BMT Tojikiston tashabbusi bilan 2025 yilni Xalqaro muzliklarni asrash yili deb e’lon qildi

Jahon 20:23 / 27.12.2024 1137

Tojikiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022 yilda qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 2025 yil Xalqaro muzliklarni asrash yili deb e’lon qilindi. Bu haqda BMT yangiliklar markazi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, muzliklarning erishi jiddiy global muammoga aylandi: so‘nggi 20 yil ichida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni qamrab olgan G‘arbiy Tyan-Shandagi muzliklar 27 foizga qisqardi. Antarktida har yili o‘rtacha 150 milliard tonna muzni, Grenlandiya esa 270 milliard tonna muzni yo‘qotmoqda.

2050 yilga borib, 50 ta YuNESKO Jahon merosi obektlarining uchdan biridagi muzliklar yo‘q bo‘lib ketishi kutilmoqda. Ular har yili 58 milliard tonna muzni yo‘qotadi, bu Fransiya va Ispaniyaning yillik suv iste’moliga teng. Oqibatda, okean sathi 5 foizga ko‘tariladi.

Muzliklar 2 milliardga yaqin aholini suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va gidroenergetika bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. 14 ming muzlikning mingdan ortig‘i allaqachon erib ketgan Tojikistonda bu muammo keskin. Mamlakat muzliklari O‘rta Osiyo suv resurslarining 60 foizgacha bo‘lgan qismini ta’minlaydi.

«Xalqaro muzliklarni asrash yili»ning maqsadi muzliklarning ahamiyati va ularni kelajak avlodlar uchun himoya qilish zarurligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdir. 2025 yilda Tojikistonda bu masalaga bag‘ishlangan anjuman o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: