Oqtovda qulagan samolyot yagona hodisa emas – Embraer E190 bilan sodir bo‘lgan halokatlar

Jahon 22:59 / 28.12.2024 7931

Bundan bir necha kun oldin Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti qulab tushdi. Oqibatda yo‘lovchilarning bir qismi halok bo‘ldi, qolganlari shifoxonaga yotqizildi. Bu Embraer E190 samolyotlari bilan sodir bo‘lgan yagona halokat emas.

2024 yil 25 dekabr kuni fuqaro aviatsiyasi tarixida yana bir ayanchli hodisa yuz berdi. Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga qarashli Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 62 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolaridan 38 nafar odam halok bo‘ldi. 29 kishi tirik qoldi, biroq ularning ayrimlari shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

Samolyotning qulab tushishi bo‘yicha bir nechta taxmin bildirildi. Jumladan, Grozniy va Maxachqal’a aeroportlari uni qalin tuman tufayli qabul qilmagani va shu sababli samolyot Oqtovga uchishga majbur bo‘lgani aytildi.

Keyinroq Embraer E190 qushlar galasiga duch kelgani va oqibatda samolyotda nosozlik kuzatilib, u qulab tushgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Halokatdan bir kun o‘tib Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib samolyotga Grozniy tepasida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar “faollashgan” vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan. Buni Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbalari ham tasdiqlagan.

Euronews telekanalining manbalari uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmaganini aytgan. Ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.

Foto: Reuters

Ma’lum bo‘lishicha, Embraer samolyotlari juda ishonchli va ular ilk parvozlarni boshlagan 2002 yildan buyon Oqtovdagi hodisagacha bor-yo‘g‘i ikkita halokat sodir bo‘lgan.

Quyida Embraer samolyotlari tarixi va ular bilan sodir bo‘lgan halokatlar haqida so‘z yuritamiz.

Embraer E-Jet samolyotlari

Embraer E-Jet turkumiga kiruvchi samolyotlar kichik fyuzelyajli, ixcham samolyotlar bo‘lib, ularni Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqaradi.

Bu turkumdagi samolyotlarning dastlabkisi Embraer E170 deb nomlangan va ilk bor 1999 yil Parij aviasalonida ommaga namoyish etilgan. 2001 yildan boshlab u seriyali tarzda ishlab chiqarilgan.

Samolyot 2002 yil fevralda ilk tijoriy parvozni amalga oshirgan. Undan to‘laqonli foydalanish 2004 yil martda boshlangan.

Keyinchalik bu turdagi samolyotlarning Embraer E175, Embraer E190 va Embraer E195 deb nomlangan rusumlari ham ishlab chiqarilgan.

Bu to‘rtta rusum bir-biridan biroz farq qiladi. Ilk rusumdan farqli ravishda keyingi rusumlarda yo‘lovchilar o‘rni biroz oshirib borilgan.

Embraer E170 da yo‘lovchilar o‘rni 66-78 oralig‘ida bo‘lgan. Embraer E175 da ular 78-88 taga yetkazilgan. Embraer E190 da yo‘lovchi o‘rni 98 tadan 114 tagacha yetkazilgan.

Samolyotning uzunligi ham yo‘lovchilar o‘rni ko‘payishiga qarab oshib borgan. Masalan, Embraer E170 ning uzunligi 29,90 metr bo‘lgan. Embraer E190 ning uzunligi esa 36,24 metrga yetgan.

Embraer 190 samolyoti
Foto: alamy.com

Shuningdek, samolyot qanotlarining uzunligi, balandligi, og‘irligi, maksimal uchish vazni, yoqilg‘i sarfi keyingi rusumlarda oshib boravergan.

Embraer E-Jet samolyotlari parvoz vaqtida 12 500 metr balandlikkacha ko‘tariladi. Embraer E170 va Embraer E175 samolyotlari 3 900, Embraer E190 esa 4 260 kilometrgacha ucha oladi.

Keyinchalik kompaniya Embraer E190 Ye2 va Embraer E190 Ye2 rusumli samolyotlarni ham ishlab chiqargan. Shu tariqa Embraer E-Jet turkumiga kiruvchi samolyotlar rusumi oltitaga yetgan.

Embraer E-Jet turkumiga kiruvchi samolyotlar ancha ishonchli va aviakompaniyalar orasida ommabop hisoblanadi. Ularga Kanadaning Bombardier CRJ-1000, Airbus A220-100 va Airbus A318, Boeing 717, Boeing 737-500 va Boeing 737-600 samolyotlari raqobat qiladi.

Dunyo aviasanoatida raqobat kuchli bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab aviakompaniyalar o‘rta masofalarga parvozlarda aynan Embraer E-Jet samolyotlaridan foydalanishadi.

Foto: nur.kz

Ilk ishlab chiqarilganidan boshlab hozirgacha Braziliya kompaniyasi Embraer E-Jet turkumiga kiruvchi samolyotlardan 2 ming donadan oshiqroq tayyorlab sotgan.

Bu samolyotlarning o‘rtacha narxi jihozlanishiga qarab 28-40 mln dollarni tashkil etadi.

Embraer E-Jet samolyotlaridan eng ko‘p AQShning Republic Airways, SkyWest Airlines, Envoy Air, Mesa Airlines kabi aviakompaniyalari foydalanadi.

Sobiq ittifoq davlatlari orasida bu samolyotdan eng ko‘p Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasida bor.

Halokatlar

Ilk parvoz davridan buyon Embraer E-Jet turkumiga kiruvchi samolyotlar bilan jami 12 marta noxush hodisa sodir bo‘lgan. Oqtovdagi hodisani ham qo‘shib hisoblaganda ularning uchtasi halokat bilan tugagan.

Qolgan to‘qqiztasida yo‘lovchilar jabrlanmagan, faqat samolyotlarga turli darajada shikast yetgan. Bitta hodisada samolyotni olib qochmoqchi bo‘lgan ikki yo‘lovchi o‘ldirilgan.

1. Ichundagi halokat (Xitoy)

Foto: haohaoreport.com

2010 yil 24 avgust kuni Xitoyning “Henan Airlines” aviakompaniyasiga qarashli Embraer E190 samolyoti Xarbin-Ichun yo‘nalishida parvoz qiladi. Samolyotda 91 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bor edi.

Samolyot Ichun shahriga yetib borganda u yerdagi aeroportda tuman tufayli ko‘rish masofasi 300 metr bo‘lgan. Ana shunday vaziyatda uchuvchilar qo‘nishga qaror qilishadi.

Shunda uchish-qo‘nish yo‘lakchasiga tushgan samolyot halokatga uchraydi va yonib ketadi. Oqibatda, samolyotda bo‘lganlarning 44 nafari halok bo‘ladi. 54 kishi tirik qoladi.

Halokatga qalin tumanda uchish-qo‘nish yo‘lakchasidagi chiziqlarni ko‘rmay qo‘nishga qaror qilgan uchuvchilar aybdor deb topiladi.

2. Samolyotni olib qochishga urinish (Xitoy)

Foto: stock.adobe.com

2012 yil 29 iyun kuni Xitoyda ichki qatnovlarni amalga oshiradigan Tianjin Airlines aviakompaniyasiga qarashli Embraer Ye190 samolyoti Xo‘tandan Urumchiga parvoz qilayotganida terrorchilar uni olib qochishga urinishadi.

Shunda uchuvchilar samolyotni darhol Xo‘tan aeroportiga qaytarib olib kelishadi va muvaffaqiyatli qo‘ndirishadi. O‘sha paytda yo‘lovchilar samolyotni egallab olganlarga qarshi chiqishadi va politsiyaga yordam berishadi.

Hodisada ikki nafar terrorchi o‘ldiriladi. Tirik qolganlari politsiyaga taslim bo‘ladi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilardan 9-20 nafari, yana ikki nafar politsiyachi va styuardessa tan jarohati oladi.

3. Bvabvatadagi halokat (Mozambik)

Foto: alibaba.com

2013 yil 29 noyabr kuni Afrika qit’asidagi Mozambik davlatida Embraer Ye190 samolyoti halokatga uchraydi.

Mahalliy LAM Mozambique Airlines aviakompaniyasiga qarashli samolyot Maputu-Luanda yo‘nalishida parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi.

Oradan 1 soat 50 daqiqa o‘tgach Embraer Ye190 yerga qulab tushadi va to‘liq parchalanib ketadi. Samolyot qoldiqlarini oradan bir kun o‘tgach Bvabvata milliy bog‘i hududidan topishadi.

Halokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 27 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘ladi. Hodisaga uchuvchilardan biri parvoz vaqtida o‘z joniga qasd qilgani sabab bo‘lgan deb topiladi.

Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi hojatxonaga borish uchun tashqariga chiqqanda ekipaj komandiri uchuvchilar kabinasi eshigini qulflab oladi. So‘ng u o‘z joniga qasd qiladi. Oqibatda, boshqaruvchisiz qolgan samolyot qulab tushadi.

4. Viktoriya de-Durangoda qulab tushgan samolyot (Meksika)

Foto: alamy.com

2018 yil 31 iyul kuni Meksikaning Aeromexico Connect aviakompaniyasiga qarashli Embraer Ye190 Viktoriya de-Durango – Mexiko yo‘nalishida parvozni boshlaydi.

Biroq oradan bor-yo‘g‘i 6 soniya o‘tgach samolyotning chap qanoti uchish-qo‘nish yo‘lakchasida yerga tegadi va Embraer Ye190 qulab tushadi.

Oqibatda samolyot 360 metr joyga sudralib boradi va unda yong‘in sodir bo‘ladi. Samolyot qulab tushganda uning ikkita dvigateli o‘rnidan otilib chiqib ketadi.

O‘shanda samolyot bortida bo‘lgan 98 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolaridan hech kim halok bo‘lmaydi. 39 kishi jarohatlanadi va samolyot yaroqsiz holga keladi. Ko‘p o‘tmay samolyotning qulab tushishiga to‘satdan esgan kuchli shamol sabab bo‘lgan deb topiladi.

5. Lissabondagi hodisa (Portugaliya)

Foto: nur.kz

2018 yil 11 noyabr kuni Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasiga tegishli Embraer Ye190 Alverka-du-Ribateju – Minsk – Olmaota yo‘nalishida parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi.

Oradan olti daqiqa o‘tgach samolyot boshqaruvida muammolar kelib chiqadi. Uchuvchilar shu holda parvoz qilishda davom etishadi, biroq muammoni bartaraf etishning iloji bo‘lmaydi.

Parvoz boshlanganidan bir yarim soat o‘tgach Embraer Ye190 Portugaliya poytaxti Lissabon yaqinidagi Beja aviabazasiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ladi.

O‘shanda samolyot bortida uch nafar uchuvchi va uch nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hodisada ularning bir nafari jarohatlanadi.

Keyinchalik samolyotga avvalroq texnik xizmat ko‘rsatilganda ayrim uskunalar noto‘g‘ri o‘rnatilgani va oqibatda nosozlik kuzatilgani ma’lum qilinadi.

Shuningdek, 2007 yilda AQShning Klivlend va Kolumbining Santa-Marta shahrida, 2011 va 2016 yillarda Ekvador poytaxti Kito va Kuenka shahrida, 2019 yilda Myanmaning Mandalay shahrida, 2024 yil fevralda Serbiya poytaxti Belgrad shahrida Embraer E-Jet samolyotlari bilan noxush hodisalar sodir bo‘lgan.

Bu hodisalarda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tan jarohatlari olmagan. Faqat samolyotlarga kichik shikast yetgan.

Oqtovda qulagan samolyot Rossiya raketasi bilan urib tushirilgani aytilmoqda

Material tayyorlanayotganda Reuters axborot agentligi AZAL’ga tegishli samolyot Rossiyaning “Pansir-S” tizimi bilan urib tushirilgani haqida xabar tarqatdi.

Foto: ren.tv

Unga ko‘ra, agentlikning Ozarboyjondagi tergov jarayonidan xabardor bo‘lgan to‘rt manbasi Qozog‘iston hududiga qulagan samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasiga duchor bo‘lganini tasdiqlagan.

Reuters suhbatdoshlaridan biri dastlabki ma’lumotlar samolyot Rossiyaning «Pansir-S» zenit raketa-to‘p kompleksi (ZRPK) orqali urib tushirilgani, Grozniy atrofida radioelektron kurash tizimlari ishga tushirilgani tufayli laynerda aloqa “falaj holatga” kelganini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

“Hech kim buni ataylab qilingan deya olmaydi. Ammo aniqlangan faktlarni hisobga olgan holda Boku Rossiya tomoni Ozarboyjon samolyotini urib tushirganini tan olishini kutmoqda”, degan u.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: