Xitoyda metapnevmovirus grippdan keyingi ikkinchi eng ko‘p tarqalgan O‘RVIga aylandi

Jahon 20:39 / 05.01.2025 6705

Xitoyning ko‘plab hududlarida odam metapnevmovirusi bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda 2 yanvar kuni Xitoy Kasalliklar nazorati va profilaktikasi boshqarmasi xabar berdi.

Boshqarmaning qayd etishicha, hozirda mamlakat bo‘ylab o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) tarqalishi muntazam oshib bormoqda.

23–29 dekabr kunlariga oid ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, O‘RVI orasida gripp an’anaviy ravishda birinchi o‘rinda: grippga o‘xshash alomatlarga ega bemorlardan olingan namunalarning 30,2 foizida gripp virusi aniqlangan (bir hafta oldingidan 6,2 foizga yuqori).

Ikkinchi eng keng tarqalayotgan O‘RVI – odam metapnevmovirusi bo‘lib, laborator tahlillarning 6,2 foizida ushbu infeksiya aniqlanyapti (bir hafta oldingidan 0,1 foizga yuqori). Metapnevmovirusga chalinish holatlari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ko‘paygan. O‘sish ko‘proq Xitoyning shimoliy hududlariga to‘g‘ri keladi.

Grippga o‘xshash belgilar kuzatilayotgan bemorlarning 4,9 foizida rinovirus, 3,7 foizida adenovirus aniqlangan.

“Qish uchun odatiy hol”

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning 3 yanvar kungi matbuot anjumanida nafas olish yo‘llari infeksiyalari qish mavsumida eng yuqori cho‘qqiga chiqishi odatiy hol ekani, xorijliklar uchun Xitoyga sayohat qilish xavfsiz ekanini ta’kidladi.

Shifoxonalarning gavjumligi haqidagi xabarlar to‘g‘risida so‘ralganda, u “kasalliklar o‘tgan yilga nisbatan yengilroq va kichikroq miqyosda tarqalayotgani”ni aytdi.

Kambodja Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish departamenti metapnevmovirusi va Covid-19 o‘rtasidagi o‘xshashliklarni qayd etgan. Indoneziya, Hindiston va Yaponiya kabi qo‘shni mamlakatlarda OAV fuqarolarni Xitoydagi vaziyatdan xabardor bo‘lishga va ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan.

Qozog‘istonda – 30 ta holat

5 yanvar kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham o‘z statistikasini taqdim etdi. Vazirlik metapnevmovirus yangilik emasligi, u klassik viruslar qatorida turishini qayd etgan.

Statistikaga ko‘ra, mamlakatda joriy epidemik mavsum boshidan (1 oktyabrdan)dan buyon 8360 ta holatda respirator namunalar gripp bo‘lmagan viruslarga tekshirilgan. Shundan 1866 tasida test natijasi ijobiy bo‘lgan, jumladan, eng kam – 30 ta holatda metapnevmovirus aniqlangan:

  • rinovirus – 680 ta holat (36,4 foiz),
  • MS virusi – 433 (23,2 foiz),
  • adenovirus – 226 (12,1 foiz),
  • koronavirus – 206 ( 11,1 foiz),
  • parainfluyenza – 178 (9,5 foiz)
  • bokavirus – 113 (6,1 foiz)
  • metapnevmovirus – 30 (1,6 foiz).

Metapnevmovirus nima?

Metapnevmovirus (HMPV) – 50 yilga yaqin vaqtdan buyon barcha qit’alarda aylanib yuradi. Ilk marta 2001 yilda Niderlandiyada aniqlangan.

Odamdan odamga asosan havo-tomchi yo‘li bilan (virusni yuqtirgan shaxsning yo‘talishi, aksirishi, burun suyuqligi yoki tupugi orqali) yuqadi.

Inkubatsion davri 3-5 kun. Asosiy simptomlari – yo‘tal, tumov, nafas qisilishi, isitma, bosh va tanada og‘riqlar. Shuningdek, toshmalar paydo bo‘lishi, qayt qilish yoki diareya holatlari ham kuzatilishi mumkin.

Metapnevmovirus bilan har qanday yoshdagi odamga yuqishi mumkin. Immuniteti kuchli odamlarda yengilroq o‘tadi. Yosh bolalar, qariyalar, o‘pka kasalliklariga chalingan va immunitet tanqisligi bo‘lganlarda og‘ir kechishi va pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Aynan shu virusga qarshi ishlovchi alohida dori-darmon yo‘q. Simptomatik davo choralari ko‘riladi. Virusni yuqtirib olgan bemor immunitetining kuchlilik darajasiga qarab bir-ikki hafta ichida organizmning kurashish qobiliyati bilan muolajalarsiz tuzalib ketishi ham mumkin.

Profilaktika

Yuqtirib olishning oldini olish choralari infeksion kasalliklardan saqlanish bo‘yicha universal qoidalar bilan bir xil:

  • O‘RVI mavsumida odamlar gavjum joylar, ayniqsa, yopiq joylarga borishni kamaytirish;
  • xonani muntazam ravishda ventilyatsiya qilish;
  • virus yuqtirgan odamlar bilan aloqani cheklash, ularni izolyatsiya qilish;
  • shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, qo‘lni tez-tez yuvish yoki antiseptik vositalardan foydalanish.
Ko‘proq yangiliklar: