Donald Tramp vositachiligida (u 20 yanvarda AQSh prezidenti lavozimiga rasman kirishadi) muzokaralar jarayoniga kirishishdlan oldin Kreml Donbassdagi nazorat hududini kengaytirishga urinmoqda. RF qurolli kuchlari ushbu region janubi va markazida birdaniga uchta yirik amaliyotni yakunlash bosqichida — ular Velika Novosilka va Kuraxovoni qurshab olish arafasida. Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qo‘shinlari keyingi jang uchun qulayroq boshlang‘ich sharoitlarni tayyorlamoqda: kelgusida Pokrovskni ham qurshab olish uchun uni janub va g‘arbdan aylanib o‘tmoqda. Kursk oblastida, shimoliy koreyalik harbiylar jangga tashlanganiga qaramay, RF qurolli kuchlari hali Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi platsdarmini bartaraf etishga yaqinlashmayapti, Kiyev mazkur hududdan muzokaralarda «savdo aktivi» sifatida foydalanishni rejalashtirgan.
Velika Novosilka
Rossiya armiyaci Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka rayon markazi atrofidagi halqani qismoqda. Amaliyot g‘oyasi ukrain qo‘shinini mazkur rayon markazida, Mokriye Yali daryosining sharqiy sohilida (shaharning asosiy qismi aynan daryoning sharqiy sohilida joylashgan) qamab qo‘yishni nazarda tutadi. Buning uchun shimolga, Pokrovsk tomon ketuvchi yo‘lni to‘sib qo‘yish talab etiladi. Bundan tashqari, posyolka qurshab olinishi va shturm qilinishi RF qurolli kuchlari daryoning g‘arbiy sohilidagi tepaliklarga chiqishi hamda janubdan Mokriye Yali bo‘ylab hujum qilishini osonlashtirishi kerak.
Muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shini bu vazifalarni hal qilishni uddaladi. Dekabr oyi boshida RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan, shimolga olib boruvchi yo‘lni Noviy Komar qishlog‘i yaqinida to‘sib qo‘yishdi, ammo ukrain qo‘mondonligi bu yerga zaxira kuchlarini yubordi hamda qishloq va yo‘l ustidan nazoratni qaytarib oldi. Ammo bir necha kun oldin Rossiya bo‘linmalari navbatdagi yurishni amalga oshirib, yana yo‘lni to‘sib qo‘yishdi.
Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Mokriye Yali janubidagi vodiyga ham hujum qilmoqda. Natijada, Makarovka va Storojyevoye qishloqlarini mudofaa qilayotgan ukrain bo‘linmalari qurshovga tushib qolgan. Qurshovdagilarning katta qismi shimolga chekinishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiya qo‘shini ularni ta’qib qilib, Neskuchnoye va Vremevkaga yaqinlashib kelishgan, bu qishloqlar butun daryo vodiysi va Velika Novosilkadan teparoqda joylashgan. Endi rayon markazi amalda qurshov holatida: shimolga olib boruvchi yo‘l kesib qo‘yilgan, Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Mokriye Yalidagi o‘tish yo‘llarini bombalamoqda va Ukraina garnizoniga ta’minot yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Kuraxovo
Kuraxovoni egallash rejasi shimol (Selidovo va Gornyakni egallagan guruhlar bilan) va janubdan (yil boshida Vuhledarni egallagan qo‘shinlar) yaqinlashuvchi yo‘nalishlarda hujum qilib shaharni o‘rab olishni ko‘zda tutgan. Bir-biriga qarab harakatlangan guruhlar yok Kuraxovo suv omborining g‘arbiy chekkasida yoki yanada g‘arbda, Konstantinopol qishlog‘ida uchrashishi kerak.
Hozircha shaharni qurshab olish ro‘y bergani yo‘q. Ukraina qurolli kuchlari hamon Kuraxovodan g‘arbdagi Donetsk — Zaporijjya yo‘lini nazorat qilmoqda, bu yo‘l orqali shaharning g‘arbiy qismidagi sanoat zonasida joylashgan garnizonga ta’minot yetkazib berilmoqda.
Ammo Ukraina qurolli kuchlarining holati yomonlashishda davom etmoqda. RF qurolli kuchlari ukrainlarning Kuraxovodan janubi-sharqdan o‘tuvchi Suxiye Yali daryosi bo‘yidagi tayanch punktlarini qurshovga olib, egallaganidan keyin tezlik bilan daryo bo‘ylab g‘arbga, Konstantinopol tomon harakatlandi: endi bu hududda Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida «teshik» yuzaga kelgan. Hozirda Rossiya qo‘shini Konstantinopoldan va Donetsk — Zaporijjya yo‘lidan to‘rt kilometr masofada turibdi, qolaversa, yurishni davom ettirish uchun tabiiy suv to‘siqlarini kechib o‘tish talab etilmaydi.
Rossiya qo‘shini shimoldan Volyach daryosidagi Kuraxovo suv ombori to‘g‘oniga yetib kelgan va g‘arb tomon — Suxiya Yali daryosi Volchyaga quyilishida joylashgan Konstantinopolga qarab harakatlanishda davom etmoqda. Rossiya aviatsiyasi Konstantinopol atrofida Suxiye Yali va Volchya orqali o‘tgan ko‘priklarni bombalamoqda va bu Ukraina qurolli kuchlari zaxira kuchlarni olib kelishini qiyinlashtirmoqda.
Bularning barchasi Ukraina qurolli kuchlariga yangi (va yanada keng ko‘lamli) qurshov bilan tahdid solmoqda — bu safar Kuraxovoning o‘zida. Bu vaqtda Rossiya armiyasining shturmchi guruhlari Ukraina bo‘linmalarini shahar g‘arbidagi sanoat zonasiga surib tashlab, Kuraxovo markazi, ma’muriyat va ko‘p qavatli uylar joylashgan hududni egallab olgan.
Endi sanoat zonasini mudofaa qilishdan ma’no qolmagan: ukrain qo‘mondonligi Rossiya qo‘shinining navbatdagi katta yurishiga yo‘l qo‘yishni istamasa, zudlik bilan shahardan g‘arbdagi Donetsk — Zaporijjya yo‘li bo‘ylab yangi mudofaa chizig‘ini tashkil etishi kerak bo‘ladi.
Pokrovsk
Rossiya qo‘shini kuzda Selidovo shahrini egallagach, Pokrovsk va Kuraxovo o‘rtasida Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bo‘shliq paydo bo‘ldi. Qo‘shinlarning keyingi harakatlariga qaraganda, Rossiya qo‘mondonligi bu bo‘shliqqa yirik kuchlarni olib kirish g‘oyasiga ega bo‘lgandi.
Dekabrda Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi bo‘ylab 10 kilometr masofaga ichkariladi hamda Pokrovsk shahridan besh kilometr masofada Pokrovsk — Konstantinopol — Velika Novosilka yo‘liga chiqdi. Bu yerda Shevchenko qishlog‘i uchun Pokrovskdan yetib kelgan ukrain kuchlariga qarshi og‘ir janglar bo‘lib o‘tdi. Rossiya qo‘shini yakunda qishloqni egalladi, ammo Ukraina qurolli kuchlarining zirhlangan guruhlari bir necha bor ularning qishloq atrofidagi pozitsiyalariga hujumlar uyushtirdi.
Ukraina zaxira kuchlari Rossiya armiyasi Shevchenkodan g‘arbda oldinroq egallab olgan Novotroitskoye qishlog‘i yo‘nalishida ham hujumlar uyushtirdi. Ammo bu hujumlar qaytarildi, shundan keyin Rossiya bo‘linmalari g‘arb tomon harakatlanishda davom etdi. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya qo‘mondonligi zudlik bilan Pokrovskdek yirik shaharni to‘g‘ridan to‘g‘ri shturm qilishni reja qilmagan: qo‘shin 2025 yilda Pokrovskni qurshov holatiga tushirish uchun g‘arb tomon yurmoqda.
RF qurolli kuchlari Pokrovskdan g‘arbda, yonida mamlakatdagi eng yirik koks ko‘mir koni joylashgan Udachnoye qishlog‘igacha yetib borishi uchun besh kilometr masofa qolgan. Ammo Rossiya armiyasini Udachnoyedan Solenaya daryosi ajratib turibdi, Ukraina qurolli kuchlari ushbu daryo ortida yangi mudofaa chizig‘i qurishga urinib ko‘rishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya qo‘shini Solenaya vodiysida Shevchenkodan sharqda hamda janubdan Pushkino orqali Pokrovskning janubiy chekkalari tomon yurish qilmoqda.
Pokrovskka zaxira kuchlari olib kelinayotganiga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari bu tahdidlarning barchasini qaytarish uchun yetarli kuchga ega emas.
Kursk oblasti
Vladimir Putin Tramp bilan muzokaralar boshlanguniga qadar ukrain qo‘shinini Kursk oblastidan surib chiqarishga buyruq bergan. Ammo Rossiyaning kuzdagi yurishining dastlabki muvaffaqiyatlaridan keyin Ukraina qurolli kuchlari Sudja atrofida mustahkam himoya o‘rnata oldi.
Rossiyaning rejasi chegara bo‘ylab g‘arbdan va sharqdan zarbalar berib, ukrain qo‘shinini qurshovvga tushib qolmaslik uchun Sumi oblastiga chekinishga majbur qilishni nazarda tutardi. Ammo g‘arbiy yo‘nalishdagi yurish Novoivanovkada to‘xtab qoldi, bu yerga Ukraina qurolli kuchlari yirik zaxira kuchlarini olib o‘tdi. Noyabr oyida Ukraina qurolli kuchlarining Novoivanovkadagi bazalariga shimoldan Malaya Loknya orqali hujum qilish muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Rossiya qo‘shini katta yo‘qotishlarga uchradi, ammo Malaya Loknyaga kirib kelolmadi.
Sharqda esa Rossiya bo‘linmalari uzoq vaqtdan buyon Psel daryosi bo‘yidagi Plexovo qishlog‘ini qo‘lga kirita olmadi.
Dekabr oyida Shimoliy Koreya qo‘shini Rossiya armiyasi tomonda turib jangga kirdi — Kurskdagi butun front chizig‘i bo‘ylab. Rossiyalik «harbiy muxbirlar» xabar qilishicha, aynan ular Plexovoni egallagan va Kurilovka yaqinida Pselni kechib o‘tgan.
Sudjadan shimolda Rossiya qo‘shini shimoliy koreyaliklar ko‘magida Malaya Loknyaga yaqinlashmoqda.
Ammo Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi mudofaasi to‘laqonli inqirozdan yiroq: hozircha ukrain qo‘shini Sudjadan va unga qo‘shni Sverdlikovodan Sumi oblastiga olib o‘tuvchi yo‘llarni nazorat qilar ekan, ular o‘z platsdarmini ham ushlab turadi — kamida yaqin oylar davomida. To‘g‘ri, Kreml, aftidan, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya regioni hududida qolarkan, muzokaralar stoliga o‘tirmoqchi emas.