Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi

O‘zbekiston 20:14 / 24.12.2024 3412

Qozon shahridagi Bosh konsulxona sa’y-harakatlari bilan Volgabo‘yi federal okrugi Mordoviya jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan olib borilgan muzokaralar natijasida o‘zbekistonlik bolalarni Mordoviyadagi jazoni ijro etish muassasasi hududida joylashgan bolalar uyidan olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

«Voyaga yetmagan yurtdoshlarimiz diplomatlar, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va mamlakatimiz tibbiyot xodimlari hamrohligida qabul qilib olindi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan bolalar uyidan o‘zbekistonlik yosh bolalarni repatriatsiya qilish tadbiri amaliyotda birinchi marta amalga oshirildi.

Avvalroq Novosibirskda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yosh oila O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Pekindagi elchixonasi diplomatlarining sa’y-harakatlari bilan XXRda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: