Germaniya prezidenti parlamentni tarqatib yubordi. Muddatidan oldin saylovlar 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadi

Jahon 17:05 / 27.12.2024 1318

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer mamlakat parlamentini (bundestag) tarqatib yuborib, 2025 yil 23 fevral kuni muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini belgiladi, deb xabar beradi Tagesschau.

«Hozirgidek murakkab davrda barqarorlikni ta’minlash uchun salohiyatli hukumat va parlamentda ishonchli ko‘pchilik talab etiladi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Deutsche Welle.

Mamlakat prezidenti parlamentni tarqatib yuborish niyati haqida 20 dekabrda ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, «federal hukumatga barqaror parlament ko‘pchiligini yaratish uchun boshqa hech qanday istiqbol yo‘q».

16 dekabr kuni Germaniya kansleri Olaf Sholsning federal hukumatiga ishonch bildirish bo‘yicha ovoz berishda Germaniya parlamentining 394 nafar a’zosi bunga qarshi chiqdi. Bundestagning 207 deputati hukumatni qo‘llab-quvvatladi, yana 116 nafari betaraf qoldi.

Shols koalitsion hukumatiga, jumladan, eng yirik muxolifat fraksiyasi a’zolari — Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) konservativ bloki, hukmron koalitsiyani tark etgan Erkin demokratik partiya (EDP), shuningdek, So‘l partiya va Sara Vagenknext ittifoqi (SVI) populistlari hamda «Germaniya uchun muqobil» (GuM) vakillari ishonchsizlik bildirdi. Hukumatda qolgan «yashillar» partiyasi deputatlari ovoz berishda betaraf bo‘ldi.

Hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin Shols deputatlar oldiga ishonch to‘g‘risidagi masalani qo‘ydi — ushbu ovoz berish jarayoni muddatidan oldin saylovlarni belgilash uchun rasmiy asos uchun kerak bo‘lgan. Ovoz berishdan keyin Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga murojaat qilib, parlamentni tarqatib yuborish taklifini berdi.

Ko‘proq yangiliklar: