Xitoyning Tszyansu provinsiyasidagi Janubi-sharqiy universitet tadqiqotchilari jamoasi mamlakatdagi birinchi aeroelektrokarni yaratib, uni namoyish etdi, deb xabar beradi Global Times.
Southeast University Kunpeng No.1 nomini olgan elektromobil to‘rtta o‘qli parakka ega. Ammo an’anaviy uchar taksilardan farqli ravishda u yerdagi mobillik hamda havoda uchish imkoniyatlarini birlashtirgan yer-havo vositasi sifatida ishlab chiqilgan.
Maksimal 500 kilogrammli yuk bilan elektromobil uzog‘i bilan 20 daqiqa ucha oladi, parvoz balandligi esa 300 metrgacha yetishi mumkin. Yo‘lda esa mazkur transport vositasi soatiga 60 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Ayni vaqtda uchar elektrokar yuqori sig‘imli akkumulyatorga ega.
Mutaxassislar, shuningdek, parvoz davomiyligini ikki soatga yetkazish maqsadida qo‘shimcha tadqiqotlar olib bormoqda.
Uchar avtomobillarni ishlab chiqarish bilan faqat Xitoy shug‘ullanmayapti. 2024 yil mart oyida Hindistonning ePlan kompaniyasi uchar taksi prototipini sinovdan o‘tkazish rejalari haqida xabar bergandi. Kompaniya asoschisi Satya Chakravartining so‘zlariga ko‘ra, prototip shahar sharoitida foydalanish mumkin bo‘lgan ixcham uchish apparati hisoblanadi.
Shuningdek, Amerikaning ixcham samolyotlar ishlab chiqaruvchi Joby Aviation kompaniyasi 2025 yil oxirigacha Nyu-York va Los Anjyelesda “havo taksisi”ni ishga tushirishni rejalashtiryapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sayohat narxi Uber Black tarifi darajasida bo‘ladi – taxminan 100−200 dollar. Keyinchalik bu Uber XL tarifi narxlariga tushishi mumkin – 50-100 dollar.