Suriyaning Tartus viloyatida mamlakatning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asadning tarafdorlari yangi hukumat politsiyasining 14 vakilini o‘ldirgan. Bu to‘qnashuv haqida noyabr oyi oxiridagi isyonga boshchilik qilgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» tuzgan o‘tish davri hukumati xabar berdi. Yangi hukumat mintaqadan «Asad kuchlari»ni siqib chiqarish maqsadida amaliyot boshlaganini e’lon qildi.
O‘tish davri hukumatining ichki ishlar vaziri Muhammad Abdulrahmonning izohlashicha, huquq-tartibot organlari guruhi Asadga sodiq kuchlar qo‘ygan «pistirma»ga duch kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya politsiyasining 14 xodimi halok bo‘lib, yana kamida 10 xodim jarohat olgan.
Ofisi Britaniyada bo‘lgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) otishmada qurollangan uch kishi o‘ldirilganini xabar qilgan. Tashkilot xabarida ular ozchilikni tashkil etuvchi alaviylar vakili bo‘lgani haqida gap yo‘q.
Suriyadagi vaqtincha hukumat «mamlakat xavfsizligiga putur yetkazuvchi yoki uning fuqarolari hayotini xavf ostiga qo‘yuvchi» harakatlarni amalga oshiradigan har qanday kuchga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni va’da bergan.
Asad tarafdorlari bo‘lgan kuchlar bilan to‘qnashuv Suriya g‘arbida, asosiy aholisi Asadlar sulolasi tayanchi hisoblangan alaviylar yashovchi Tartus port shahri yaqinida ro‘y bergan.
25 dekabr kuni bir vaqtning o‘zida Suriyaning bir necha shahrida shialar va alaviylar namoyishlarga chiqdi.
Bu norozilik aksiyalariga ijtimoiy tarmoqlarda Halab shahridagi alaviylarning Al-Husayn ibn Hamdon Al-Hashibiy ziyoratgohiga hujum haqidagi video tarqalishi sabab bo‘lgan.
Suriyaning yangi hukumati ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video noyabr oyi oxiridagi yurish vaqtida olingan. Ammo bu bayonot alaviylardagi norozilik to‘lqinini to‘xtatishga yordam bermadi.
Namoyishlar Homs shahrida ham o‘tkazilgan, bu yerda norozilik aksiyasi qatnashchilaridan kamida bir nafari politsiya bilan to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan. Shuningdek, Tartus, Lataqiya hamda Bashar Asadning otasi Hafiz Asad tug‘ilgan Kardax shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan.
Lataqiya va Homs shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari tarqatilganidan keyin bir kechaga — 26 dekabr kuni ertalabki soat 8 ga qadar komendantlik soati joriy etilgan.
Namoyishlarning talablari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot yo‘q. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, norozilik aksiyalari ishtirokchilari, katta ehtimol bilan, Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin xavfsizlik kafolatlari berilishini istamoqda.
Aksiyalar o‘tkazilgan hududlar aholisi vakillari agentlikka aytishicha, bu hodisalar Asad rejimi qulaganidan keyin alaviylarga nisbatan bosim kuchaygani va zo‘ravonlik holatlari uchragani oqibatida kelib chiqqan.
Asadlar oilasi mansub bo‘lgan alaviylar yangi hukumat tomonidan Asad rejimi vaqtida amalga oshirilgan qiynoqlar va qatllar uchun qasos olinishidan qo‘rqmoqda.
Alaviylarning hududlardagi yetakchilari Suriyaning yangi hukumatini o‘z jamoalari uchun «umumiy amnistiya» e’lon qilishga chaqirmoqda.
Bashar Asad rejimi ag‘darilishi bilan yakunlangan isyonga boshchilik qilgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbarlari bir necha marta diniy va etnik ozchilik vakillarining huquq va erkinliklari ta’minlanishiga va’da bergan.
Ammo diniy va etnik ozchiliklar vakillari o‘z xavfsizligidan xavotirda ekanini aytishmoqda.
Xususan, oldinroq Suriyadagi minglab xristianlar Skalbiya shahrida rojdestvo archasi yoqib yuborilgani tufayli Damashqda norozilik aksiyasini o‘tkazishgandi. Ular mamlakatning yangi hukumatidan diniy ozchilik huquqlarini ta’minlashni talab qilishgan.
Alaviylarda o‘z xavfsizligidan xavotirlanish uchun sabablar xristianlarnikidan ko‘proq.
Suriyada Bashar Asad rejimidan jabrlangan o‘n minglab oilalar o‘z yaqinlarining azob-uqubatlari va halokatida aybdor bo‘lganlar «adolatli sud qilinishi va jazolanishi»ni kutmoqda.
2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi davomida hukumat yuz minglab kishilarni lagerlarda saqlagan, huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, bunday joylarda qiynoqqa solish oddiy holat hisoblangan.
Ofisi Turkiyada joylashgan Sednaya qamoqxonasi mahbuslari va bedarak yo‘qolganlar assotsiatsiyasi (ADMSP) xabar qilishicha, 2011 yildan 2018 yilga qadar bo‘lgan davrda bu qamoqxonada 30 mingdan ortiq mahbus qatl etilgan yoki qiynoqlar hamda tibbiy yordam yo‘qligi natijasida yoki ochlikdan vafot etgan.
Bundan tashqari, Bashar Asad hukumatiga xizmat qilgan sobiq zobitlar qurollarni topshirishdan bosh tortmoqda va Suriyaning yangi hukumati ular hokimiyatni qaytarib olishga urinishidan xavfsiramoqda.