“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi

Jahon 15:12 / 24.12.2024 3818

AQShning saylangan prezidenti Panama kanalidagi tranzit to‘lovini tushirishni talab etib, Xitoyning bu suv yo‘lida ekanidan noroziligini bildirdi. U shartnoma shartlariga amal qilinmasa, Amerika qurgan bu kanalni qaytarib olish bilan tahdid qildi. Panama prezidenti esa bu davlat suvereniteti bilan bog‘liq masala ekanini eslatdi.

“Welcome to the united states Canal” – AQSh kanaliga xush xush kelibsiz”. 22 dekabr kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifalarida shu postni qoldirdi. Siyosatchi bu bilan Panama kanalini AQShga qaytarishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, saylangan prezident Panamadan Amerika harbiy va savdo kemalarining Panama kanali orqali o‘tishi uchun tranzit to‘lovlarini pasaytirishni talab qildi. Aks holda u kanalni AQShga qaytarish bilan tahdid qilmoqda. Aslida ushbu kanalni Qo‘shma Shtatlar qurgan, uning uzunligi 51 milya yoki 82 kilometr va kanalni qurish ishlari 1914 yilda yakunlangan.

Sobiq prezident Jimmi Karter imzolagan shartnomaga muvofiq, 1999 yilga kelibgina bu kanal Panamaga berilgan. Ayni shu qarorni Tramp ahmoqona deb atayapti. Uning ta’kidlashicha, Panama kanali AQSh uchun hayotiy ahamiyatga ega, u davlat iqtisodiyoti va milliy xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi. Tramp ayni davrda Xitoyning ham Panama kanalidan foydalanayotganidan norozi ekanini bildirgan. Bu kanalni topshirish bo‘yicha bitim shartlariga zid ekanini qo‘shimcha qilgan.

“U kimningdir manfaati uchun emas, balki biz va Panama bilan hamkorlik belgisi sifatida topshirilgan. Agar ushbu xayr-ehsonning ham axloqiy, ham huquqiy tamoyillariga rioya qilinmasa, biz Panama kanalining savol-javobsiz to‘liq qaytarilishini talab qilamiz” – Donald Tramp

Prezident Jimmi Karter rahbarligi davrida bu kanal bir dollar evaziga berib yuborilganida uni faqat Panamaning o‘zi boshqarishi kerak edi, Xitoy yoki boshqa davlat emas, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Aytib o‘tish kerakki, rostdan ham AQSh kanalning eng yirik foydalanuvchisi bo‘lib, har yili tranzit yuklarining qariyb 4 dan bir qismi shu kanaldan o‘tadi. Tranzit oqimining 70 foizdan ortig‘i AQSh portlariga yoki ulardan yo‘naltiriladi.

Trampning kanalni qaytarib olish bilan qilgan tahdidiga Panama prezidenti Xose Raul Mulino javob qaytardi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kanal Panamaga tegishli va mamlakat tarixining bo‘lagi hisoblanadi. Davlat mustaqilligi va suvereniteti muzokara mavzusi bo‘lishi mumkin emas, deydi Panama rahbari.

“Panama kanalining har bir metri Panamaga tegishli va shunday bo‘ladi. Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligi muhokama mavzusi bo‘lishi mumkin emas” – Panama prezidenti Xose Raul Mulino

Bunga javoban esa Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida kinoya kesatiq bilan ko‘ramiz, AQSh kanaliga xush kelibsiz, deb yozdi.

Bir narsa haqiqatki, Panama kanali to‘liq Panama davlati hududida qurilgan. Ushbu kanal xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim transport suv yo‘llaridan biri hisoblanadi. Panama Tinch okean ko‘rfazini Karib dengizi va Atlantika okeani bilan bog‘laydi. Amerikalik ma’murlar kanalni qurgandan keyin 1999 yilgacha uni boshqarish huquqini o‘zida saqlab qolgan.

Bugungi kunda kanaldan o‘tayotgan yuklarning asosiy qismi AQShga tegishli. 2024 yilda Amerika kemalari orqali 160 million tonna yuk tashilgan va bu kanal mijozlarining to‘rtdan uch qismi degani. Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda Xitoy turadi. Yuk tashishda keyingi o‘rinlar Yaponiya va Janubiy Koreyaniki. Biroq uzoq davom etgan qurg‘oqchilik ta’minot zanjiriga ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa inflatsiyaning o‘sishiga olib keldi. Panama davlatining daromadi yildan yilga pasayib, 2024-moliya yilida 2,47 milliard dollarni tashkil etgan.

Tarixan ma’lumki, dastavval kanalni Fransiya qurmoqchi bo‘lib, AQShdan avval 1881 yilda ishlarni boshlangan. Biroq muhandislik muammolari va ishchilar o‘limi bilan bog‘liq vaziyat ortidan qurilish ishlarini to‘xtatgan. 1904 yilda esa AQSh bu loyihani bo‘yniga oldi va 10 yildan keyin kanal qurilishini yakunladi. O‘sha davrda kanaldan mingta kema o‘tardi, 2008 yilga kelib 14 702 taga yetdi. Kanalni kesib o‘tish uchun 11 yarim soat kerak bo‘ladi. Amerika qurilish muhandislari Panama kanalini mo‘jiza deya ataydi.

Ko‘proq yangiliklar: