Malayziyada ilk bor O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi ochildi

O‘zbekiston 15:33 / 25.12.2024 512

Tadbir O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshchiligida respublikaning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari vakillaridan iborat delegatsiyaning Malayziya biznes-missiyasi doirasida tashkil etildi.

Savdo ko‘rgazmasining ochilishi marosimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 60 dan ortiq mahalliy kompaniyalar, yirik savdo tarmoqlari vakillari ishtirok etdi.

Malayziyaning Selangor shtati Qishloq xo‘jalik departamenti rahbari Azaxar bin Hoshim o‘z navbatida, ushbu muhim tashabbus uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. "Mazkur savdo yarmarkasi har ikkala mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘zaro manfaatli tarzda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni kengaytirishda muhim rol o‘ynaydi", - dedi u.

Mazkur savdo yarmarkasi nafaqat malayziyaliklarni O‘zbekistonda yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan kengroq tanishtirish, balki ular bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli eksport shartnomalarini ishlab chiqish va imzolashda muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Savdo ko‘rgazmasi doirasida Malayziyaning yirik chakana savdo tarmoqlari va savdo kompaniyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, O‘zbekistondan kelgan tadbirkorlar uchun o‘zbek mahsulotlarini Malayziya va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlariga eksport qilishning asosiy jihatlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: