Quvondiq Sanoqulov O‘zbekiston Gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 24 dekabr kuni qo‘mitada Sport vazirligi va MOQ rahbariyati ishtirokida mamlakat Gandbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etilgan.
Tadbirda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulov nomzodi O‘zbekiston Gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surilgan. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qullagan va u mamlakat Gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylangan.
Quvondiq Sanaqulov 2008 yildan beri Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbari lavozimida ishlab keladi. U O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi ham hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov Suzish federatsiyasi raisi etib saylandi.
MOQda tashkil etilgan tadbir davomida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan so‘nggi yillarda hududlarda suv sporti turlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Toshkent shahrida jahon standartlariga mos keladigan 50x25 metr o‘lchamdagi havzalar foydalanishga topshirilgan. Qashqadaryoda ayni paytda navbatdagi obekt – zamonaviy suv sport turlari saroyi qad rostlayotgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida yana bir suzish havzasi qurilishi loyihalashtirilmoqda.
Federatsiyaning avvalgi rahbari Quvondiq Sanoqulov mamlakat Gandbol federatsiyasi boshqaruviga o‘tgani va yuqoridagi jihatlarni inobatga olgan holda, suzish federatsiyasi rahbari lavozimiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov nomzodi ilgari surilgan va tadbirda qatnashgan delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qullagan.
Qudratilla Rafiqov 2016 yil dekabrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari etib saylangan. U ham Oliy Majlis Senati a’zosi hisoblanadi, 2017 yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 2021 yilda esa «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.