“Eshiklar har doim ochiladi, faqat ularni taqillatish kerak” – Apple tajribasi o‘zbek ayoli talqinida

Jamiyat 11:06 / 30.12.2024 3390

Navbatdagi qahramonimiz rekrutingdan raqamli mahsulot dizaynigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan 37 yoshli Sadoqat Kaziyeva. Dunyoning top kompaniyalari hisoblanadigan Samsung va Apple'da ishlab tajriba orttirgan Sadoqat bugun o‘zbek jamiyatiga texnologik yechimlar bera oladigan loyihalar ustida ishlamoqda. Uning maqsadi odamlar hayotini yengillashtirishga o‘z hissasini qo‘shish.

Sadoqat Kaziyeva Toshkentda tug‘ilgan. 16 yoshida ta’limini Angliyada davom ettirgan. U yerda biznes boshqaruvi bo‘yicha bakalavr darajasini olib, oilaviy Amerikaga ko‘chib o‘tadi. Karerasini dastlab Samsung`da, keyin Apple'da davom ettirgan. Bugungi kunda jamiyatimizda insonlar hayotini yengillashtirish uchun innovativ texnologik loyihalar muallifi va dizayneri. 3 nafar farzandning onasi.

Dastlabki karera

Qahramonimiz odamlarni o‘rganish, ularni xohish-istaklarini tushunishga hamisha qiziqqani uchun dastlab HR – Human Recourses (Inson resurslari bilan ishlash) sohasini tanlab, Amerika kompaniyalarida ishlashni boshlaydi. Shu tariqa shu soha bo‘yicha dastlab Samsung’da, keyin esa Apple'da o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Raqamli mahsulot dizayni sohasiga kirib kelish

Yangi bilimlarni o‘rganish va cho‘qqilarni zabt etishga ishtiyoqmand qahramonimiz o‘z sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lish va jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun o‘zi ishlayotgan kompaniyalarida o‘z pozitsiyasidan tashqari inson resurslari bilan ishlash bo‘limidagi barcha lavozimlarda taqlidchi xodim (shadow worker) sifatida ishlab ko‘radi. Va sohaning umumiy portretini o‘rganib, sezilarli yutuqlarga erishgandan keyin, o‘zini savolga tuta boshlaydi. Bu holatni u quyidagicha izohlaydi.

“Kunlarning birida top kompaniyalardan biri – Samsung’da, o‘zim xohlagan ishimda ishlayotgan bo‘lsam ham, nimadir yetishmayotgandek tuyula boshladi. Va ichimda “bu nima” degan savolga har kuni duch kelardim”, – deydi Sadoqat Kaziyeva.

Shu tariqa yangi bilimlarni yangicha resurslardan qidirishni, o‘rganishni boshlaydi. Va o‘zi uchun yangi dunyoni kashf etadi. Bundan qariyb 12 yil ilgari Amerikada raqamlashtirish jarayoniga mutaxassislarni avvalgiga qaraganda ko‘proq jalb etish boshlanadi: dasturchidan tortib, mahsulot dizaynerigi qadar. Aynan shu kabi ishchilarni ishga olish jarayonida u o‘zi uchun qiziq sohani topib, uni turli mustaqil resurslardan o‘rganishni boshlaydi.

“O‘sha vaqtlarda UX/UI (foydalanuvchi tajribasi dizayni) dizaynerlarini yoppasiga ishga olishni boshladik. Va men shunaqa soha borligini, ular nima ish qilishlarini suhbat jarayonida o‘rgana boshladim. Bo‘lajak xodimlar bilan suhbatlashganim sari, ularni ishlash jarayoni, sohaviy prinsiplari meni qiziqtira boshladi. Va men bu sohani turli resurslardan mustaqil o‘rganishni boshladim, chunki u paytda kurslar hozirgidek ommalashgan emasdi” – deydi u.

Sumsung’dan Apple'ga

Bir joyda o‘sish va rivojlanishsiz turolmaydigan qahramonimiz o‘zi musiqachilar oilasidan bo‘lgani uchun, hamisha san’atga xos tuyg‘ular og‘usida yashaganligini aytadi. Shuning uchun ichidagi kreativlik hissini to‘liq namoyon eta oladigan kompaniya qidira boshlaydi. Natijada, Apple'ga ishlash uchun ariza topshirishga qaror qiladi.

“Texasda uyimizga juda yaqin joylashgan Apple ofisi bo‘lardi. Kunlarning birida Samsung’dan ketib, Apple'ga ishga topshiraymikan degan fikr kelib qoldi”. – deydi u.

Apple'ga ishga kirish Sadoqat Kaziyeva uchun oson bo‘lmagan. Bu jarayonda 6 bosqichli intervyudan o‘tganligini, jarayon xuddi tergovdek kechganligini aytadi. Intervyu jarayonidagi savollarga alohida to‘xtalib, Apple odamlarning kirishuvchanligini qadrlashini aytidi.

“Jarayon nega bunchalik murakkab ekanligini keyinchalik tushundim: Apple odamning ichki iqtidorini kashf etishni xohlaydi. Ochilmasak kim ekanligimizni bila olmaymiz”.

 Apple'dagi boshqaruv

“Apple'da ishlaganimda boshlig‘im to‘satdan “aytilgan muammolarning yechimi qani” deb so‘rab qolgan. Juda hayratlanganman ochig‘i. Sababi Samsung’da muammoni har doim boshliqlar berishiga o‘rganib qolgan ekanman. Meni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan menejerdan biroz ranjiganman ham. Keyinchalik ish jarayonida hamkasblarimdan bilganmanki, Apple'da odam odamni boshqarmaydi. Va jarayondagi muammolarga nisbatan faqat boshliqlar qaror qabul qilmaydi. Ular tushunishadi – kamchilik topish istalgan odamning qo‘lidan keladi, ammo bor muammoga yechim taklif qilish har kim uchun ham mo‘ljallanmagan” – deydi u.

Dizayn bu – san’at va mantiqning jamlanmasi

“Dizayner bo‘lish oson emas – deydi u – dizayn shunchaki ish emas, sabr va tinimsiz mehnatning mevasi. Yaxshi dizayner bo‘lish uchun har kuni yangi narsalarni o‘rganish va ilhomlanish uchun sabab topa olish kerak. Eng muhimi, o‘rganganlarni ishlata olish ham dizaynning muhim prinsiplaridan biri”.

“Dizaynda vizual kutubxonaga ega bo‘lish eng keraklisi. Vizual kutubxona esa mavjud go‘zalliklardan olish mumkin. Masalan: tabiat, musiqa va muzeylardan yoki biron veb-sahifa va resurslardan”.

Vizual kutubxona – mavjud predmetlarning aslida qanday bo‘lishi kerakligi xususida ko‘rib, uning shakli va xususiyatlari haqida tasavvur hosil qilish.

“Dizaynda asosiysi, bitta manba bilan cheklanib qolmaslik, 5 emas 25 ta manbadan qidirish. Sababi dizaynda ish jarayoni aylana diagrammaga o‘xshaydi va topding degani yakun degani emas. Aksincha, qidirishni boshlashing kerak degani. Va bu jarayon hech qachon yakunlanmaydi” – deydi Sadoqat Kaziyeva.

Eshiklar har doim ochiladi, faqat ularni taqillatish kerak

“Karerada ikkilanish bu – normal holat. 20 yoshda ma’lum bir ishni qilish, butun umr shu ishni qilish kerak degani emas. Shunday fikr bilan juda ko‘pchilik o‘sishdan to‘xtab qoladi. Erta-kech degan narsaning o‘zi yo‘q. Har kim ichki intuitsiyasiga quloq tutib, qarorlar qabul qilishi kerak”.

“Hayotimda juda ko‘p intervyulardan o‘tganman, o‘zim intervyu ham olganman. Va juda ko‘p rad javobini ham olganman. Qayerdandir rad javobini olish – hayot tugadi degani emas. Shunchaki siz bu joyga yoki bu joy sizga mos kelmagan bo‘lishi mumkin. Buni oddiy qabul qilish va davom etish kerak. Eshiklar juda ko‘p va ular har doim ochiladi, faqat ularni taqillatish kerak”.

Nega o‘zbeklar emas?

Qahramonimiz turmush o‘rtog‘i bilan vaqt o‘tib Amerika va Angliya tajribalarini jamiyatimizdagi raqamlashtirish jarayonlarida qo‘llashni istab, O‘zbekistonga qaytishdi. Va odamlarning hayotini yengillashtirish uchun u yerdagi loyihalardan bizga moslarini, jamoa yig‘ib aholi orasida tadbiq etishni boshlashadi. Shulardan biri – O‘zbekistondagi sport komplekslari va fitnes industriyasidagi barcha jarayonlarni raqamlashtirish:

“Bu loyihaga qo‘l urganimizning ikkita sababi bor. Birinchisi, bir kun kelib, o‘zim mustaqil 0 dan mualliflik loyihamni qilaman. Odamlar undan foydalanishadi degan orzuyim bo‘lgan. Ikkinchisi, turmush o‘rtog‘im va jamoamiz bilan bir savolni o‘zimiz uchun shior qilib olganmiz: “nega o‘zbeklar emas?” Nega o‘zbeklar qila olmasligi kerak, nega faqat chetdan mahsulot kutishimiz va chetdan kelgan mahsulotlar sifatli bo‘ladi deb o‘ylashimiz kerak degan savolni o‘zimizga berganmiz. Aynan shu sterotipni buzish uchun shu loyihaga qo‘l urganmiz” – deya izohlaydi mualliflik loyihasini Sadoqat Kaziyeva.

Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustalari : Sherzod Egamberdiyev, Javohir G‘ayratov

Ko‘proq yangiliklar: