25 dekabr kuni Pokiston havo kuchlari Afg‘onistonning Paktiko viloyati hududlariga zarbalar berdi. Mamlakat Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, ushbu obektlardan «Tahriki-Tolibon Pokiston» (TTP) radikal guruhi terrorchilari Pokistonda xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlar va teraktlar uchun foydalangan. Afg‘on hukumati, o‘z navbatida, Pokiston harbiylari qochqinlar lagerlariga zarba berganini aytdi. Ularga ko‘ra, 46 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan, yana olti kishi yaralangan.
Zarbalar Paktiko viloyatining Barmal tumanlariga, jumladan, Laman, Marga va Murg‘bozor qishloqlariga berilgani ta’kidlanmoqda.
«Tolibon» yetakchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati havo hujumlarini keskin qoralab, buni mamlakat suverenitetini qo‘pol ravishda buzish deb atadi. Afg‘on tomoni vakillari javob choralari qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Bu zarbalar Pokistonda TTP jangarilarining yaqinda uyushtirgan qator hujumlariga javob bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Masalan, Janubiy Vaziristondagi nazorat-o‘tkazish punktiga uyushtirilgan hujumda kamida 16 nafar pokistonlik askar halok bo‘lgan edi. Islomobod bir necha bor Kobulni o‘z hududida jangarilar faoliyatini jilovlay olmayotganlikda ayblagan, biroq afg‘on tomoni buni rad etadi.
2021 yilda Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, «Tahriki-Tolibon Pokiston» guruhi faolligi kuchaydi, ular Pokiston hududlariga hujum uyushtira boshladi. Islomobod Kobulni TTP jangarilariga boshpana berganlikda ayblaydi, afg‘on hukumati buni rad etadi.
2024 yil mart oyida Pokiston Harbiy havo kuchlari Afg‘oniston janubidagi Paktiko va Xost viloyatlaridagi nishonlarga zarbalar berib, ular TTP jangarilariga tegishli ekanini aytdi. Afg‘oniston hukumati halok bo‘lganlar orasida tinch aholi ham borligini aytib, zarbani qoraladi.