Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik amaldorlarga tahdid qilib, ular «chechen an’analariga ko‘ra javob berishi»ni aytdi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi shundan so‘ng Komil Allamjonovga suiqasd ishida gumonlanib, ikki nafar Rossiya fuqarosini xalqaro qidiruvga berilganini tasdiqladi. O‘zbekistonlik faollar Qodirovning bu gapidan keyin har bir chechen fuqarosining O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirish vaqti kelganini aytdi. Deputat Odiljon Tojiyev esa Ramzan Qodirov ushbu munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerakligini bildirdi.
26 dekabr kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik ikki amaldorga suiqasdda «chechen qo‘li» borligini yana bir marta inkor qilib, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qildi. Uning aytishicha, g‘arbparast OAVlar prezident oilasi haqida mish-mishlar tarqatmoqda.
«Agar men bu suiqasdni tayyorlaganimda, o‘sha kuniyoq ishni tugatgan bo‘lardim. Men haqimda bunday fikrda bo‘lmasligingiz kerak. Bu voqeani chuqur o‘rganish bilan birga, uning ustida ishlayotgan tergovchilarga nisbatan ham ichki tergov zarur. Qanday bo‘lmasin, men barcha manfaatdor tomonlarga «chechen izi»ni har xil fitnalarga jalb qilmaslikni qat’iy maslahat beraman…
…Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini o‘ynashga berilib ketmaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul, aks holda siz barcha intriga va tuhmatlar uchun javob berishingiz kerak bo‘ladi. Bizning an’analarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman», degan Ramzan Qodirov.
U noyabr oyida ham O‘zbekistondagi suiqasd ishida «chechen izi» borligi haqida tarqatilgan xabarlarni siyosiy o‘yin hamda o‘zbeklar va chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat, deb baholagan edi.
Qodirov bayonotiga O‘zbekiston tomoni Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga bergani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi deyish mumkin.
Dastlab Lenta.ru sayti bu ikki chechenistonlik shaxslar – O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Li hayotiga ham suiqasd qilish uringani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilgani haqida yozib chiqdi. Bu xabar asl manbadan o‘chirib yuborilgan bo‘lsa-da, boshqa saytlarda tarqalib ulgurdi.
Shundan so‘ng, 26 dekabr kuni Qodirovning yuqoridagi bayonoti yangradi. 27 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Allamjonovga suiqasd ishi tergovi doirasida ikki rossiyalik qidiruvga berilgani tasdiqlandi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovga qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik va o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi moddalari bilan ayblov e’lon qilingan.
«B.Rasayev va Sh.Temirxanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan holda qidiruv e’lon qilingan», – deyiladi xabarda.
Chechenistonlik shaxslarning qidiruvga berilgani rasman tasdiqlangani va Qodirovning tahdidnoma chiqishidan so‘ng o‘zbekistonlik deputat va faollar unga qarshi javob qaytardi.
Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Grozniyga aviaqatnovlarni to‘xtatish va har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirish vaqti kelganini aytgan bo‘lsa, deputat Odiljon Tojiyev Ramzan Qodirov kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerakligini bildirdi.
«O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim.
Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi shart va zarur! Kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozim», degan Rasul Kusherbayev.
Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning «O‘zbekiston ichki ishlariga aralashishi»ni qoralab chiqdi.
«Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga tahdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga agar u do‘st bo‘lsa O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim», deydi deputat.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan.
Bosh prokuratura bundan avval, 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan edi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.