Damashq aeroportida 7 yanvardan xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatish qayta tiklanadi. Bu haqda Suriya Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi rahbari Ashhad al-Salibi ma’lum qildi.
«Biz 2025 yil 7 yanvardan boshlab Damashq aeroporti xalqaro reyslarni qabul qilishni boshlashini e’lon qilamiz», — deydi u.
Al-Salibi aeroport qaysi aviakompaniyalar reyslarini qabul qilishiga aniqlik kiritmagan.
«Arab va boshqa xorij aviakompaniyalarini ishontirib aytishim mumkinki, biz sheriklarimiz yordamida Damashq va Halab aeroportlari faoliyatini to‘liq qayta tiklash ustida ish olib bormoqdamiz», — deya qo‘shimcha qiladi Al-Salibi.
Qayd etilishicha, Qatar Airways Damashqqa parvozlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan. Ayrim aviakompaniyalar esa Suriya poytaxti aeroporti bilan ishlashga qiziqish bildirmoqda, ammo ular avvaliga logistika va xavfsizlik bilan bog‘liq qator muammolarni hal etish niyatida.