Eron hukumati WhatsApp messenjeri va Google Play ilovalar do‘konini blokdan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda IRNA davlat agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror axborot xavfsizligi bo‘yicha Oliy kengashda ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan. Bloombergʼning yozishicha, 2024 yil iyulda Eron prezidentiga aylangan Mas’ud Pizishkiyon o‘zining saylovoldi kampaniyasida internet-senzurani susaytirishga va’da bergan.
Eronda 2022 yil kuzda Mahsa Aminiy vafotidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari sabab WhatsApp, Google Play, shuningdek, Instagram bloklangan edi. 22 yoshli kurd qiz Mahsa Aminiy 2022 yil 16 sentabrda bosh kiyimni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etgan. Mamlakatda Facebook, X (Twitter) va YouTube 2009 yildayoq bloklangan edi. Shuningdek, Eronda TikTok hamda Telegram ham bloklangan.
Bloombergʼning hisoblashicha, Eron hukumati mamlakat G‘azoda HAMASni, Livanda esa «Hizbulloh»ni qo‘llab-quvvatlagani bois Isroil bilan mojarolar domida qolgani tufayli aholining noroziligi ortib borayotgani fonida cheklovlarning bir qismini olib tashlashga qaror qilgan.