«Amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda...» – G‘ayrat Do‘stovning qamalishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda
Jamoatchilik va faollar kimnidir qamash bilan energetik muammolar tugab qolmasligini aytib, oddiy xalq vakili qamab qo‘yilishini tanqidga toqatsizlik va adolatsizlik deb baholamoqda. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, G‘ayrat Do‘stov ayni vaqtda vaqtincha saqlash izolyatorida emas, u jazo o‘tayotgan joyidan Toshkent shahar IIBBga so‘roqqa olib ketilgan.

Foto: Videodan kadr
23 dekabr kuni uzoq kutishlardan so‘ng navbati yetay deganda gaz to‘ldirish stansiyasi yopib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, yirtilib ketgan poyabzalini ko‘rsatgan holda mas’ullarga o‘z noroziligini namoyish etgan fuqaroning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
31 dekabr kuni u Toshkentda qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining 26 dekabrdagi qarori bilan fuqaro G‘ayrat Do‘stov «mayda bezorilik» sodir qilgan, deb topilib 15 sutkaga qamalgan.
Bu xabar keng jamoatchilik va faollarda norozilik uyg‘otmoqda. Bu muammoni emas, balki uni gapirib chiqqan insonni «yo‘qotish» hamda adolatsizlik, deya baholanmoqda.
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov 2025 yil boshida «inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilamiz», degan shiorga ishonishi hamda fuqaro kafolat ostida olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘lishini yozgan.
«G‘ayrat Do‘stovga kafolat berib olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramog‘ida bola-chaqasi ko‘z tikib o‘tirgandir.
Davlatning Kuch proporsiyasi bor, Mehr proporsiyasi ham. O‘z kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi».
Bundan tashqari, Otabek Bakirov sovuq kunlar kirib kelishi va yana navbatlar fonida istalgan boshqa o‘zbekistonlik ushbu fuqaroning o‘rnida bo‘lishi mumkinligini yozgan. U energetika sohasi uchun mas’ullarni gaz berilmayotgan o‘rinda, yetarlicha va jonli axborot berishga chaqirgan.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa og‘zi shaloq amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda, botinkasi teshik oddiy bir xalq vakili qamab qo‘yilishini adolatdan emas, deya baholagan.
«Agar xalq adolatni his qilsa, juda ko‘p muammolarga sabr bilan chiday oladi. To‘g‘ri, muammolardan norozi bo‘lib, e’tirozini baralla aytadiganlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiy, chunki xalq bu yaxlit tana emas, 37 million xil insondan tarkib topgan. Ammo gapirib-gapirib, baribir muammolarga sabr qilishda, tishini-tishiga qo‘yib, turmush tashvishlari bilan o‘ralashishda davom etaveradi. Axloqsizlikka o‘tmaydi. Dardini aytib, sal yengillashishi mumkin, chunki bu jinoyat emas.
Ammo xalq adolatni his qilmasa, har qadamda adolatsizlikni ko‘rsa, unda bu yomon. Bunaqada taranglashgan asablar axloq chegarasini kesib o‘tadi, oqibati kafolatlanmagan.
Og‘zidan shodi kirib, bodi chiqqan hokimlar bitta uzr bilan qutulsa, o‘z vakolati doirasidan chiqib, qonunlarga tupurib qo‘yadigan ayrim mas’ullar oddiy ogohlantirish bilan cheklansayu, lekin uzoq vaqt metanda navbat kutib, endi navbati kelganda «zapravka» yopilib qolganidan fig‘oni ko‘kka chiqqan, botinkasi teshik oddiy bir xalq vakilini qamab qo‘yishsa, bechora Yangi yil bayramini oila davrasida emas, panjara ortida kutib olsa, bunda xalq adolatsizlik ko‘radi. Va bu adolat ham emas, albatta.
Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zig‘irchalik foydasi bo‘lmagan, ammo xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi nuqtayi nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqani bilmayman. Ammo bu xatoning o‘rnini qoplash uchun juda ko‘p ish qilinishi kerakligini aniq bilaman», — deydi huquqshunos.
Sobiq deputat va Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev esa holatni tanqidga toqatsizlik bilan javob berilishi belgisi, deb atagan.
«Mana shu ishni bekor qilishibdi. Bu har qanday e’tiroz va tanqidga toqatsizlik bilan javob berilishining belgisi. Shoir aytganidek, «tor ko‘ngulluk beklar, man-man demang, kenglik qiling!». «Bek«larimiz bag‘rikenglik qilishmabdi», – deydi Kusherboyev.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu fuqaroni 15 sutkaga qamash bilan O‘zbekistonning energetika muammolari barham topmasligini eslatgan.
«Shu akani 15 sutkaga qamab qo‘yishibdi, hozir advokatlar bu kishiga ko‘ngilli ravishda yordam berish uchun yugurib yurgan ekan. Shu akani 15 sutkaga qamash bilan qani endi O‘zbekiston gaz importchisidan yana gaz eksportchisiga aylanib qolsa, O‘zbekistonning energetika muammolari barham topsa. O‘zbekistonliklar energetika muammolarini, umuman, muammolarni gapirmagani bilan muammolar yo‘q bo‘lib qolmaydi-ku.
Hozirgi O‘zbekiston avvalgisidan sal bo‘lsa-da yaxshiroq bo‘lsa, aynan shu jihati — muammolar aytilgani va keyin ularga yechimlar topilgani bilan yaxshiroq bo‘lmaganmidi axir? Aka bechora pragaliklardan yil davomida eshitgan har xil gaplarni gapirgan bo‘lsa ham mayliga edi», — deydi A’zamxo‘jayev.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning yozishicha, 1 yanvar holatiga G‘ayrat Do‘stov ma’muriy qamoq o‘taladigan «Panelniy»da emas, Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan.
«Bektemir sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov so‘roq uchun 27 dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan. Bugun uning advokati Adham aka bilan Panelniydagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni bo‘lgani bois, u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi.
Sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tayotgan shaxsni nega so‘roqqa olib ketishgani va u yerda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi. Hozircha 3 nafar ko‘ngilli advokatda uni himoya qilishga order bor. Ko‘ngillilar soni ortmoqda», — deydi huquq faoli.
Kun.uz holat yuzasidan Toshkent shahar IIBBga murojaat qilib, rasmiy izoh ololmadi.
Mavzuga oid

10:41 / 05.03.2025
Korrupsiya muammosini jamoatchilikka olib chiqishda OAVning o‘rni ortmoqda - prezident

21:07 / 23.02.2025
“Tanqidlar og‘rig‘ini ichga yutaverib, xastalik orttirdim” – jurnalist Nozima Vohidova bilan suhbat

13:47 / 27.01.2025
Abdurahmon Tashanov o‘ziga bosimlar boshlanganini ma’lum qildi

13:30 / 24.01.2025