2023 yil 7 oktyabrdan, ya’ni Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari boshlanganidan beri 28 nafar isroillik harbiy o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Isroil armiyasi xabar berdi.
Isroil armiyasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektoriga hujumlar boshlanganidan beri o‘z joniga qasd qilgan harbiylar soni sezilarli darajada oshgan.
2024 yilda o‘z joniga qasd qilgan harbiylar soni 21 nafarni tashkil etdi, bu so‘nggi 13 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir, deya qayd etdi Isroil armiyasi.
Bundan tashqari, 2024 yilda o‘z joniga qasd qilgan 21 nafar harbiy xizmatchining 7 nafari oddiy askar, 12 nafari zaxiradagi askar bo‘lgan.
Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 17 nafar harbiy xizmatchi o‘z joniga qasd qilgan. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin yettita o‘z joniga qasd qilish holati sodir bo‘ldi.
2022 yilda 14 ta, 2021 yilda esa 11 ta shunday holat qayd etilgan.
Isroil armiyasi, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon minglab isroillik askar ruhiy kasalliklar tufayli jang maydonini tark etgani haqida xabar berdi.