kuni 155-mexanizatsiyalashgan brigada bo‘yicha «hal etilishi lozim bo‘lgan muammoli masalalarga alohida e’tibor qaratgani»ni aytdi. Bu hozircha mazkur mojaro yuzasidan hukumatning hozircha yagona rasmiy reaksiyasi bo‘ldi.

15 noyabr kuni Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu «Anna Kiyevskaya» brigadasi bayrog‘ida o‘z imzosini qoldirdi

Butusovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Volodimir Zelenskiy yanvar boshida Oliy bosh qo‘mondon shtabi yig‘ilishida ushbu bo‘linma bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan hamda ishni shaxsan o‘z nazoratiga olgan.

BBC Ukraina xizmatining prezident ofisidagi manbasi esa bu ma’lumotni rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shtab yig‘ilishida bu masala ko‘rib chiqilmagan.

«Vaziyat bilan esa bir necha hafta oldinroq, Davlat tergov byurosi darajasida ham, harbiy qo‘mondonlik darajasida ham shug‘ullana boshlashgan», — deya qo‘shimcha qilgan manba.

Chindan ham, Davlat tergov byurosi 2 yanvardayoq 155-brigada ro‘y bergan hodisalar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Ish Ukraina jinoyat kodeksining «harbiy vakolatlardan chetga chiqish» (426-modda, 1-qism) va «dezertirlik» (408-modda) bo‘yicha ochilgan.

Byurodagilar BBC muxbiri bilan suhbatda tergovga xalaqit bermaslik uchun tekshiruv tafsilotlari ochiqlanmasligini bildirgan.

Bu qanday brigada va alohidaligi nimada?

«Anna Kiyevskaya» alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi namunali brigadaga aylanishi va to‘lig‘icha Ukrainaning g‘arblik hamkorlari tomonidan tayyorlangan va qurollantirilgan birinchi brigada bo‘lishi kerak edi.

Fransiya rasmiylari ushbu harbiy tuzilma ustidan rasman «homiylik»ni o‘z zimmasiga olgan, prezident Emmanuel Makron hatto ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Anna Kiyevskaya» jangchilarining mashg‘ulotlaridan video va fotolar joylagandi.

Bu tuzilma 2024 yil martida shakllantirila boshlagan. Uning tarkibiga shartnoma asosidagi ko‘ngillilar emas, asosan safarbar qilingan fuqarolar jalb etilgan. Alohida mexanizatsiyalashgan brigadaga rahbar etib jangovar tajribaga ega polkovnik Dmitro Ryumshin tayinlangan.

Kuzda «Anna Kiyevskaya» jangchilari tayyorgarlik ko‘rish va fransuz harbiy texnikalari, xususan minomyotlar va Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmalari bilan tanishish maqsadida Fransiyaga yo‘l olgandi.

Fransuz harbiylari Ukrainaning 155-brigadasi jangchilarini 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida o‘qitdi

Ukrainlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish binolarni tozalash taktikalari, ko‘cha janglari hamda noqulay ob-havo sharoitida bo‘linmalarning harakatlarini muvofiqlashtirishni o‘z ichiga olardi.

O‘quv mashg‘ulotlari ikki oy davom etdi va 2024 yil kuzi oxirida 155-brigada Ukrainaga qaytib keldi. Uning batalyonlari darhol frontning eng qaynoq uchastkasiga — Pokrovsk ostonasiga tashlandi.

Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi «Anna Kiyevskaya»ni Fransiyada NATO standartlari bo‘yicha tahsil olgan hamda g‘arb texnikalari bilan jihozlangan «zamonaviy tuzilma» deb ta’riflagan.

Keyin esa ukrain jangchilarining barchasi ham Fransiyadan Ukrainaga qaytib kelmagani oshkor bo‘ldi.

«Ommaviy dezertirlik»

Butusovning so‘zlariga ko‘ra, brigada sentabr oxirida Fransiyaga yo‘l olishidan oldinroq, undan 935 kishi qochib ketgan. 2 ming jangchi xorijga chiqqan, shundan yana 50 nafar harbiy dezertirlik qilgan. U bu ma’lumot manbasini keltirmagan.

Jurnalist brigadaning xizmat joyini ruxsatsiz tark etish sababli yo‘qotishlarini taxminan 1700 kishiga baholagan, ya’ni 5,8 ming atrofidagi shaxsiy tarkibning 30 foizga yaqini dezertirlik qilgan.

«Anna Kiyevskaya»ni Fransiyadagi mashg‘ulotlar chog‘ida tark etgan dezertirlardan biri anonimlik sharti bilan «Ozodlik radiosi»ga bu vaziyat tafsilotlarini ochiqlagan.

O‘zining aytishicha, u 20 yil muqaddam harbiy kafedrani tamomlagani uchun ofitserlik unvonini olgan, ammo jangovar tajribaga ega bo‘lmagan. 155-brigadada uni muhandislik ta’minoti vzvodiga komandir etib tayinlashgan, holbuki u o‘zida tegishli bilim va ko‘nikmalar yo‘qligini aytgan.

Uni qo‘mondonlik tarkibi vakili sifatida Fransiyada tayyorgarlikdan o‘tish uchun yuborishgan. Ammo uning fikricha, tayyorgarlik darajasi kerakli darajada bo‘lmagan. Va ukrain jangchilari Fransiyada muntazam qo‘riqlov va nazorat ostida bo‘lganiga qaramay, ulardan ayrimlari baribir yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

«Biz yashagan hudud to‘liq o‘rab olingandi. Hammayoqda it yetaklagan fransuzlar yurardi. Tunda hudud ustida dronlar uchirilardi. Devor tikanli sim bilan o‘ralgandi. Ammo qandaydir tarzda u yerdan ham qochishning uddasidan chiqishdi. To‘g‘risini aytsam, agar bizni qamoqxonadagidek qo‘riqlashmasa, yarmimiz qochib ketgan bo‘lardik», — degan harbiy.

155-brigadaning Fransiyadagi mashg‘ulotlar vaqtida binoni shturm qilish mashqi

Hozirda Davlat tergov byurosi ommaviy dezertirlik sabablarini o‘rganmoqda, ammo «Anna Kiyevskaya» bilan bog‘liq vaziyatni unikal deyish mumkinmi?

BBC Ukraina bosh prokuraturasi saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga asoslanib aniqlashicha, 2024 yil kuzi oxirigacha mamlakatda o‘z xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tark etish va dezertirlik faktlari bo‘yicha 95 mingdan ortiq jinoiy ishlar ochilgan.

Nashrning Bosh shtabdagi manbasi haqiqiy raqamlar yanada yuqori ekani — 100-150 ming holat qayd etilganini aytgan. Garchi bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, amalda bu mudofaa kuchlarining butun tarkibining o‘ndan birini tashkil etadi.

Bunday holatlar soni 2024 yilda oshgani majburiy safarbar qilingan harbiy xizmatchilar (ularni ko‘chada yoki boshqa jamoat joylarida ushlab, harbiy komissariatlarga olib ketishmoqda) soni sezilarli darajada oshgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Odatda bunday toifada motivatsiya bo‘yicha katta muammolar bo‘ladi.

Yana bir sabab — keng ko‘lamli urushning ilk oylaridan buyon, uzoq vaqt davomida ta’til olmasdan frontda jang qilgan harbiylar ruhan va jismonan charchaganidir.

Hududiy mudofaa qo‘shinlaridagi brigada komandirlaridan biri bu masalaga izoh berarkan, uning bo‘linmasidagi jangchilarning 20 foizga yaqini dezertirlik qilganini aytadi.

«Boshqa bo‘linmalarda ham taxminan shunday raqamlar. Shifoxonadagi o‘rtacha harorat shunday», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Ya’ni «Anna Kiyevskaya»ning ko‘rsatkichlari Ukraina qurolli kuchlaridagi o‘rtacha statistikadan u qadar katta farq qilmaydi.

Bundan tashqari, ukrain harbiylari xorijdagi mashg‘ulotlar vaqtida dezertirlik qilishi 155-brigada uchun kamyob holat emas. Shunga o‘xshash holatlar oldinroq Germaniya va Britaniyadagi mashg‘ulotlar chog‘ida ham kuzatilgan.

Qo‘mondonlik va texnika bilan bog‘liq muammolar

«Anna Kiyevskaya» dezertirlikdan tashqari qo‘mondonlik va boshqaruvdagi chalkashlik kabi muammolarga ham duch kelgan.

Ukrainaga qaytib kelingach, dekabr oyi boshlarida brigada komandiri Dmitro Ryumshin lavozimidan olingan.

«Men brigadani tark etyapman, ammo ushbu jasur jamoaning bir qismi bo‘lganimdan doimo faxrlanaman», — deyilgan uning 11 dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida.

Ryumshinning o‘rniga 155-brigada boshqaruviga polkovnik Taras Maksimov tayinlanadi. Ushbu ofitser knyaz Roman Velikiy nomidagi 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadani (doimiy joylashuv manzili Volinsk oblasti Volodimir shahrida) boshqarganida tanilgandi.

Maksimov II darajali Bogdan Xmelnitskiy ordeni va qirol Daniil Galitskiy ordeni bilan taqdirlangan.

Dekabr oyi boshida «Anna Kiyevskaya» brigadasi komandiri Dmitro Ryumshin (chapda) lavozimidan olingandi. Uning o‘rniga polkovnik Taras Maksimov (o‘ngda) tayinlangan. Bu aynan brigadadagi dezertirlik mojarosi bilan bog‘liq

Yuriy Butusov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 155-brigada tuzilganidan buyon uning shtati yetti bor o‘zgargan. Shu bilan birga, rahbarlik lavozimidagi ofitserlar ko‘p holatlarda yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan.

«Tsenzor.Net» bosh muharriri brigadadagi batalyonlardan birining «Nik» chaqiruv belgisiga ega komandiridan intervyu olgan, u bo‘linmasidagi deyarli barcha jangchilar safarbar qilinganlardan iborat ekani va raqib pozitsiyalarini shturm qilish buyruqlarini bajarish uchun kerakli jangovar tajribaga ega bo‘lmaganini aytgan. Rotalar komandirlarida ham shu kabi muammolar bo‘lgan.

«Brigada komandiri rota komandirlari buni qila olmasa, demak batalyon komandiri qilishi kerakligini aytdi. Men buni buyruq sifatida qabul qildim», — degan ofitser.

Resurslar cheklangani tufayli batalyon komandiri jangovar topshiriqni bajarish uchun shturmoviklarni emas, texnik ta’minot rotasi harbiylarini olib ketishiga to‘g‘ri kelgan. Ular raqibni yakson etib, pozitsiyani egallagan, ammo qo‘llov yo‘qligi tufayli u yerda mustahkam o‘rnashib qololmagan.

Shu bilan birga, batalyon komandiri «Anna Kiyevskaya» brigadasi hozirda amalda shakllanish jarayonida ekani, jangchilar endigina jangovar tayyorgarlik va muvofiqlashtirish bosqichini o‘tayotganini aytgan.

«Agar brigadaning kuch va vositalari to‘liq, shaxsiy tarkib ham nisbatan yaxshi tayyorlangan va muvofiqlashtirilgan bo‘lsa, jang qilish ham osonroq bo‘lardi», — deya qayd etgan «Nik».

155-brigada batalyonlaridan birining komandiri «Nik» aytishicha, brigada jang maydonida ham amalda shakllanish jarayonini davom ettirmoqda. Foto: Butusov plyus

Butusovning ma’lum qilishicha, 155-brigada to‘lig‘icha fransuz hamkorlar tomonidan jihozlangan, ammo Ukrainaga qaytilganidan keyin uning artilleriyasining bir qismi, birinchi navbatda Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmalari divizioni boshqa jangovar brigadalarga o‘tkazilgan.

Butusov «Anna Kiyevskaya»da radioelektron kurash vositalari hamda dronlar bilan bog‘liq muammolar ham borligini yozadi. Ushbu harbiy tuzilmaga faqat 150 ta dron berilgan — bu oldingi chiziqdagi «eng ko‘p sarflanadigan» qurol uchun juda kam miqdor sanaladi.

Kombat «Nik» dronlar bilan bog‘liq muammo bo‘lganini tan oladi, ammo bu masala ko‘ngillilar yordamida hal etilmoqda. Shuningdek, dron operatorlarini o‘qitish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tilmoqda, chunki Fransiyada bu sohada olingan bilimlar Ukrainadagi jang maydoni uchun yetarli bo‘lib chiqmagan.

«Bizda (dronlar bilan bog‘liq) holat boshqa brigadalar bilan solishtirganda u qadar achinarli emas. Ammo hozirda ularning soni oshirilmoqda», — degan ofitser.

Kim aybdor?

Yuriy Butusov aytishicha, «Anna Kiyevskaya»ni tayyorlash va uning bo‘linmalarini frontga yuborishga «G‘arb» operativ qo‘mondonligi mas’ul bo‘lgan. Brigada qo‘mondoni Ryumshin esa jangchilarning ishtiyoqsizligi va bo‘linmalarni boshqarishdagi muvaffaqiyatsizlik uchun lavozimidan ayrilgan.

Ammo «G‘arb» qo‘mondonligidagilar BBC uchun bergan izohida «Anna Kiyevskaya» brigadasi uchun javobgar bo‘lmaganini bildirishgan. Shu bilan birga, ushbu tuzilmani tayyorlashga aynan kim javob berganiga aniqlik kiritilmagan. Hozirda brigada «Hortitsa» operativ-strategik guruhi tarkibidagi «Donetsk» operativ-taktik guruhi bo‘ysunuvida.

«Ular (155-brigada jangchilari) amalda bizning bo‘ysunuvimizda emasdi. Ular «bizniki» edi, ammo barcha tayyorgarlik va boshqa ishlar Bosh shtabning boshqa tarkibiy bo‘linmalari va boshqarmalari tomonidan amalga oshirilgan», — degan «G‘arb» operativ qo‘mondonligi vakili, polkovnik Oleg Dombrovskiy.

«Ko‘ryapsizmi, bu brigadada yuzaga kelgan muammolar va vaziyat, aslida front chizig‘idagi vazifalarni bajarayotgan deyarli barcha harbiy tuzilmalarimizga xos, — deydi ofitser. — Ammo bu shu tarzda yuzaga chiqqani — bu bo‘yicha nimadir qilish kerakligi haqidagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i».

Dombrovskiy 155-brigada muammolarini yetarlicha «tipik» deb atagan va buning sababi «global masalalar»da emas, balki ko‘proq shaxsiy tarkibda, degan fikr bildirgan.

«Bormi, bor, qabilida bo‘lgan. Ammo bunday xulosalar chiqarish lozim», — deydi u.

Eskilari o‘rniga yangi brigadalar

Harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxov «Anna Kiyevskaya» brigadasining muammolari butun Ukraina qurolli kuchlari uchun xosligi haqidagi fikrlarga qo‘shiladi. Bu safarbar qilingan piyoda qo‘shinlar yetarli darajada tayyorgarlikka va ishtiyoqqa ega bo‘lmagani, qo‘mondonlik tarkibi tez-tez o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar hamda texnika va o‘q-dorilar yetkazib berilishidagi uzilishlarni anglatadi.

Tahlilchilar, deputatlar va harbiylar yechim sifatida yangi brigadalar shakllantirish amaliyotidan voz kechib, mavjudlarini kuchaytirishni taklif qiladi. Bu qurolli kuchlar tarkibida faqat qog‘ozda jangovar ko‘rinib, front chizig‘iga borganida muammolarga duch keladigan «zombi bo‘linmalar» paydo bo‘lishiga barham berishi kerak.

Hozirda bosh shtab ko‘p hollarda mavjud jangovar brigadalarni faqat biriktirilgan bo‘linmalar bilan mustahkamlamoqda, bular odatda vaqtinchaga qo‘shib beriladigan batalyonlar bo‘ladi.

Aslida bunday yangi brigadalar paydo bo‘lishi g‘arb qurollari bilan bog‘liq, deydi Jiroxov. Operativ vaziyat Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga jangovar brigadani qayta qurollantirish uchun front chizig‘idan olib chiqishga imkon bermaydi. Buning uchun yangisini tuzish osonroq.

«Masalan, 155-brigada to‘lig‘icha fransuz qurollari bilan jihozlangan. Hozirda frontda turgan «eski» brigadani qayta jihozlash uchun uni qayta tiklash maqsadida olib chiqish talab etiladi», — deya izohlaydi tahlilchi.

«Anna Kiyevskaya»ning muammolari chindan ham deyarli barcha yangi tuzilgan brigadalar uchun xos, deydi harbiylar va ekspertlar

Brigadani qaytadan tiklashga kamida ikki oy ketadi, bu vaqtda yangi qurollarni o‘zlashtirish va ular bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish kerak bo‘ladi. Intensiv harbiy harakatlar sharoitida esa bu deyarli imkonsiz.

Chiqish yo‘li butun brigadalarni emas, alohida batalyonlarni bosqichma-bosqich rotatsiya qilish bo‘lishi mumkin. Muammolarning yana bir yechimi — yangi brigadalarni noldan emas, balki tajribali jangovar ofitserlar asosida tashkil etish.

«Ya’ni urush ko‘rgan bir batalyon bo‘lsa, uning atrofida yangi brigada shakllantirsa bo‘lsadi», — deydi Jiroxov.

Shu bilan birga, «eski» brigadalar ko‘pincha eng yaxshi ofitserlarini boshqa «yangi» brigadaga yuborishni istamaydi, deya qo‘shimcha qiladi u. Tahlilchining fikricha, Ukraina qurolli kuchlarini asosini polk darajasida kengaytirilgan batalyonlar tashkil etuvchi diviziya tizimiga o‘tishi orqali vaziyatni qisman tuzatish mumkin.

Ammo, bu keng ko‘lamli urush sharoitidagi armiya uchun uzoq va qiyin kechadigan jarayon, deydi ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: