Janubiy Koreya “o‘ta qari jamiyat” deb tan olindi

Jahon 17:43 / 25.12.2024 3602

Janubiy Koreya rasman “o‘ta qari jamiyatlar” toifasiga kirdi, mamlakatda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar aholining 20 foizini tashkil etmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya Ichki ishlar vazirligiga tayanib, BBC xabar berdi.

Vazirlik ta’kidlashicha, mamlakat umumiy aholisi 51,22 million kishini tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 10,24 million nafari — keksalar.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tasnifiga ko‘ra, 65 yoshdan oshgan aholi ulushi 7 foizdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar “qariyotgan jamiyatlar”, 14 foizdan ortiq bo‘lganlari “qari jamiyatlar”, 20 foizdan ko‘p bo‘lganlari esa “o‘ta qari jamiyatlar” hisoblanadi.

Janubiy Koreyada 2008 yilda keksalar soni 4,94 million kishini tashkil etgan, 2019 yilda 65 yoshdan oshganlarning ulushi 15 foizdan oshgan. 2023 yil boshida bu ko‘rsatkich 19,05 foiz bo‘lgan.

Bundan tashqari, mamlakat dunyodagi tug‘ilish darajasi eng past davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda — 2023 yilda bu ko‘rsatkich atigi 0,72 ni tashkil etdi (me’yorda 2,1 bo‘lishi kerak). Mutaxassislar tug‘ilish darajasining pasayishini ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bog‘laydi.

Vazirlikning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyadagi ayollarning 22 foizga yaqini 65 yosh va undan katta, erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich deyarli 18 foizni tashkil qiladi.

Janubiy Koreya hukumati mamlakatda demografik tendensiyasini ortga qaytarishga jon-jahdi bilan urinmoqda, avvalroq prezident Yun Sok Yol parlamentni “mamlakatdagi favqulodda vaziyat”ga qarshi kurashish uchun yangi vazirlik tashkil etishga ko‘maklashishga chaqirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: