Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi

O‘zbekiston 18:48 / 24.12.2024 2762

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rejalariga ko‘ra, kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.

Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi.

Qayd qilinishicha, bu yil 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy etildi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.

O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan balliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.

Davlat rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi. Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi. Viloyatlardagi 5 ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.

Ta’lim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qo‘shimcha manbalar hisobidan, maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.

Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi. Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta ta’lim maskanida «Jasorat maktabi» tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadi.

2025 yildan boshlab, maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.

Keyingi yil 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.

Prezident sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy ta’lim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: