Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdda ayblanayotgan shaxslar bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Bosh prokuratura Rossiya fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganliklari aniqlanib, ular qidiruvga berilganini ma’lum qildi.
“Kim o‘zi bu ikki shaxs? Qayerdan paydo bo‘ldi bu terrorchilar? Xavfli jinoyatchilar qaysi yo‘l bilan O‘zbekiston hududiga kirishdi? Bu masala aniq oydin aytilishi lozim”, dedi Kusherbayev.
Oldinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov suiqasdda «chechen qo‘li» borligini inkor qilib, o‘z chiqishida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilgan, ularga «qilmishlari» uchun javob berishi haqida ochiqchasiga bayonot bergandi.
“O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim.
Shunday tahdidlar bo‘layotgan vaqtda O‘zbekiston hukumati nega jim turishi kerak? Qachongacha o‘zini shovinistik qarashlari bilan bizga ochiqcha tahdid qiladiganlarni indamay kuzatib o‘tiramiz? Rasmiy shaxs tomonidan bo‘layotgan ochiq tahdidga munosib javob berish vaqti kelmadimi?
Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi shart va zarur! Kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozim”, deya ma’lum qildi sobiq deputat.
Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning “O‘zbekiston ichki ishlariga aralashishi”, shuningdek, “o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid bildirishi yoki bosim o‘tkazishi”ni qoralab chiqdi.
Uning aytishicha, bunday harakatlar “ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin”.
“Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga taxdidi yuzasidan xolatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga agar u do‘st bo‘lsa O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim”, deydi deputat.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga va haydovchiga shikast yetmagan.
Bosh prokuratura bundan avval 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan edi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.
Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olingandi.