Zarafshon shahridan Navoiy shahriga ketayotgan bog‘cha mudiralari YTHga uchradi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat kecha, 28 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi topshirig‘i bilan olis hududlar – Uchquduq va Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahridan ham ta’lim tizimi xodimlari Navoiy shahriga tadbirga chaqirilgan.
Ushbu tadbirga Zarafshon shahridan kelayotgan 4 nafar bog‘cha mudirasi yo‘lda YTHga uchragan. Ulardan biri mashina boshqaruvida bo‘lgan.
YTH oqibatida Zarafshon shahridagi 3-sonli MTT mudirasi Galina Gubina voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, mashinada bo‘lgan qolgan 3 kishi turli tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda keltirilishicha, 28 dekabr kuni soat 10:30 da viloyat “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida Navoiy viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lgan.
“Sarhisob tadbirida uzoq yillar ta’lim sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan, 2024 yilda yutuqlarga erishgan rahbar kadrlarni, tizimda yuqori natijalarga erishgan pedagog xodimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan edi. Rag‘batlantiriluvchi rahbar kadrlar orasida Zarafshon shahridagi 3-son davlat maktabgacha ta’lim muassasasi direktori Gubina Galina Fedorovna ham bor bo‘lgan. Yo‘lda avtohalokat tufayli Galina Fedorovnaning vafoti munosabati bilan tadbir qoldirilganini ma’lum qilamiz”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Hozirda shifoxonaga yotqizilgan bog‘cha mudiralarining holati yaxshi ekani aytilmoqda.