Isroilning «Mossad» razvedka xizmatining ikki sobiq xodimi Amerikaning CBS telekompaniyasiga Livandagi «Hizbulloh» guruhining peyjerlari va ratsiyalari portlatilishi bilan bog‘liq amaliyot qanday tayyorlangani va amalga oshirilgani haqida so‘zlab berishdi. Ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari portlovchi modda joylashtirilgan ratsiyalarni o‘n yil davomida ko‘tarib yurishgan.
Joriy yil 17 sentabr kunida minglab peyjerlar portlagan bo‘lsa-da, suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot ratsiyalardan boshlangandi.
«Mossad» xodimlaridan birinchisi, o‘zini Maykl deb atagan shaxs (ularning ikkisi ham efirga niqob taqib, qorong‘ilikda o‘tirgan holda, o‘zgartirilgan ovoz hamda to‘qima ism bilan chiqqan) «Mossad» keyinroq «Hizbulloh»ga sotilgan ratsiyalarning batareyasiga portlovchi zaryadlarni joylashtirganini aytib bergan.
Bu 16 ming ratsiyani «Hizbulloh»ga sotish uchun «Mossad soxta firma ochgan va «Hizbulloh»ga „ yaxshi narx“ taklif qilgan».
«Bizda kelib chiqishini hech qanaqasiga aniqlab bo‘lmaydigan xorijiy kompaniyalar yaratish uchun ajoyib imkoniyatlar spektri mavjud, — degan Maykl. — Soxta kompaniya ortida boshqa bir soxta kompaniya turadi […] Biz o‘ylab topilgan dunyoni yaratamiz. Biz — jahon kinostudiyasimiz. Biz senariylarni yozamiz, biz — rejissyorlarmiz, biz — prodyuserlarmiz, biz — yetakchi aktyorlarmiz, va butun dunyo — bizning sahna».
Ammo ratsiyalardan, Syujyet muallifi CBS efirida tushuntirishicha, «Hizbulloh» vakillari faqat jangovar sharoitlarda foydalangan, ya’ni istalgan vaqtda minglab qurilmalarni egalari bilan birgalikda portlatishning imkoni bo‘lmagan va «Mossad» ularga minalashtirilgan peyjerlarni ham sotishga qaror qilgan.
«Mossad»ning o‘zini Gabriel deb atagan boshqa bir sobiq xodimi peyjerlar amaliyoti 2022 yilda boshlanganini aytadi.
Peyjerga portlovchi moddalarni o‘rnatish uchun isroilliklar Tayvanning Gold Apollo firmasining original mahsulotini kattalashtirishi talab etiladi.
«Men direktorimiz oldiga kirib, uning stoliga [peyjerning yangi modifikatsiyasini] qo‘ygan kunimni unutmayman. U g‘azab otiga mingandi — deydi Gabriel. — U aytdi: hech kim hech qachon bunday katta devaysni sotib olmaydi! Uni cho‘ntakda olib yurish noqulay! U og‘ir! Bu bo‘lmaydi! Ket va boshqa variant bilan qayt».
Gabrielning so‘zlariga ko‘ra, u ikki hafta davomida direktorni ularning yangi peyjeri «xunuk bo‘lsa ham, o‘ziga xos bezagi borligi»ga ishontiradi. Yakunda baribir ko‘ndiradi.
Isroilliklar yonidagi odamlarni emas, faqat qurollangan jangchining o‘zini yarador qilish uchun qancha gramm portlovchi modda zarurligini aniqlab olish maqsadida qo‘lqopiga peyjer o‘rnatilgan manekenlar bilan test o‘tkazadi.
«Terrorchi knopkani bosganida, faqat uning o‘zi yaralanadi. Hatto rafiqasi va bolalari yonida bo‘lsa ham, ular jabrlanmaydi — faqat terrorchining o‘zi», — deydi Gabriel.
«Atrofdagilarga zarar minimal darajada bo‘lishini kafolatlash uchun biz barchasini ikki marta, uch marta, ko‘p marta tekshirib ko‘rganmiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.
«Mossad» xodimlari ringtonlarni maxsus sinovdan o‘tkazib, peyjer egasi albatta xabarni tekshirib ko‘rishi uchun yetarli darajada xavotirli va buni talab qiladigan qo‘ng‘iroq ohanglarini tanlashgan.
Bundan tashqari, ular peyjerdagi xabarga javob berish uchun uning egasi qancha vaqt sarflashini hisoblab chiqishgan —bu o‘rtacha yetti soniya bo‘lgan.
«Truman shousi»
Keyin «Mossad» tomonidan tuzilgan vositachi firma videoroliklar va boshqa barcha vositalar orqali keng ko‘lamli reklama kampaniyasini yuritishgan: ular «Hizbulloh»ni boshqalariga qaraganda kattaroq hajmda bo‘lsa-da, o‘z peyjerlari mustahkam va suvdan ham, changdan ham qo‘rqmasligiga ishontirishgan.
Gabrielning so‘zlariga ko‘ra, reklama kampaniyasi juda muvaffaqiyatli chiqqan: ular «Hizbulloh»dan boshqa salohiyatli xaridorlardan ham so‘rovlar olishgan.
«Biz, albatta, hech kimga hech narsa sotmadik. Biz ularni qimmat narxlar bilan qaytardik», — degan Gabriel.
Peyjerlarni aynan «Hizbulloh»ga sotish uchun «Mossad» tomonidan Vengriyada tuzilgan soxta vositachi firma «Hizbulloh» oldindan hamkorlik qilib kelgan Gold Apollo kompaniyasining sotuvlar bo‘yicha menejerini yollagan. U guruhga eskilari o‘rniga yaxshilangan variantni sinab ko‘rish uchun yangi peyjerlarning ilk partiyasini tekinga taklif qilgan.
«Barchasi „Truman shousi“ filmidagidek edi, biz barchasini sahna ortidan nazorat qilardik. Ularning [«Hizbulloh»ning] nazdida barchasi joyidadek, barchasi yuz foizga tozadek edi: biznesmenlar, marketing, muhandislar, shourum — barchasi», — deya o‘zini maqtaydi Gabriel. Original peyjerlar ishlab chiqaruvchisi, Tayvanning Gold Apollo kompaniyasidagilar ham, albatta, o‘z mahsulotini «Mossad»ga sotganidan bexabar edi».
2024 yil sentabriga kelib «Hizbulloh»da allaqachon 5000 dona «mustahkam, suvga chidamli», bir necha gramm kuchli portlovchi moddalar bilan og‘irlashtirilgan peyjerlar bor edi.
17 sentabr kuni, «iks soat» kelganida, «Mossad» ularga ekranda «Siz shifrlangan xabar oldingiz» yozuvi bilan ko‘rinadigan xabarlar yuboradi. Shifrlangan xabarni ochish uchun bu peyjerlarda bir vaqtning o‘zida ikki knopkani bosish talab etilardi, ya’ni peyjer egasi buning uchun qurilmani ikki qo‘lda ushlab, katta ehtimol bilan yuziga yaqin keltirishi kerak bo‘lardi.
Agar ular bunday qilmasa ham peyjer baribir portlardi, deydi Gabriel.
«Maqsad «Hizbulloh» terrorchilarini o‘ldirishda emasdi, — deya izohlaydi Gabriel. — Agar u o‘lsa, shunchaki o‘ladi. Ammo agar u yaralansa, uni shifoxonaga olib borish, davolash, buning uchun mablag‘ va kuch sarflash kerak bo‘ladi. Va Livanda yashovchi qo‘lsiz va ko‘zsiz bu odamlar jonli eslatmaga aylanadi: biz bilan hazillashmang! Ular — biz Yaqin Sharqdagi barchadan kuchliroq ekanimizning jonli dalillari bo‘ladi».
«Xavfsizlik boshqalarning roziligidan muhimroq»
Peyjerlar portlashi, keyingi kuni ratsiyalar bilan bu takrorlanishi oqibatida «Hizbulloh»ning o‘nlab a’zolari halok bo‘lib, minglab kishi yaralanadi.
Isroilning muxoliflari jabrlanganlar orasida jangchi bo‘lmaganlar ham bo‘lganiga e’tibor qaratib, isroilliklarni tinch aholini ajratmasdan hujum qilishda ayblagan.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk bu amaliyot xalqaro gumanitar huquqni buzish va harbiy jinoyat deb hisoblanishini aytgan.
«Isroil dunyodagi o‘z obro‘si haqida o‘ylashi kerak emasmi?» — deya Gabrieldan so‘raydi CBS boshlovchisi.
«Albatta. Ammo bu yerda gap prioritetlarda. Minglab xalqing o‘ldirilmasligi uchun ularni himoya qilish birinchi o‘rinda. Reputatsiya — keyin», — deya javob qaytargan Gabriel.