«Oltin tog‘lar» va’da qilgan Tramp. Uning rejasida nimalar noto‘g‘ri?

Jahon 11:51 / 06.01.2025 10804

Iqtisodchilar fikricha, Tramp tomonidan taklif etilgan yo‘llar Amerikaga boylikni oshirish, sanoatni qayta tiklash va Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasini to‘xtatishda unchalik samarali bo‘lmasligi mumkin.

Uning jamoasi tomonidan «ilk kundayoq» qat’iy o‘zgarishlarni amalga oshirish qobiliyati, Trampning tahdidlariga qaramay, tahlilchilarda shubhalar uyg‘otmoqda va taklif etilgan islohotlar ko‘p holatlarda bir-biriga zid kelishi ta’kidlanmoqda.

Masalan, Tramp barcha importga tariflarni oshirish, soliqlarni kamaytirish, migrantlarni deportatsiya qilish va neft hamda gaz qazib olishni ko‘paytirishni va’da qilmoqda. Uning maqsadi – iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo defitsitini qisqartirish, dollarni zaiflashtirish va inflatsiyani pasaytirishdir.

Biroq, tariflarni oshirish va deportatsiya qilish dollarning zaiflashuviga qarshi turib, narxlarni ko‘tarishga, shuningdek, kredit stavkalari va valutalari kursini oshirishga sabab bo‘ladi. Migrantlarni deportatsiya qilish esa iqtisodiy o‘sishni zaiflashtiradi va bu vaziyatda soliqlarni kamaytirish budjet tanqisligi, davlat qarzi va uning foizlari bo‘yicha sarflarni yanada oshiradi.

Energiya resurslariga narxlar past bo‘lgan sharoitda neft va gaz qazib olishni oshirish neft va gaz kompaniyalarini bankrotlik xavfiga duchor qiladi, bu esa qazish ishlari, investitsiyalar va ishlab chiqarishni qisqartirishga olib keladi.

Trampning siyosati va ana shunday murakkab va ziddiyatli tashabbuslaridan kelib chiqilsa, uning yanvar oyi oxirida Oq uyga ko‘chib kirib, amaldagi ishlarga o‘tishidan keyingina AQSh iqtisodiyotining bir-ikki yillik prognozlarini berish mumkin bo‘ladi. Biroq, bu Trampning asosiy e’lon qilingan islohotlarini to‘plab, ularning Amerika va dunyo uchun ehtimoliy oqibatlarini baholashga hozirdanoq xalaqit bermaydi, deb yozmoqda BBC.

Tramp bojlar evaziga Amerika sanoatchilarini xitoylik raqobatchilaridan himoya qilishni va’da qilmoqda. Bu surat saylovoldi kampaniyasida Detroytdagi avtomobil ehtiyot qismlari zavodida tushirilgan. Foto: AFP

«Men past soliqlar, yumshoq tartibga solish, arzon energiya, arzon kreditlar va barcha fuqarolarning daromadlari tez o‘sishini va’da qilaman, — degandi Tramp sentabr oyida. — Mening rejam inflatsiyani tezda yengishga, narxlarni kamaytirishga va iqtisodiy o‘sishni portlovchi sur’atlarda qayta tiklashga imkon beradi».

Tramp saylovchilarni osongina ishontirdi. Ammo mutaxassislarni emas.

«Taklif qilingan choralar katta ehtimol bilan puxta o‘ylanmagan, shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan va bu Amerika hamda jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin», — deydi iqtisodchi Pol Mortimer-Li. U XVF va Angliya bankida faoliyat yuritgan, hozirda esa Nyu Yorkda BNP Paribas’ning Amerika iqtisodiyotini tahlil qilish bo‘limiga rahbarlik qiladi.

«AQSh oldida ko‘plab murakkab muammolar turibdi, va aniqki, Tramp ularni oddiy va uzoq ta’sir ko‘rsatuvchi choralar, nihoyatda oddiy va nihoyatda uzoqqa mo‘ljallangan choralar bilan hal qilishga urinib ko‘radi», — deb xulosa qiladi u Tramp tashabbuslarini tahlil etib.

Xo‘sh, Tramp o‘zi nimalarni taklif qilmoqda va nega tanqidchilar uning rejalari kutilganidek ishlashidan shubhalanmoqda?

Bojlar, tariflar va savdo urushlari

Tramp savdo hamkorlariga import bojlari orqali bosim o‘tkazishga tahdid qilmoqda. Bojxona tariflari uning iqtisodiy va tashqi siyosatidagi asosiy qurol bo‘lib, bu safar ularni ilk prezidentlik davriga nisbatan faolroq qo‘llash niyatida. Asosiy maqsad — boshqa mamlakatlarni Amerika tovarlarini ko‘proq sotib olishga majbur qilish, savdo defitsitini qisqartirish va Amerika sanoatini qayta tiklash.

Saylovoldi kampaniyasida Tramp AQShga kiruvchi barcha importga 10 foizdan 20 foizgacha qo‘shimcha boj to‘lovlari joriy etishni va’da qilgandi. Uning asosiy raqibi bo‘lgan Xitoyga esa 60 foizlik boj qo‘yish bilan tahdid qilgan.

Prezidentlikka saylangach, u o‘z bosimini davom ettirib, qo‘shni Meksika va Kanadaga 25 foizlik boj to‘lovlarini joriy etish tahdidini ham bildirdi. Shuningdek, agar Yevropa mamlakatlari AQShdan neft va gaz sotib olish hajmini oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olmasa, ularga nisbatan ham shu kabi choralarni qo‘llash bilan qo‘rqitdi.

Bundan tashqari, BRICS davlatlari — Xitoy bilan birga AQShning muhim savdo hamkorlari hisoblangan Braziliya va Hindiston — o‘zlarining o‘zaro hisob-kitoblarida dollarga muqobil izlashni davom ettirsa, Tramp ularga 100 foizlik boj to‘lovlari joriy qilishini aytgan.

Tarif urushlaridagi muammolar nimada?

Birinchidan, savdo hamkorlari bunga javoban qarshi bojlar joriy etish yoki o‘z valutalarini qadrsizlantirish orqali javob qilishlari aniq.

Xitoy esa, avvalgi tajribadan kelib chiqib, AQSh tovarlariga nisbatan import cheklovlari joriy qilish bilan tahdid qilmoqda.

Buning natijasida AQSh iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashadi, narxlar esa tezroq o‘sadi. AQSh Kongressi Budjet ofisi Senat spikeri va moliya hamda budjet bo‘yicha qo‘mita rahbarlari so‘roviga javoban Tramp tariflarining oqibatlarini shunday baholagan.

Narxlar o‘sishi AQSh markaziy bankini inflatsiyaga qarshi kurash maqsadida kredit stavkalarini pasaytirish jarayonini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Bu esa iqtisodiyot yanada sekinlashishiga, budjet va aholi daromadlari qisqarishiga, shuningdek, taqchillik va qarzlar oshishiga olib keladi.

Bu holat Trampning iqtisodiy islohotlar uchun belgilab olgan maqsadlariga ziddir.

Soliqlarni pasaytirish

Tramp soliqlarni keng miqyosda qisqartirishni va’da qilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – biznesni qayta jonlantirish va iqtisodiy o‘sishni tezlatish.

Foto: EPA

O‘zining avvalgi prezidentlik muddati davomida Tramp soliqlarni biroz kamaytirgan, ammo 2017 yilda qabul qilingan soliq imtiyozlari paketi 2025 yilda tugaydi. Tramp nafaqat bu imtiyozlarni uzaytirishni, balki yangi soliq yengilliklarini joriy etishni ham va’da qilmoqda. Qabul qilingan soliq daromadlari yo‘qotishini u yangi import bojlari va davlat xarajatlarini qisqartirish orqali qoplashni rejalashtirmoqda.

Soliqlarni pasaytirish bilan bog‘liq muammolar nimada?

Import bojlari yo‘qotilgan daromadlarni qoplash uchun yetarli emas. Ular davlat xazinasiga o‘n yillar davomida taxminan 2 trln dollar olib keladi, xolos. Shu bilan birga, Pol Mortimer-Lining hisoblashicha, soliqlarni qisqartirishning kutilayotgan xarajati 5 trln dollarni tashkil etadi. Urban Institute va Brookings Institution soliq siyosati markazi esa bu raqamga yanada qayg‘uli tus bergan — 9 trln dollar.

2025 yilda soliqlarni oshirishni bekor qilish budjet daromadlarini qisqartirsa-da, iqtisodiy o‘sishni tezlashtirmaydi. Bunga sabab yangi budjet stimullarining yo‘qligidadir. Agar Oq uy qo‘shimcha soliqlarni pasaytirish rejalarini o‘ylab topgan taqdirda ham, yangi soliq paketini Kongressdan o‘tkazish qiyin bo‘ladi. Hatto u qabul qilingan taqdirda ham, amal qilish faqat keyingi budjet yilida boshlanadi.

Avvalgi muddatda Trampga radikal soliq islohotini darhol amalga oshirish imkoni bo‘lmagan edi. Bu safar ham uning imkoniyatlari yuqori emas: an’anaviy ravishda bunday islohot uchun Senatda kamida 100 ta o‘rindan 60 tasining qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Hozirda esa respublikachilar Senatda 53 o‘ringa ega, xolos.

Migrantlarni deportatsiya qilish

So‘nggi yillarda AQShga migrantlar oqimi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Tramp faqat chegaralarni yopish emas, balki legalizatsiyani kutayotgan barcha migrantlarni chiqarib yuborishni va’da qildi. Bu millionlab odamlarga taalluqli.

Foto: EPA

Migrantlarga qarshi kurash qanday muammolarni keltirib chiqaradi?

Migrantlar oqimi tufayli AQSh iqtisodiyoti so‘nggi yillarda imkoniyatlarining eng yuqori darajasida o‘sib bormoqda. Bu mamlakat jahonning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Yevroittifoqni ham ortda qoldirib, minimal ishsizlik darajasida rivojlanmoqda.

Ishchi kuchi taklifi qisqarishi sharoitida deyarli to‘liq bandlikning mavjudligi iqtisodiy o‘sishni sezilarli darajada sustlashtiradi, budjet daromadlarini kamaytiradi va inflatsiyani tezlashtiradi: avval ish haqlari o‘sadi, keyin esa narxlar.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida AQShga 10 mln dan ortiq odam kirib kelgan. Pandemiyagacha migratsiya har yili AQShga taxminan yarim million yangi ishchi qo‘shib berardi. Koviddan keyingi davrda bu ko‘rsatkich ikki millionga yetdi, deb hisoblaydi Barclays tahlilchilari.

Agar Trampning barcha noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish bo‘yicha va’dalari amalga oshmasa ham, ochiq chegaralar davri saylovlardan oldin tugagan edi. Jo Bayden kuzda migratsiya siyosatini qat’iylashtirgan, bu choraning o‘zi 2025 yilda ishchi kuchi taklifini 700 ming kishiga qisqartiradi, deb prognoz qilmoqda Barclays.

Tramp, ehtimol, cheklovlarni yanada kuchaytiradi, bu esa AQSh iqtisodiyotining asosiy rivojlanish motorlaridan biri — arzon ishchi kuchi oqimini to‘xtatadi.

Bundan tashqari, ish haqlari va narxlar o‘sishi Amerika markaziy banki — Federal zaxira tizimi uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Iqtisodiyot sustlashganda, Tramp iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun foiz stavkalarini pasaytirishni talab qiladi. Ammo inflatsiya bosimi Federal zaxirani stavkalarni saqlab qolishga yoki hatto oshirishga majbur qiladi.

Xalqaro moliya instituti (Institute of International Finance) ekspertlari ta’kidlashicha, «ayniqsa migrant ishchilariga bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, qurilish va sog‘liqni saqlash sohalarida ishchi kuchi tanqisligi ish haqlari o‘sishiga va inflatsiya bosimi kuchayishiga olib keladi. Bu Federal zaxira uchun qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, noaniq bo‘lsa-da, deportatsiya xavfi ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqarishi va iste’molchi kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkin».

Davlat xarajatlarini qisqartirish va budjet taqchilligini yo‘qotish

Tramp davlat budjeti xarajatlarini tejash vazifasini milliarder Ilon Maskka ishonib topshirdi. Mask esa bu vazifani o‘z zimmasiga olgan zahotiyoq davlat xarajatlarini 2 trln dollarga qisqartirishni va’da qildi.

Ilon Mask. Foto: Reuters

Bunday iqtisodiy chora bugungi kundagi budjetdagi katta «teshik»ni yopishi va Oq uyning asosiy iqtisodiy muammosini hal qilishi mumkin. AQSh hukumati oxirgi uch yil davomida gigant budjet taqchilligi bilan yashab kelmoqda, bu defitsit yalpi ichki mahsulotning 6 foizidan ortiqni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich tinchlik davri uchun misli ko‘rilmagan holatdir.

Budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi bunday katta farq nafaqat qarz tez ortishiga olib keladi. Bundan tashqari, budjetdagi taqchillik hukumatni kutilmagan iqtisodiy krizislar uchun manyovr qilish imkoniyatidan mahrum etadi. Agarda urush, pandemiya yoki retsessiya yuz bersa, aholini qo‘llab-quvvatlash va biznesni rag‘batlantirish uchun xarajatlarni keskin oshirish kerak bo‘ladi. Ammo bunday katta defitsit sharoitida hukumatga yana qarz olish juda qimmatga tushadi va deyarli imkonsiz bo‘ladi.

Nega davlat xarajatlarini qisqartirish oson emas?

Davlat xarajatlarini 2 trln dollarga qisqartirishni himoyalangan budjet moddalarini (sog‘liqni saqlash va keksalarni ijtimoiy ta’minlash) keskin kamaytirmasdan amalga oshirishning iloji yo‘q. Aksincha, aholi qarib borayotgan bir paytda ijtimoiy xarajatlarni oshirish zarurati paydo bo‘ladi.

Har qanday boshqa xarajatlar 1,7 trln dollardan oshmaydi. Ularning yarmi mudofaa uchun sarflansa, qolgani transport, ta’lim, uy-joy, fan va atrof-muhitga yo‘naltiriladi. Ularni qisqartirish ham qiyin.

Tramp elektromobillar uchun Baydenning «yashil» islohoti doirasida joriy qilingan subsidiyalarni bekor qilishni va’da qilgan. Ammo bunga erishish ham oson emas. Bloomberg tahlillariga ko‘ra, elektromobillar va batareyalar ishlab chiqaruvchi 25 ta yirik zavoddan 19 tasi respublikachilar nazoratidagi okruglarda joylashgan. Qolganlari ham Tramp g‘olib chiqqan shtatlarda.

Shu sababli, 2 trln dollarlik tejamkorlik o‘rniga, hozirda yillik 500 mlrd dollargacha bo‘lgan kamroq raqam muhokama qilinmoqda. Hattoki shu ham katta summa.

Bu YaIMning 1,7 foiziga teng. Biroq, tariflarni oshirish va migrantlarni deportatsiya qilish bilan birga, bunday darajadagi budjet xarajatlarini qisqartirish iqtisodiy tanazzulga olib kelishi mumkin, deya ogohlantiradi BNP Paribas’ning Mortimer-Li.

Agar budjet siyosati keskin kuchaytirilsa va retsessiya boshlansa, AQSh Federal zaxira tizimi pul-kredit siyosatini yumshatishiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi vaziyatda davlat xarajatlari yuqori bo‘lib, xususiy kredit FZTning yuqori stavkalari bilan cheklanmoqda. Agar budjet xarajatlari kamayib, FZT iqtisodiyotni past stavkalar bilan rag‘batlantirsa, dollar kursi pasayishi mumkin, deb yozadi Mortimer-Li.

Tramp aynan shunday narsani xohlayapti. Ammo retsessiya evaziga emasligi aniq.

Dollarni zaiflashtirish

Tramp va uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens dollarni zaiflashtirish g‘oyasini bir necha bor oldinga surgan. Ular kuchli dollar AQShga zarar yetkazadi, chunki u Xitoy va boshqa mamlakatlardan importni arzon va oson qiladi, shu tariqa AQShning sanoat bazasini zaiflashtiradi, deb hisoblaydi.

Foto: Reuters

Trampning jamoasi Ronald Reygan davridagi «Plaza» kelishuvi singari AQShning savdo sheriklarini o‘z valutalarini qayta baholashga majbur qilish g‘oyasini ham muhokama qilgan.

Nega Tramp uchun dollarni devalvatsiya qilish qiyin bo‘ladi?

Institute of International Finance tahlilchilari fikriga ko‘ra, Trampning boshqa islohotlari dollarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

«Soliqlarni kamaytirish, savdo tariflari, infratuzilmaga xarajatlar va migratsiya qoidalarini qat’iylashtirish — bularning barchasi kredit stavkalari ko‘tarilishiga olib keladi, bu esa dollar yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi», — deydi ular.

AQSh iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonch ham dollarni kuchaytirishga olib keladi. Chunki xorijlik sarmoyadorlar Tesla, Apple, Amazon kabi yirik AQSh korporatsiyalari aksiyalarini xarid qilish uchun avval dollar sotib olishi kerak.

Tramp jamoasining yangi «Plaza» kelishuvi yoki «Mar-a-Lago kelishuvi»ni taklif qilish g‘oyasi haqiqatga yaqin emas, deb hisoblaydi OMFIF’ning yetakchi eksperti Mark Sobel.

«Tramp jamoasi dollarni zaiflashtirishni xohlaydi, ammo bunga qanday erishish kerakligini tushunmaydi. Tariflar va yumshoq budjet siyosati dollarni zaiflashtirmaydi, aksincha, uni mustahkamlaydi», — deydi Sobel Financial Times uchun yozgan maqolasida.

1985 yilda imzolangan «Plaza» kelishuvi davrida dunyo boshqacha edi. O‘shanda markaziy banklarni intervensiya qilishga majbur qilish, AQSh budjeti taqchilligini qisqartirish va Yaponiya hamda boshqa savdo sheriklarini ichki talabni oshirishga undash mumkin edi. Bu choralar savdo va sarmoya balansini to‘g‘rilab, dollarning mustahkamlanishini kamaytirishga xizmat qilgan.

Hozirda esa markaziy banklar mustaqil va ularning asosiy vazifasi — inflatsiyani nazorat qilish. Shu bilan birga, budjetni rag‘batlantirish uchun ortiqcha mablag‘ deyarli hech bir davlatda yo‘q.

Bundan tashqari, o‘sha paytda AQShning asosiy savdo sheriklari uning ittifoqchilari edi. Hozirda esa Yaponiya, yevrozona davlatlari va Buyuk Britaniyadan tashqari, AQSh o‘zining asosiy raqibi — Xitoy bilan ham kelishuvga erishishi kerak bo‘ladi.

Neft va gaz qazib olishning o‘sishi

«Burg‘ila, jonim, burg‘ila!» — Trampning yorqin saylovoldi shiori AQSh neft va gaz sanoatini gullatishga va’da beradi. AQSh dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lib, ushbu tarmoqdagi o‘sishdan manfaatdor.

Tramp neft quvurlari qurilishiga, tabiat qo‘riqxonalarida qazish ishlariga va suyultirilgan gaz eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni va’da qilmoqda. Maqsad — benzin narxini pasaytirish, biznes va sanoatni arzon energiya bilan ta’minlash orqali daromadlar va raqobatbardoshlikni oshirish.

Foto: khaleejtimes.com

«Bu imkonsiz». Nega?

Qazib chiqarish hajmini oshirish taklif ortishiga va narxlar tushishiga olib keladi. AQShdagi ko‘plab neft-gaz kompaniyalari hozirda ham rentabellik chegarasida faoliyat yuritmoqda. Narxlar tushishi ularni yangi quduqlar qazish emas, balki mavjud quduqlarni yopishga majbur qiladi. Bu kovid paytida ham shunday bo‘lgandi, chunki talab keskin pasaygan.

«Tramp yanvarda lavozimga kirishgandan so‘ng, quruqlikdagi neft qazib chiqarish hajmi o‘zgarishini kutmayapmiz», — deydi Rapidan Energy Group kompaniyasi neft tahlilchisi Hanter Kornfeynd. «Tramp saylovoldi kampaniyasida neft narxlari tushishi haqida gapirgandi, biroq bir vaqtning o‘zida ham narxlarni pasaytirish, ham ishlab chiqarishni faol oshirish mumkin emas. Bunday bo‘lmaydi».

Neft va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha sarmoya qarorlari Oq uy ma’muriyati yoki mansabdor shaxslar tomonidan emas, xususiy kompaniyalar tomonidan aksionerlar daromadini ko‘zlab qabul qilinadi.

Suyultirilgan gaz eksporti bilan bog‘liq holat esa teskaridir.

Gazni eksport qilish manfaatli, chunki uning Yevropada va Osiyodagi narxi AQShdagiga nisbatan besh barobar yuqori. Bayden davrida joriy qilingan eksport cheklovlarini bekor qilish kompaniyalar uchun sotuv va foyda hajmini oshiradi. Biroq bu ichki bozorda taklifni qisqartirib, narxlarni oshiradi. Holbuki, Tramp mutlaqo teskarisini va’da qilgan edi.

Nega Trampning harakatlari cheklangan?

Iqtisodchi Nuriel Rubinining fikricha, Tramp tomonidan taklif qilingan ayrim islohotlar AQSh farovonligini oshirish va narxlar o‘sishini cheklashga yordam berishi mumkin. Ammo boshqa choralar muvozanatsizlik va inqiroz xavfini keltirib chiqaradi.

«Biznesni qo‘llab-quvvatlash, soliqlarni pasaytirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, regulyatsiyalarni kamaytirish, neft va gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish iqtisodiyot o‘sishiga va inflatsiya sekinlashishiga olib kelishi mumkin», — dedi Rubini Bloomberg podkastida.

Ammo u bu jarayonda muammoli chora-tadbirlarni ham sanab o‘tdi:

  1. Tariflar va Xitoy bilan iqtisodiy urush
  2. Qat’iy antiimmigratsion choralar
  3. Soliqlarni qisqartirish va budjet taqchilligining nazoratsiz o‘sishi
  4. Dollarning nazoratsiz devalvatsiyasi
  5. FZT (Amerika markaziy banki) mustaqilligiga aralashuv.

Rubini bu choralarning Amerika uchun stagflyatsiya — sekin iqtisodiy o‘sish va yuqori inflatsiya sharoitidagi to‘xtab qolish xavfini keltirishi haqida ogohlantirdi.

Ma’ruzalarida ko‘proq qo‘rqinchli prognozlari bilan tanilgan Rubini bu safar vaziyatga nisbatan optimistik yondashadi. Uning fikricha, Tramp o‘ta destruktiv siyosat yuritishga qodir emas va noto‘g‘ri yo‘lga kirsa, o‘z yo‘nalishini to‘g‘rilashga majbur bo‘ladi.

Bunga bir nechta sabablar bor:

Mo‘’tadil iqtisodiy jamoa: Trampning iqtisodiy jamoasi a’zolarining ayrimlari mo‘’tadil qarashlarga ega. Masalan, bo‘lajak moliya vaziri Skott Bessent. Rubinining ta’kidlashicha, u stagflyatsiyaga olib keluvchi siyosat iqtisodiyot va bozorlarga zarar yetkazishini yaxshi tushunadi.

Dollar va savdo urushlariga qarshi pozitsiya: Bessent kuchli dollar va savdo urushlariga qarshi ekani, hatto Tramp jamoasining monolit ko‘rinishidan ham cheklovchi omil bo‘lishi mumkin.

Nyu York birjasi. Foto: Reuters

Bulardan kelib chiqib, Rubini Tramp hukumatining ko‘plab g‘oyalari amalga oshirilmasligi mumkinligi va ichki va tashqi balans o‘rnatilishiga ishonadi.

Ikkinchidan, bozorlar Trampning iqtisodiy siyosatidagi har bir harakatini diqqat bilan kuzatmoqda va noo‘rin qarorlar qabul qilinsa, Amerika aktivlarini ommaviy sotish bilan javob beradi. Agar Trampning dastlabki iqtisodiy siyosat qadamlari inflatsiya ortishi belgilarini ko‘rsatsa, obligatsiyalar narxi pasayadi, stavkalar esa ko‘tariladi.

«Obligatsiyalar daromaddorligi o‘sishi fond bozori tushishiga olib kelishi mumkin. Trampni haqiqatan bezovta qiluvchi narsa bor bo‘lsa, u ham fond bozori», — deydi iqtisodchi Nuriel Rubini.

Brookings Institution tadqiqotchisi Duglas Rediker ham shunday fikrda. Uning ta’kidlashicha, Trampni savdo va tarif siyosatlarida keskin qadamlardan nafaqat Amerika biznesi va ittifoqchilari, balki savdo hamkorlari ham qaytaradi. Ammo asosiy cheklovchi omillar iqtisodiyot va fond bozori reaksiyasi bo‘ladi.

Tramp lavozimga kirishishidan oldinoq jiddiy signal berilgandi. Amerika markaziy banki Trampning inflatsiyaga olib keluvchi rejalari haqidagi fikrlarni inobatga olib, dekabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda siyosatini biroz qat’iylashtirgan. Bu, FZTning kredit stavkalarini tushirish sur’atlari Tramp g‘alabasiga qadar kutilganidek tez bo‘lmasligini anglatgan edi.

Bozor bu qarorga tez javob berdi. Aksiyalar sotuvi shunchalik keng ko‘lamli bo‘ldiki, rojdestvo va yangi yil bayrami oralig‘ida asosiy indeks 3 foizga tushdi — bu kabi holat so‘nggi marta o‘tgan asr o‘rtalarida kuzatilgan edi.

Amerika fond bozori ikki yillik rekordli o‘sishdan so‘ng, investorlar sabrlarining so‘ngi nuqtasiga yetdi. Ular bozor tuzatuvlarini kutishdan charchagan va Trampning dasturi kutilgan natijalarni bermayotganiga ishora qiluvchi har qanday signal bozor sotuvini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa Oq uyni radikal islohotlardan qaytarish ehtimolini oshiradi.

«Bozorlarning keskin tushishi yoki inflatsiyaning to‘satdan o‘sishi Trampning islohotlari uchun eng samarali to‘siq bo‘lishi va uni siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin», — deydi Duglas Rediker.

Ko‘proq yangiliklar: