O‘zbekiston | 12:12 / 31.12.2024
4150
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ispaniya tibbiy avtomashinalarni birga ishlab chiqarishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Farrux Tursnov amaliy tashrif bilan Ispaniyaning Galisiya avtonom hamjamiyatida bo‘ldi.

Safar davomida Galisiya avtonom hamjamiyati ma’muriyati mutasaddilari va yetakchi kompaniyalar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Galisiya avtonom hamjamiyati prezidenti maslahatchisi Diyego Kalvo bilan uchrashuv chog‘ida ispan tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini yuqori baholadi va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. Qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, avtomobilsozlik, neft-kimyo, farmatsevtika, shuningdek, turizm va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident maslahatchisi Galisiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Ayniqsa, Toshkentdan Madridga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ochilishini hisobga olgan holda mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Inditex bosh direktori Oskar Garsiya bilan muzokaralar chog‘ida to‘qimachilik sanoatida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni sohaning raqobatdosh afzalliklari, jumladan, resurs salohiyati, preferensiyalari va logistika imkoniyatlarini taqdim etdi. O‘zbekistondagi zamonaviy korxonalarga buyurtma berish va barqaror ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalangan holda quvvatlarni yaratish bo‘yicha tajriba loyihalarini ishlab chiqish taklif etildi.

Inditex kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistonda logistikani optimallashtirish va ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish imkonini beruvchi markazni yaratish orqali yetkazib berish zanjirini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Ispaniya tomoni, shuningdek, O‘zbekiston barqaror to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun istiqbolli bozor sifatida qaralishini ta’kidladi.

O‘zbekiston elchisi tashrif davomida Rodriguez Lopez Auto kompaniyasi bosh direktori Xose Enrike Rodriges bilan muzokara o‘tkazdi. Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimini rivojlantirish bo‘ldi.

Kompaniya qo‘shni davlatlarga mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega zamonaviy tibbiy avtomashinalarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Mavzuga oid