Shavkat Mirziyoyev samolyot halokati yuzasidan Janubiy Koreya prezidentiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston 14:05 / 29.12.2024 2928

Shavkat Mirziyoyev Koreyaning Muan shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida yo‘lovchilar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mokka ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

“Davlatimiz rahbari Koreya xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”, deyiladi xabarda.

Hodisa bugun, 2024 yil 29 dekabr kuni ertalab soat 9:07 da (Toshkent vaqti bilan 5:07) sodir bo‘ldi. Jeju Air kompaniyasining Boeing 737−8AS yo‘lovchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, to‘siqqa urilgan va yonib ketgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida jami 181 kishi bor edi: 175 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi. Ulardan 179 nafari halok bo‘lgan. Bir nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri qutqarib qolingan.

Yo‘lovchilarning aksari, 173 kishi — Janubiy Koreya, yana ikki nafari — Tailand fuqarolari bo‘lgan. Halokat sabablarini aniqlash uchun tergov boshlangan.

Ma’lumot uchun, Koreyadagi hodisa so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan uchinchisi hisoblanadi. Bundan avval 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boku — Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti qulab tushdi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 62 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolaridan 38 nafar odam halok bo‘ldi. 29 kishi tirik qoldi, biroq ularning ayrimlari shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

Bugun, 2024 yil 29 dekabr kuni Kanadaning Halifaks shahrida PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan 2259  Air Canada Express samolyoti qattiq qo‘nishni amalga oshirgan.
CBC News xabariga ko‘ra, samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida sirpanib ketgan va uning bir qismi yona boshlagan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari darhol evaukatsiya qilingan va yong‘in o‘chirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: