Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ozarboyjon televideniyesiga Azerbaijan Airlines samolyotining halokati bo‘yicha intervyu berdi. Davlat rahbarining so‘zlari Boku aeroportida, Embraer 190 samolyoti fonida yozib olindi, aynan shu turdagi samolyot halokatga uchragan edi.
Ilhom Aliyev so‘zlariga ko‘ra, halokat sabablarining dastlabki versiyalari samolyotga Rossiya hududida «tashqi ta’sir bo‘lganini» ko‘rsatmoqda.
«Albatta, yakuniy versiya «qora qutilar» ochilgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Ammo dastlabki versiyalar ham yetarli dalillar va faktlarga asoslangan. Faktlar shundan iboratki, Ozarboyjon fuqarolik samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida tashqaridan shikastlangan va deyarli boshqaruvni yo‘qotgan», dedi Aliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyot «radioelektron kurash vositalari bilan boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirildi», bu esa «avialaynerga yetkazilgan birinchi zarar» edi. Keyin yerdan o‘t ochilishi oqibatida samolyotning dum qismi jiddiy shikastlandi. Samolyotning qushlar galasi bilan to‘qnashuvi haqidagi versiya esa, fyuzelyaj ilma-teshik bo‘lgani sababli kun tartibidan butunlay olib tashlandi, deb qo‘shimcha qildi Aliyev.
«Ehtimol, zarba paytida uchuvchi buni samolyot bilan qushlar galasining to‘qnashuvi sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki do‘stona mamlakatda samolyotimizga yerdan o‘q uzilishini hech kim o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Afsuski, Rossiyadagi ba’zi doiralar ushbu versiyani qo‘llab-quvvatlashni afzal ko‘rdi. Bizni xafa qilgan va hayratga solgan narsalardan biri Rossiya rasmiy tuzilmalari qandaydir gaz ballonining portlashi haqidagi versiyalar ham ilgari surgani bo‘ldi. Ya’ni, bu Rossiya tomoni masalani «bosti-bosti» qilmoqchi bo‘lganini ochiq ko‘rsatdi va bu, albatta, hech kimga sharaf keltirmaydi», dedi prezident.
Uning ta’kidlashicha, «samolyot ataylab urib tushirilmagani aniq», lekin Rossiya tomoni voqeadagi aybini zudlik bilan tan olib, Ozarboyjondan kechirim so‘rashi kerak edi. «Afsuski, dastlabki uch kun davomida biz Rossiyadan uydirma versiyalardan boshqa hech narsa eshitmadik», deb xulosa qildi Aliyev.
Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Rossiya bu hodisani Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan tergov qilinishini taklif etgan. Ammo Ozarboyjon buni rad qilgan.
«Rossiya tomoni bizga bu masalani Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganilishini rasman taklif qildi. Biz buni qat’iyan rad etdik. Sababi aniq. Chunki bu idora asosan Rossiya amaldorlaridan iborat bo‘lib, qo‘mitaga Rossiya fuqarolari rahbarlik qilishi hech kimga sir emas. Bu yerda obektivlik omillari to‘liq qondirilmasligi mumkin. Agar biz Rossiyaning avariyadan so‘ng darhol adolatli va adekvat qadamlarini ko‘rganimizda, balki e’tiroz bildirmagan bo‘lardik. Lekin biz bu masalani yashirishga yaqqol urinishlar borligini ko‘rdik. Shuning uchun biz Qozog‘iston tomoni bilan yaqin aloqada bu pozitsiyamizni bildirdik, shuningdek, Rossiya tomoniga xalqaro ekspertlardan iborat ishchi guruh tuzilishi kerakligini ma’lum qildik», dedi Aliyev.
Ozarboyjon prezidenti shikastlangan samolyot nega Qozog‘istonning Oqtov shahriga parvoz qilgani haqidagi fikrlarini ham aytdi.
«Qora qutilar» ochilgandan so‘ng, samolyot nima uchun qo‘na olmagani ma’lum bo‘ladi. Samolyotga aynan qachon zarba berilgani, nega eng yaqin aeroportlarga qo‘nishga urinmagani, samolyot Oqtovga jo‘natilganmi yoki buni uchuvchilar tanlaganmi, hammasi oydinlashadi. Turli xil farazlar mavjud. Ba’zilarning fikricha, samolyot Grozniydan dispetcher tomonidan ataylab Oqtovga yuborilgan, chunki samolyot allaqachon boshqaruvni yo‘qotgan va dengizga qulashi ehtimoli yuqori edi. Bunday holda, «bosti-bosti» qilishga urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lardi va «qushlar galasi» asosiy versiya sifatida taqdim etilardi.
Ayrim ekspertlar fikricha, Oqtov ochiq maydon bo‘lgani va turar-joylar aeroportdan uzoqda joylashgani uchun tanlangan, ekipaj esa bu yerda favqulodda qo‘nish imkoniyati bo‘lishini taxmin qilib, o‘zi shu yo‘nalishni tanlagan bo‘lishi mumkin. Ammo boshqa tomondan, yaqin atrofda aeroportlar bo‘lishiga qaramay, hatto dengiz ustidan uzoq masofaga parvoz qilish, samolyot boshqaruvni yo‘qotganda ko‘proq xavfli edi. Ya’ni, bu savollarning barchasiga hali javob yo‘q. Bu masalalarga oydinlik kiritilmaguncha, ayrim tushunarsiz masalalarga izoh berishni istamaymiz. Biroq, aniq masalalarda biz to‘liq qat’iyat bilan fikrimizni aytamiz va aytishimiz kerak», dedi Aliyev.
- Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan samolyoti 25 dekabr tongida Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi. 38 kishi halok bo‘lgan. Euronews va Reuters Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib bergan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot halokatiga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasi sabab bo‘lgan. Reuters xabariga ko‘ra, Grozniy ustida «dronlar faolligi kuzatilayotgan» vaqtda samolyotga raketa otilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.
- Rossiya hukumati buni tasdiqlamagan. Halokatdan ikki kun o‘tib Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov samolyota Grozniy aeroportiga qo‘nish uchun kirayotganida shahar dronlar hujumiga uchraganini aytgan. U samolyot komandiriga qo‘nish uchun Rossiyadagi boshqa aeroportlar taklif qilingani, ammo u Oqtovdagi aeroport tomon uchishga qaror qilganini bildiran. Shu bilan birga, Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbasi shikastlangan layner ekipaji avariyaviy qo‘nishni amalga oshirishni so‘ragani, ammo unga Rossiya aeroportlaridan birortasiga qo‘nishga ruxsat berilmaganini xabar qilgan.
- 28 dekabr kuni RF prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi hamda «Rossiya havo kengligida ro‘y bergan fojiali hodisa» uchun uzr so‘rab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.