Kuchli qamalda qolgan G‘azo, Haniyani yo‘q qilganini tan olgan Isroil va Rossiyaga rad javobi bergan Sudan - kun dayjesti

Jahon 13:46 / 25.12.2024 3099

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoridagi qamali kuchaymoqda. So‘nggi ikki oy ichida shimoliy G‘azoga bor-yo‘g‘i uchta yuk mashinasi oziq-ovqat va suv yetkazib bordi. Oxfam tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yuk mashinalarining ko‘pchiligi Isroil harbiylari tomonidan to‘xtatilgan yoki kechiktirilgan. Buning oqibatida minglab falastinliklar yordamsiz qolmoqda.

Xalqaro tashkilotlar oktyabrdan beri G‘azoga yordam yetkazish imkoniyatidan mahrum. Jabaliya, Bayt Lahiya va Bayt Hanun kabi hududlarda minglab odamlar oziq-ovqat, suv va dorilardan uzilgan. Odamlar insonparvarlik yordami sifatida tarqatilayotgan tekin issiq ovqatga ulkan navbatlar va tiqilinchlar hosil qilmoqda.

G‘azodagi ahvol haqida Oxfam tashkiloti shunday deydi: «Bu joydagi insonlar musibatni boshdan kechirmoqda. Davlat sektorlari to‘xtab qoldi, insonparvarlik yordami yetib bormayapti. Buni to‘xtatish uchun global hamjamiyatdan qaratilgan choralar zarur».

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo hozirgi zamonda jismoniy a’zolari amputatsiya qilingan bolalarning eng ko‘p yashaydigan hududiga aylangan. Ular bu fojiani zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

Isroil Haniyani o‘ldirganini tan oldi

Isroil birinchi marta HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘limi uchun javobgar ekanligini tan oldi.

Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats jamoat oldida yamanlik husiychilarga tahdid qilgan paytida ma’lum qildi. U HAMAS va «Hizbulloh» rahbarlariga nisbatan qilingan harakatlarni misol qilib ko‘rsatdi.

«Biz husiylarning strategik infratuzilmasini yo‘q qilamiz va ularni rahbarlaridan mahrum qilamiz. Ismoil Haniya, Yahyo Sinvar va Hasan Nasrullohga Tehron, G‘azo va Livanda qanday yo‘l tutgan bo‘lsak, Hudayda va Sanoda ham shunday yo‘l tutamiz», — dedi Kats.

Haniyaning joriy yil iyul oyida o‘ldirilishi Eronning obro‘siga zarba bo‘ldi, chunki u Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qo‘riqlanadigan mehmonxonada o‘ldirilgan edi.

Mafiya tizimidan iborat Asad rejimi

Suriyaning Rossiyadagi elchisi Bashar al-Ja’fariy Asad davrida mamlakatda davlat rejimi emas, balki mafiya tizimi va korrupsiya hukmron bo‘lganini ma’lum qildi.

«Suriyada hech qachon haqiqiy rejim bo‘lmagan, — dedi elchi. —Agar davlat rejimi bo‘lganida, u o‘zini himoya qilgan bo‘lar edi. Bizda shaxsiy manfaatlar uchun foydalanilgan mafiya tizimi hukmron bo‘ldi. Shuning uchun ham uning qulashi tez ro‘y berdi».

Elchi mamlakatning yangi davrga kirganini ta’kidlab, yangi Suriyani tinchlik va mehr-muruvvat asosida tiklashni maqsad qilib qo‘yganini bildirdi.

«Biz yangi yo‘l boshladik: yangi vatan qurish uchun harakatdamiz. O‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik uchun barcha mas’uliyatni his qilishimiz kerak», — dedi Ja’fariy. Uning fikricha, elchixona xodimlari yoki boshqa muassasalar sobiq rejimning xatolari uchun javobgarlikka tortilishi kerak emas.

Turkiya Suriyani elektr bilan ta’minlaydi

Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraqtar Suriyaning energetika va elektr infratuzilmasini o‘rganish uchun maxsus delegatsiya yuborilishini ma’lum qildi.

«Suriyadagi asosiy muammo elektr ta’minotiga bog‘liq. Ushbu masalani hal qilish uchun maxsus yechim ishlab chiqiladi», — dedi Bayraqtar prezident majmuasida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida.

Shuningdek, vazir Livanga yordam ko‘rsatish ehtimoli haqida gapirib, bosh vazir Najib Miyqotiy tomonidan elektr ta’minoti bo‘yicha muammolarga doir murojaat qilinganini eslatib o‘tdi. «Yaqin vaqt ichida Livan uchun ham elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha ish olib borilishi mumkin», — dedi u.

Bundan avval Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatning Suriya xalqini siyosiy, diplomatik, iqtisodiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini alohida ta’kidlagan edi.

Britaniya Asmo Asadni qabul qilmaydi

Britaniya hukumati Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasiga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar uning mamlakatga kirishini taqiqlashini yana bir bor ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Asmo Asad Rossiyada leykemiya kasalligidan davolanmoqda va uni davom ettirish uchun Londonga qaytish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Biroq, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi parlamentda uning mamlakatga kirishi mumkin emasligini ta’kidlab, quyidagicha fikr bildirdi:

«U sanksiya ostidagi shaxs sifatida Britaniya hududiga qadam bosa olmaydi va bu borada pozitsiyamiz aniq».

Asmo Asad London shahrida tug‘ilgan va u yerdagi Qirollik kollejida ta’lim olgan. Ammo unga nisbatan joriy etilgan qat’iy sanksiyalar, jumladan aktivlarni muzlatish va mamlakatga kirishni taqiqlash qarorlari o‘z kuchida qolmoqda.

Dengizga g‘arq bo‘lgan rus kemasi

O‘rta Yer dengiziga cho‘kib ketgan Rossiyaning Ursa Major yuk kemasi bilan bog‘liq tafsilotlar aniqlashmoqda. Kema Ispaniya va Jazoir o‘rtasida portlash oqibatida vayron bo‘lgan. Kema ekipajining 16 nafar a’zosidan 14 nafari qutqarilgan, 2 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

OSINT tahlilchilar taxminiga ko‘ra, Ursa Major Suriyaning Tartus shahriga yo‘l olgan bo‘lishi mumkin. Kema Suriyadagi Rossiya bazalariga qurol-yarog‘ va ta’minot yetkazishda ishtirok etgan.

Suriyada dekabr oyida sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng, Bashar Asad hukumati ag‘darildi va Rossiyaning Hmeymim hamda Tartusdagi harbiy bazalarining taqdiri muhokama ostida qoldi.

Sudan Rossiyaga rad javobi berdi

Suriyadagi harbiy bazalaridan haydalish tahdidi ostida qolgan Rossiya Afrikadagi diktaturalarda hukmron elitani qo‘llab-quvvatlab turish bo‘yicha harbiy operatsiyalar o‘tkazish uchun Sudandan harbiy dengiz bazasi yaratishni tezlashtirishni so‘ragan.

Ammo Sudan hukumati Rossiyaning Qizil dengiz sohilidagi Port-Sudan hududida harbiy-dengiz bazasi yaratish bo‘yicha taklifini rad etdi.

Rossiya Sudan bilan 2019 yildan beri harbiy baza tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borgan, ammo mamlakatdagi siyosiy beqarorlik va fuqarolik urushi kelishuvni tasdiqlashni murakkablashtirgan. Fevral oyida Rossiyaning Sudandagi elchisi Andrey Chernovol baza yaratish loyihasi noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi, ammo Moskva muzokaralarni davom ettirgan edi.

Rossiyaning Port-Sudanga qiziqishi Suriyadagi harbiy obektlarini yo‘qotish xavfi bilan bog‘liq bo‘lgan. Qizil dengiz sohilidagi harbiy baza Rossiyaga Hind okeanidagi hozirligini kengaytirish va Suvaysh kanalidagi muhim dengiz yo‘llarini nazorat qilish imkonini berar edi.

Moskva Sudanni qo‘llab-quvvatlash uchun zamonaviy harbiy texnika, jumladan, S-400 raketalarini taklif etgan. Biroq Sudan Vashington va uning ittifoqchilari tomonidan salbiy munosabatga duch kelishdan qo‘rqib, bu taklifni rad etgan.

Ukrainaning yangi raketasi

Ukraina muhandislari «Trembita» nomli yangi qanotli raketa yaratdi. U Moskvagacha bo‘lgan masofani qamrab olish qobiliyatiga ega bo‘lib, loyihaga taxminan bir yarim yil vaqt ketgan.

Raketa 200 km masofani yarim soatda bosib o‘tishi mumkin, yangilangan modifikatsiyalari esa strategik obektlarga, jumladan, Moskvaga ham zarba berish uchun mo‘ljallangan. Raketaning jangovar kallagi 20-30 kg atrofida.

«Trembita» raketa dvigateliga ega bo‘lib, uning tannarxi atigi 15 ming dollarni tashkil etadi. Bu raketani Rossiya havo hujumidan himoya tizimini zaiflashtiruvchi qulay qurolga aylantirish bilan birga, Kiyevning ittifoqchilarini qiziqtirishi mumkin.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov raketalar ishlab chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur ishlab chiqilayotganini va 2025 yil boshiga qadar qurol ishlab chiqarish sur’atlari sezilarli darajada oshishini ma’lum qildi.

Tramp Grenlandiyani sotib olmoqchi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish istagini yana bir bor bildirib, uni AQSh nazoratiga o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Ammo Daniya bosh vaziri va Grenlandiya rahbarlari bu taklifni qat’iy rad etishdi.

Grenlandiya — Daniyaning XVI asrdan beri avtonom hududi bo‘lib, 1953 va 1979 yillarda kengroq mustaqillikka erishgan. Orolning bosh vaziri Mute Egede Trampning bayonotiga javoban: «Grenlandiya bizniki va sotilmaydi. Bizning erkinligimiz osonlik bilan qo‘lga kiritilmagan», — dedi.

Tramp orolning strategik ahamiyatini ta’kidlab, uning AQSh va Yevropani bog‘lovchi muhim yo‘nalish ekanligini, shuningdek, u yerdagi nodir metallar texnologik taraqqiyot uchun ahamiyatliligini bildirdi.

Bu Trampning birinchi urinishi emas: 2019 yilda ham orolni sotib olish taklif qilingan, ammo o‘shanda ham Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen buni «absurd» deb atagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: