Sanoqli oylar ichida, qamal qilingan hududda yashovchi bolalarning 17 mingdan ortig‘i o‘ldirildi... “Demokratiya va inson huquqlari qo‘rg‘oni” bo‘lmish G‘arbning qo‘llovi va quroli bilan.
Ikkinchi jahon urushidan olingan shok “inson huquqlari”, “adolat va tenglik” shiorlari yuzaga kelishiga omil bo‘lgandi. Biroq bu shiorlar millionlab oddiy odamlar tomonidan samimiy qabul qilingan bo‘lsa-da, dunyo siyosiy elitasi uchun ular chiroyli parda bo‘lganini, ortida boshqa niyatlar yashiringanini bilib qoldik.
Biz – urush ko‘rmagan o‘rta va yosh avlod birmuncha adolatli, tartibli, nizomlarga bo‘yso‘nadigan dunyo modelini ongimizga singdirgan ekanmiz. Biroq bu dunyo modeli sarob ekanini, bizni “uxlatib”, o‘sha – “adolatli dunyo”ni “tushimizda” ko‘rsatishayotganini, “Matritsa” kinosidagi kabi voqelikda yashayotganimizni payqab qoldik.
Faylasuflar insonlar sivilizatsiyasi o‘smirlik davridan o‘tdi, ulg‘aydi deb tushuntirgan edi bizga, shuni eshitib katta bo‘ldik. “Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi, endi inson qadrini e’zoz etgan holda yashaymiz” shiorlari Ikkinchi jahon urushidan olingan shokdan keyin paydo bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirgan edi.
Ha, shundan keyin ham urushlar bo‘ldi, qonlar to‘kildi, biroq bularning hammasi qayerdadir uzoqda yuz berayotgan mayda ishlar bo‘lib ko‘rinar edi, baribir nizomlar-u qoidalar ishlab turibdi-ku degan his g‘olib edi.
Biroq mana bir yildirki, yuz berib turgan ishlar hammasini ostin-ustin qilib yubordi. Butun dunyo ko‘z o‘ngida sanoqli oylarda 14 ming yosh bola o‘ldirilgani va bu – dunyo kuchlilarining – o‘sha, “biz endi insonni aziz qilib yashaymiz” deganlarning qo‘llovi, quroli bilan qilinayotgani – dunyo haqida bilganlarimizning hammasi yolg‘on ekanini ko‘rsatib qo‘ydi!
Bedodlik ko‘lami insoniyligini yo‘qotmagan har kimning dunyo tuzilishi haqidagi tasavvurini o‘zgartirib yubordi.
“Matritsa” buzildi!..
Endi aniq bo‘lyaptiki, Ikkinchi jahon urushida g‘olib kelganlar dunyoni bo‘lib olgandan keyin aytgan – “inson huquqlari, adolat, tenglik” degan shiorlari shunchaki insoniyatni tinchlantirish uchun aytilgan... yolg‘on bo‘lgan.
Ha, bu shiorlar insoniyatga ko‘plab foyda keltirdi, oddiy odamlar orasida ezgu tuyg‘ularni uyg‘otdi, dunyo bo‘ylab minglab yaxshilikka xizmat qiluvchi katta-yu kichik tashkilotlar, insonlarning birlashmalari tuzildi.
Biroq ushbu dunyo nizomini qo‘lida ushlab turganlar uchun bu shiorlar zarracha qadrga ega emasligi ayon bo‘lib qoldi. Bo‘lmasa, shuncha yosh bola ularning quroli va rahnamoligi bilan o‘ldirilarmidi?
Biz bilgan dunyo sarob ekanini, tushimizda bizga ko‘rsatilib kelingan... yolg‘on ekanini tushunib qoldik. Bu yolg‘on bizni bo‘yso‘ndirish, ramkalar ichida tutib turish, oson boshqarish uchun to‘qilgan edi.
Endi nima bo‘ladi?
O‘ziga xos matritsa ichida yashayotganimiz ma’lum bo‘ldi. Millionlab ruhi sog‘lom odamlarning ko‘zi ochila boshladi.
Bo‘layotgan ishlardan hayratga tushgan odamlar, har kim o‘z joyida noroziligini bildira boshladi. O‘nlab xalqaro tashkilotlar, huquqiy birlashmalar holatni o‘rganib, G‘azo sektorida genotsid – qatliom yuz berayotganini bildirishdi.
Tarixda bo‘lmagan ish sodir bo‘ldi – Xalqaro jinoyat sudi dunyoning eng katta kuch markazi bo‘lmish AQShning qo‘llovi ostida bo‘lib kelgan Isroil bosh vazirini hibs etish uchun... order berdi!
Yalta-Podstam tizimi demontaj bo‘lish arafasida, Yevropa endi o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydigan dunyo bo‘sag‘asida turibmiz, bu esa umuman boshqa manzara.
Dunyo endi avvalgi emas...
Eskisi sarob ekan – yangisini yaratish kerak bo‘lyapti. Yolg‘onchilar odamlar ma’naviy ustunlarsiz yashay olmasligini bilib, shiorlarni o‘rtaga tashlashgan edi. O‘sha shiorlar ustiga o‘z saltanatini qurishgan edi. Endi u saltanat qulayapti, zero o‘zlari u shiorlarga ishonishmas edi.
Yangi dunyoni qurish – yosh avlodning vazifasi. Matritsadan chiqib ketib, haqiqiy, ma’naviy ustunlarga suyangan dunyo binosini aynan yangi avlod quradi.
Shokir Sharipov,
jurnalist