“O‘zbekistondagi nosvoylardan 10 xil zaharli modda aniqladik” - Yaponiyadagi o‘zbek olimi yangi tadqiqoti haqida

O‘zbekiston 12:16 / 25.12.2024 9310

May oyida O‘zbekistonning 6 hududidan nosvoylar yoki tamakisiz chekish mahsulotlaridan namuna olib, Yaponiyaning Kioto universiteti laboratoriyasida tekshirish uchun olib borilgan. Tadqiqot natijalari haqida olim Jasur Jo‘rayev Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

Jasur Jo‘rayev 5 yildan beri Yaponiyada o‘qib, jamoat sog‘ligini saqlash bo‘yicha ilmiy izlanish qilib keladi. U 2010 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining tibbiy profilaktika yo‘nalishini va 2017-2019 yillarda Yaponiyaning Xirosima universiteti magistraturasida o‘qigan. 2023 yildan beri Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab kelyapti.

Jo‘rayev 2024 yilning may oyida Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyati va Toshkent shahridagi 25 dona (20-30 grammli) nosvoyni Kioto universiteti toksikologik laboratoriyasiga olib borgan. Nosvoylar inson va atrofga salbiy ta’sir qiluvchi 10 xil organik moddalar uchun tekshirilgan. Ulardan quyidagi turg‘un organik ifloslantiruvchi kimyoviy moddalar (pestitsidlar) topilgan: α-hexachlorocyclohexane, α-geksaxlorosiklogeksan, dieldrin, diyeldrin, toxphene-P26, toksafen- P26, endosulfan-2, endosulfan-2, hexachlorobenzene, geksaxlorobenzin.

“Bu moddalar nosvoyda qancha miqdorda bo‘lishi haqida hozircha me’yor belgilanmagan. Lekin tekshirganimizda o‘zbek nosvoyida sigaretlardagi zaharli moddalar bir necha barobar ko‘proq bo‘lib chiqdi. Tadqiqot tugasa, tavsiyaviy me’yor belgilab, SSV orqali ma’lum qilamiz”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, turg‘un organik ifloslantiruvchilar va pestitsidlar salomatlik va sayyora ekotizimlariga tahdid soluvchi xavfli kimyoviy moddalar hisoblanadi. Ular o‘simlik zararkunandalari va kasalliklari, begona o‘tlar, shuningdek, yog‘och, paxta tolasi mahsulotlari, jun, teri zararkunandalari, uy hayvonlarining xavfli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilariga qarshi kurashishda foydalaniladi. Bu organik moddalar yer va suvda uzoq vaqt saqlanib qoladi, atrof-muhitga keng tarqaladi, ular oziq-ovqat zanjiri orqali tirik organizmlarda to‘planadi va odamlar uchun ham, yovvoyi tabiat uchun ham zaharli hisoblanadi.

Jo‘rayevga ko‘ra, o‘zbek nosvoylarida Stokgolm konvensiyasida keltirilgan turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar aniqlangan. Konvensiya ro‘yxatidagi moddalar 3 toifaga bo‘lingan: A, B va C organik moddalardir. Turiga qarab ularni ishlab chiqarish va ishlatish chegaralangan yoki taqiqlangan.

Jo‘rayev nosvoy iste’mol qiluvchilar nega uni nisbatan zararsiz deb o‘ylashini quyidagicha izohladi. “Nos uy sharoitida zararsiz tayyorlanadi va sigaret bilan taqqoslaganda tutun yo‘q, nikotin o‘pkagacha yetib bormaydi, tuflab tashlayman, ichimga ketmaydi deb o‘ylashadi. Lekin har yili AQShda 1300 ga yaqin kishi tutunsiz tamaki sabab og‘iz saratoniga uchraydi”, – dedi u.

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoning 121 davlatida 350 milliondan ortiq tutunsiz tamaki foydalanuvchilari bor va ularning 67 foizi erkaklar, 33 foizi ayollarni tashkil etadi. Ularning 95 foizga yaqini rivojlanayotgan mamlakatlarda, atigi 5 foizi rivojlangan mamlakatlarda yashaydi. Bu tamaki turlari yonmaydi va chaynash, og‘izda saqlash, shimish (nosvoy) va hidlash orqali qo‘llanadi.

Jasur Jo‘rayev nosvoyning quyidagi zararlarini sanadi:

– Tarkibida 4000 ta kimyoviy moddalar aralashmasi bor, ularning 30 va undan ko‘prog‘i saratonga olib keladi.

– Homiladorlik vaqtida tutunsiz tamakidan foydalanish erta tug‘ilish va o‘lik tug‘ilish xavfini oshirishi mumkin.

– Yurak xastaligi va insultdan o‘lim xavfini oshiradi.

– To‘g‘ridan to‘g‘ri (masalan, kasalxonaga yotqizish va dori-darmonlar) va bilvosita xarajatlarga ta’sir qiladi, bu hozirgi vaqtda yoki kelgusida nogironlik va o‘limga olib keladi.

– Saraton tadqiqotlari xalqaro agentligi (IARC-the International Agency for Research on Cancer) tutunsiz tamakilar og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va oshqozon osti bezi saratoniga sabab bo‘ladi degan xulosaga keldi.

– Nosni yerga yoki suvga tupurish orqali atrof-muhitga zarar yetadi.

Tadqiqotchi nosvoyda aniqlangan turg‘un organik moddalar barcha tutunsiz tamaki mahsulotlarida borligini aytadi va ular quyidagi xavflarga sabab bo‘ladi.

– saraton (og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va boshqa);

– yurak-qon tomir kasalliklari;

– reproduktiv kasalliklar (bepushtlik);

– semizlik;

– immunitet tizimining o‘zgarishi;

– endokrin tizimining buzilishi va tug‘ma nuqson kasalliklar rivojlanishi.

“Shuni eslatib o‘tamizki, O‘zbekistonning barcha hududlarida yoki hamma nosvoy tarkibida biz aniqlagan turg‘un organik moddalar bor deb ayta olmaymiz. Bu savolga javob topish yana qo‘shimcha ilmiy izlanishlarni talab etadi”, – dedi Jo‘rayev.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: